Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezident favqulodda holat to‘g‘risidagi qonunni imzoladi

Prezident favqulodda holat to‘g‘risidagi qonunni imzoladi

Foto: Prezident matbuot xizmati

«Favqulodda holat to‘g‘risida»gi qonun prezident tomonidan imzolandi.

Hujjat quyidagi asosiy qoidalarni joriy etishga qaratilgan. Unga ko‘ra, favqulodda holat quyidagi hodisalar sodir bo‘lganida joriy etilishi belgilanmoqda:

  • real tashqi xavf, O‘zbekistonning konstitutsiyaviy tuzumini va (yoki) hududiy yaxlitligini zo‘rlik bilan o‘zgartirishga urinishlar, ommaviy tartibsizliklar, terrorchilik harakatlari, shuningdek, zo‘ravonlik harakatlari bilan bir vaqtda yuz beradigan, fuqarolarning hayotiga, sog‘lig‘iga va xavfsizligiga, davlat organlarining, boshqa tashkilotlarning kundalik faoliyatiga bevosita tahdid soluvchi o‘ta muhim hamda toifalangan ob’yektlarni yoki ayrim joylarni to‘sish yoki bosib olish, qonunga xilof qurolli tuzilmalarni tayyorlash, millatlararo, konfessiyalararo va chegaraviy nizolar;
  • keng qamrovli avariya-qutqaruv ishlari va boshqa kechiktirib bo‘lmaydigan ishlar amalga oshirilishini talab etadigan yirik halokatlar, tabiiy ofatlar, epidemiyalar, ekologik hamda boshqa favqulodda vaziyatlar;
  • favqulodda holat prezident farmoni bilan respublikaning butun hududida yoki alohida ma’muriy hududlarida joriy etilishi, mazkur farmon 3 sutka mobaynida Oliy Majlis palatalariga kiritilishi va ularning qo‘shma majlisida tasdiqlanishi qayd etilmoqda;
  • O‘zbekistonning butun hududida joriy etilgan favqulodda holatning amal qilish muddati 30 sutkadan, uning alohida ma’muriy hududlarida joriy etilgan favqulodda holatning amal qilish muddati 60 sutkadan oshishi mumkin emasligi belgilanmoqda;
  • favqulodda holatning amal qilish davrida tegishli choralar va vaqtinchalik cheklovlar qo‘llanilishi mumkinligi nazarda tutilmoqda;
  • respublikaning butun hududida joriy etilgan favqulodda holat amal qilishining butun muddati davomida saylov va referendum o‘tkazilmasligi belgilanmoqda;
  • prezidentning favqulodda holat joriy etish to‘g‘risidagi farmoniga zid bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlar va davlat boshqaruvi organlarining boshqa hujjatlari amal qilishini to‘xtatib turishga haqliligi nazarda tutilmoqda;
  • prezident farmoniga muvofiq favqulodda holat rejimini ta’minlash bo‘yicha maxsus davlat organlari (davlat komissiyasi va hudud komendaturasi) tuzilishi nazarda tutilmoqda va ularning vakolatlari belgilanmoqda;
  • favqulodda holat sharoitida jismoniy va yuridik shaxslar huquqlarining kafolatlari belgilanmoqda.

Xususan:

  • avariya-qutqaruv va boshqa kechiktirib bo‘lmaydigan ishlarni amalga oshirish va ta’minlash uchun jalb etilgan shaxslar mehnatiga haq to‘lash kafolatlanmoqda;
  • jabrlangan shaxslarga Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan shartlar va tartibda turar joylar berilishi, yetkazilgan moddiy zarar qoplanishi, ishga joylashishda ko‘mak berilishi va zarur yordam ko‘rsatilishi qayd etilmoqda;
  • jismoniy kuch ishlatishning, maxsus vositalarni, jangovar va maxsus texnikani hamda o‘qotar qurolni qo‘llashning qonunchilikda belgilangan shartlari va chegaralari favqulodda holat sharoitlarida o‘zgartirilmasligi belgilanmoqda;
  • komendantlik soati qoidalarini buzgan shaxslar komendantlik soatining oxirigacha, shaxsini tasdiqlovchi hujjatga ega bo‘lmagan shaxslar esa – ularning shaxsi aniqlangunga qadar, biroq 24 soatdan ortiq bo‘lmagan muddatga ichki ishlar organi boshlig‘ining qarori bilan ushlab turilishi nazarda tutilmoqda.
Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring