Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezident yangi farmonni imzoladi

Prezident yangi farmonni imzoladi

Prezident sanoat sohasida boshqaruvni takomillashtirishga oid farmonni imzoladi.

Unga ko‘ra, davlat sanoat siyosatini yuritish vazifasi Iqtisodiyot va moliya vazirligiga yuklatiladi. Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi esa mahalliy sanoatni rivojlantirish, investitsiya, eksport, mahalliylashtirish hamda sanoat zonalariga mas’ul bo‘ladi.

Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi markaziy apparatining 45 ta shtat birligi Iqtisodiyot va moliya vazirligiga o‘tkaziladi.

Viloyat, tuman va shahar iqtisodiyot va moliya boshqarmalari hamda bo‘limlarida sanoatni rivojlantirish va iqtisodiyotning resurslar bilan ta’minlanganligini tahlil qilish yig‘ma bo‘limlari tashkil etiladi. Ularning shtat birliklari Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hududiy bo‘linmalari shtat birliklarini qisqartirish hisobiga shakllantiriladi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzurida Yashil iqtisodiyot loyihalari markazi loyiha ofisi tashkil etildi. U «issiqxona gazlari savdosi» sohasida davlat tomonidan tartibga solish hamda xalqaro hamkorlik bo‘yicha ishchi organ hisoblanadi.

«O‘zkimyosanoat» AJning kimyo korxonalaridagi aksiyalar paketi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi hamda O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasiga o‘tkaziladi. Jumladan, Dehqonobod kaliy zavodi aksiyalarining 53,37%i Davaktivga, 46,63%i O‘TTJ (FRRU)ga, «Kimyotrans-logistik» MChJ, «Hamkor-kimyoservis» MChJning to‘liq ulushi, Qo‘ng‘irot soda zavodining 49%i, «Kimyotrans» MChJning 25% ulushi Davaktivga beriladi.

Idoralararo tarif komissiyasi mamlakatdagi GESlar tomonidan ishlab chiqariladigan elektr energiyasi xarid tariflarini «O‘zgidroenergo» AJ investitsiya dasturlarini moliyalashtirish uchun yetarli miqdorda tasdiqlaydi. Tariflarni shakllantirishning amaldagi tartibi bekor bo‘ladi.

Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi faoliyatini qayta tashkil qilish bo‘yicha farmon loyihasi ishlab chiqiladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring