Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezident paralimpiyachilarga mukofotlarni topshirdi (foto)

Prezident paralimpiyachilarga mukofotlarni topshirdi (foto)

Foto: Prezident matbuot xizmati.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 13-sentyabr kuni XVII yozgi Paralimpiya o‘yinlari g‘olib va sovrindorlari bilan uchrashdi.

Tadbirda Milliy Paralimpiya qo‘mitasi va sport federatsiyalari rahbarlari, murabbiylar, sportchilarning ota-onalari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.

Ma’lumki, mazkur musobaqa 28-avgustdan 8-sentyabrgacha Fransiya poytaxti Parij shahrida bo‘lib o‘tdi. Unda 168 ta davlatidan 4 ming 400 ga yaqin paralimpiyachilar qatnashdi. O‘zbekistondan 9 ta sport turi bo‘yicha 65 nafar yigit-qiz ishtirok etdi.

Olimpiadada bo‘lganidek, Paralimpiya o‘yinlarida ham mamlakatimiz uchun yutuqlar, rekordlar ko‘p bo‘ldi. Vakillarimiz 10 ta oltin, 9 ta kumush, 7 ta bronza – jami 26 ta medalni qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida dunyoda 13-o‘rinni, Osiyo qit’asida 3-o‘rinni, turkiy va islom mamlakatlari hamda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi bo‘yicha 1-o‘rinni egalladi.

Prezident sport jamoatchiligini ushbu natijalar bilan xalqimiz nomidan tabriklab, nutq so‘zladi.

 – Paralimpiya o‘yinlari – bu chinakam iroda, jasorat va matonat, ezgulik va gumanizm namoyishi. Siz yuksak marralarni egallab, musobaqalarning haqiqiy qahramonlariga aylandingiz. O‘zbekiston o‘z sport tarixida ko‘p-ko‘p yutuq va zafarlarni ko‘rgan. Lekin Paralimpiya o‘yinlarida bunday rekord natija ilgari bo‘lmagan edi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Qayd etilganidek, Yaponiyada bo‘lib o‘tgan avvalgi paralimpiadadan so‘ng kelgusi safar kuchli o‘n beshta davlat qatoriga kirish maqsad qilingan edi. O‘tgan yillar davomida bu yo‘lda katta tayyorgarlik ko‘rildi. Ijtimoiy davlat tamoyiliga muvofiq, nogironligi bo‘lgan sportchilarga barcha sharoitlar ta’minlab berildi. Niyat ortig‘i bilan ijobat bo‘lib, mamlakatimiz dunyoda 13-o‘rinni egalladi.

Jumladan, yadro uloqtirish bahslarida oltin medal olgan Husniddin Norbekov uch karra paralimpiya chempioni bo‘ldi. Yana bir yadro uloqtiruvchimiz Bobirjon Omonov va dzyudochi Sherzod Namozov ikkinchi bor bunday g‘oliblikka sazovor bo‘ldi.

Disk uloqtirish bo‘yicha mohir sportchi Tolibboy Yo‘ldoshev biryo‘la ikkita marrani zabt etib, ham oltin, ham bronza medalni qo‘lga kiritdi. Ikki karra paralimpiya chempioni Yorqinbek Odilov nayza uloqtirish bo‘yicha Osiyo rekordini yangiladi. Shuningdek, Asadbek Toshtemirov taekvondo, Qudratullaxon Ma’rufxo‘jayev va Elbek Sultonov yadro uloqtirish bahslarida g‘alaba qozondi.

Bu yilgi o‘yinlardagi medallarning 11 tasini qizlarimiz qo‘lga kiritgani diqqatga sazovor. Asila Mirzayorova uzunlikka sakrash, Nurxon Qurbonova nayza uloqtirish bo‘yicha paralimpiya chempioni bo‘ldi. Ular o‘z natijalari bilan ushbu o‘yinlardagi va jahon miqyosidagi rekordlarni ham yangiladi. 15 yashar Shahinaxon Yigitaliyeva kumush medalni qo‘lga kiritib, paralimpiya o‘yinlaridagi eng yosh sovrindor sifatida tarixga kirdi. Ro‘za Qo‘ziyeva pauerlifting bo‘yicha ikkinchi o‘rinni egalladi.

Yana bir e’tiborli jihati, taekvondo bo‘yicha terma jamoamiz birinchi marta Paralimpiya o‘yinlarida 3 ta medalni qo‘lga kiritdi va umumjamoa hisobida 3-o‘rinni egalladi. Yengil atletika bo‘yicha vakillarimiz esa birinchi marta 8 ta oltin medalni, ya’ni eng yuqori sovrinlarning 80 foizini o‘ziniki qildi.

Davlatimiz rahbari muzaffar sportchilarimizni nomma-nom tilga olib, matonatli g‘alabalarini e’tirof etdi. Bu gal biroz omad yetishmay, medal ololmaganlarni ham qo‘llab-quvvatlab, kelgusi musobaqalarda zafar yor bo‘lishini tiladi.

– Sizlar erishgan bu ulkan zafarlar Olloh taoloning chinakam mo‘’jizasi bo‘lgan inson zoti qanday beqiyos imkoniyatlarga, qanday tengsiz qudratga ega ekanini yana bir bor yaqqol namoyon etdi. Chindan ham, bu hayotda ko‘p narsani hal qiladigan omil – bu yuksak iroda va matonatdir. Lekin odamning qalbiga mana shunday iroda va matonatni singdirish, uni tarbiyalab, kamolga yetkazish – bu albatta oson ish emas. Siz, aziz farzandlarim bugungi g‘alaba shohsupasiga yetib kelgunga qadar qanday uzoq, og‘ir va mashaqqatli yo‘lni bosib o‘tganingizni men o‘zimga yaxshi tasavvur qilaman. Bu olis yo‘lda goho turli sinov va muammolar, shubha-gumonlar, ishonchsizlik, iztirob va armonlar ham sizlarni qiynaganini, qancha-qancha uzun tunlarni uxlamasdan, bedor o‘tkazganingizni ham yaxshi bilaman. O‘z oldingizga qo‘ygan maqsadga erishish yo‘lida sizlarning boshqalarga qaraganda o‘n marta, balki yuz marta ko‘proq mehnat qilishingizga, mashaqqat chekishingizga to‘g‘ri kelganini ham men yaxshi anglayman. Mana shunday murakkab damlarda sizlarning yuragingizga umid va ishonch, qat’iyat va jasorat tuyg‘usini bag‘ishlagan, sizlar bilan yonma-yon turib, sizlarni doimo qo‘llab-quvvatlab, zafarli marralar sari ruhlantirgan fidoyi insonlar bor. Bular – avvalo sizlarning mehribon ota-onalaringiz, yaqinlaringiz, jigarlaringizdir, – dedi Prezident.

Shu munosabat bilan marosimda qahramon sportchilarning qahramon ota-onalari, oila a’zolari ham olqishlandi.

Davlatimiz rahbari tajribali murabbiylar, psixolog va boshqa mutaxassislarga ham tashakkur izhor etdi.

– O‘zbekistonning o‘z matonat maktabi, shon-sharaf maktabi bor. Bu maktabning chinakam bunyodkorlari sizlar, desak, ayni haqiqat bo‘ladi. Sizlarning sportdagi, hayotdagi yutuqlaringiz yoshlarimiz uchun kuch-g‘ayrat manbai, matonat va ibrat namunasi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yurtimizda sportni rivojlantirishda imkoniyati cheklangan shaxslar ham qo‘llab-quvvatlanib, ularga inklyuziv sharoitlar yaratilmoqda. Bu borada Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamda Adaptiv sport turlari assotsiatsiyasi ko‘p ishlar qilmoqda.

Prezidentimiz kelgusida nogironligi bo‘lgan shaxslar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan sport turlarini yanada kengaytirish, ularning jamiyatga ijtimoiy moslashuvini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilishini ta’kidladi.

Uchrashuvda 2028 yilda Los-Anjelesda bo‘ladigan Paralimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi.

Avvalo, yanada ko‘proq sport turlari bo‘yicha qatnashish, tayyorgarlik va natijadorlik yuqori bo‘lishi uchun aniq strategiya asosida ish olib borish zarurligi ta’kidlandi. Xususan, tibbiy ko‘riklar, farmokologiya va diyetologiya rivojlantiriladi. Paralimpiyachilar bilan ishlaydigan psixologlar faoliyatini rag‘batlantirish yo‘lga qo‘yiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 12 sentyabrdagi farmoniga muvofiq, Parij shahrida bo‘lib o‘tgan XVII yozgi Paralimpiya o‘yinlarida yuksak natijalarga erishgan sportchi va murabbiylardan bir guruhi faxriy unvon, orden va medallar bilan taqdirlangan edi.

Tadbirda ana shu yuksak mukofotlar tantanali ravishda topshirildi.

– Sizlar taqdirning har qanday sinovlariga qaramasdan, faqat g‘alabaga intiladigan insonlarsiz. Intilgan, harakat qilgan odam ham, jamiyat ham kam bo‘lmaydi. Mana shunday fazilatlaringiz yanada ziyoda bo‘lsin, sizlarga doimo baxt va omad keltirsin, – dedi Prezident.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring