Prezident «Sirdaryo» EIZdagi korxonalar faoliyati bilan tanishdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev «Sirdaryo erkin iqtisodiy zonasida faoliyat yuritayotgan «Invest Asia» korxonasida bo‘ldi.
Korxona qadoqlash mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha Markaziy Osiyoda yetakchilardan biri hisoblanadi. Hozirda ichki bozordagi polipropilen qop va yumshoq konteynerlarning 60 foizi, stretch plyonkalarning 40 foizi aynan shu korxona hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.
Majmua 60 gektar maydonda barpo etilgan bo‘lib, hozirgi paytda 2,5 mingga yaqin ish o‘rni yaratilgan.
Qadoqlash mahsulotlari oziq-ovqatdan tortib, farmatsevtika, sanoat, qurilish va maishiy kimyogacha bo‘lgan ko‘plab sohalar uchun zarur. Ularning sifati mahsulotning xavfsiz saqlanishi, transportirovkasi va bozorga o‘z vaqtida yetkazilishiga bevosita ta’sir qiladi. Shuning uchun ham bunday mahsulotlarni o‘zimizda ishlab chiqarish import xarajatlarini kamaytiradi, ichki bozor barqarorligini ta’minlaydi va ishlab chiqaruvchilar uchun xarajatlarni sezilarli qisqartiradi.
«Invest Asia» korxonasining yana bir muhim jihati uning mamlakatda bioaksal yo‘naltirilgan polipropilen plyonka ishlab chiqaradigan yagona korxona ekanidir. Bu plyonka turi eng ommabop qadoqlash materiallaridan biri bo‘lib, qattiq va yengilligi bilan ajralib turadi.
Joriy yilning o‘n oyida korxonada 1,9 trillion so‘mlik mahsulot tayyorlangan, 23 million dollarlik eksport amalga oshirilgan. Avstriya, Germaniya, Italiya, Xitoy va AQSh kabi davlatlarda ishlab chiqarilgan yuqori texnologiyali uskunalardan foydalanilmoqda.
Prezidentimiz korxonada amalga oshirilayotgan texnologik jarayonlarni ko‘zdan kechirdi, ishchilar bilan muloqot qildi. Kelgusi rejalar bilan tanishdi.
Shuningdek, yil yakuniga qadar bu yerda Markaziy Osiyodagi eng yirik spanbond va meltblaun – noto‘qima mato ishlab chiqarish quvvatlari ishga tushirilishi kutilmoqda. Bunday matolar tibbiyot, qurilish, maishiy kimyo va qishloq xo‘jaligida keng qo‘llaniladi.
Barcha loyihalar to‘liq quvvatga chiqqach, ish o‘rinlarining soni 10 mingtaga yetishi, polimerni qayta ishlash quvvati 280 ming tonnagacha oshishi kutilmoqda.
Davlatimiz rahbari shu yerda viloyatda yirik loyihalarni amalga oshirayotgan va yangi tashabbuslar bilan chiqayotgan xorijiy investorlar bilan ham muloqot o‘tkazdi. Hudud iqtisodiyoti, aholi bandligi va turmush darajasini oshirishga xizmat qiladigan har bir loyiha davlat tomonidan, albatta, qo‘llab-quvvatlanishi ta’kidlandi.
Investorlar mamlakatimizdagi tadbirkorlik va investitsiya muhitini yuqori baholab, biznes uchun yaratilgan keng imkoniyatlar hamda amaliy ko‘mak uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdilar.
Manba: president.uz


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter