Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezident olimlar bilan muloqot qildi

Prezident olimlar bilan muloqot qildi

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 31-yanvar kuni Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasiga tashrif buyurib, olimlar, yosh tadqiqotchilar, ishlab chiqarish vakillari va ilmiy-tadqiqot muassasalari rahbarlari bilan uchrashdi.

Mamlakatimizda ilm-fanni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda, joriy yilda esa, hammamizga ma’lum, yil nomiga munosib ravishda bunday e’tibor kuchaytiriladi. Sohadagi dolzarb masalalar hal etilib, ilmiy-tadqiqot faoliyati qo‘llab-quvvatlanadi. Yangi ilmiy muassasalar va yo‘nalishlar tashkil etilishi shular jumlasidan.

2019-yil 29-oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasining «Ilm-fan va ilmiy faoliyat to‘g‘risida»gi qonuni qabul qilindi. Uni hayotga tatbiq etishning amaliy platformasini yaratish maqsadida Fan va texnologiyalar bo‘yicha respublika kengashi tashkil etildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Fanlar akademiyasi va uning institutlariga «yangidan hayot baxsh etish» natijasida tizimdagi ilmiy muassasalar soni 20 tadan 35 taga yetdi. Akademiyaga saylovlar qayta tiklandi. Innovatsion rivojlanish vazirligi tashkil etildi, bir qator innovatsiya markazlari, ilmiy klaster va texnoparklar faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

O‘tgan uch yilda ilm-fan sohasini moliyalashtirish 4 karra ko‘paydi. Ilmiy xodimlarni moddiy rag‘batlantirish maqsadida ularning ish haqlari 3 barobar oshirildi. Fan doktori va nomzodlari uchun alohida ustama haq belgilandi.

Joriy yildan Fanlar akademiyasi tizimidagi tashkilotlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri davlat budjetidan moliyalashtirishga o‘tkazildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Bugungi uchrashuvda davlatimiz rahbari ilm-fan vakillarini moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash bundan keyin ham izchil davom ettirilishini ta’kidladi.

– Endi olimlarimiz ham mas’uliyatni chuqur his qilgan holda, tadqiqotlarning amaliy natijalari bilan tegishli sohalar rivojiga munosib hissa qo‘shishlari lozim. Nufuzli akademiklardan ham, ilm-fan sohasiga ilk qadam qo‘yayotgan yosh olimlardan ham katta shijoat va amaliy natijadorlik qilish talab etiladi, – dedi Prezident.

Uchrashuvda matematika, kimyo-biologiya va geologiya ilmini rivojlantirish, kelgusi yillardagi taraqqiyot yo‘nalishlarini belgilash to‘g‘risida ochiq muloqot bo‘lmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring