Prezident hokkeychilarimiz va yengil atletikachilarimizni tabrikladi

O‘zbekistonning hokkey bo‘yicha terma jamoasi birinchi marta jahon chempionatida ishtirok etib, o‘z divizionida g‘olib bo‘ldi va 3-divizion yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Yengil atletikachilarimiz esa Osiyo chempionatida (U18) ikkinchi o‘rinni egallashdi. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ularni tabriklab, sportchilarning ota-onalari, ustoz va murabbiylariga minnatdorlik bildirdi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.

Hokkey bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi Armanistonda o‘tkazilgan jahon chempionatida o‘z divizionida g‘olib bo‘lib, kelgusi mavsumda uchinchi divizionda qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi. Bundan oldin, mart oyida Tailandda bo‘lib o‘tgan 18 yoshgacha bo‘lgan hokkeychilar o‘rtasidagi jahon chempionatida ham terma jamoamiz g‘alaba qozongan edi.
Saudiya Arabistonida o‘tkazilgan 18 yoshgacha bo‘lgan sportchilar o‘rtasidagi yengil atletika bo‘yicha Osiyo chempionatida yurtdoshlarimiz 12 ta — 3 ta oltin, 5 ta kumush va 4 ta bronza medalini qo‘lga kiritib, o‘z tarixida birinchi marta umumjamoa hisobida ikkinchi o‘rinni egalladi.
«Bu yutuqlar, eng avvalo, yigit-qizlarimizning tinimsiz mehnati, yuksak mahorati, mustahkam irodasi va matonati tufaylidir. Bunda sport sohasiga qaratilayotgan e’tibor va tizimli davlat siyosatining ham alohida o‘rni borligini ta’kidlash joiz. Mamlakatimizda sport infratuzilmasi sezilarli darajada yaxshilandi, yangi maktablar ochilmoqda, sportchilarning professional rivojlanishi uchun shart-sharoitlar yaratilmoqda. Davlat rahbari hokkeychi va yengil atletikachilarni yuksak zafarlar bilan tabriklab, ota-onasi, ustoz va murabbiylariga samimiy minnatdorlik izhor etadi», — deyiladi xabarda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter