Prezident Toshkent shahridagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishmoqda

Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahridagi bunyodkorlik ishlari, aholining turmush sharoitlari, sanoat korxonalari faoliyati bilan tanishmoqda.
Bu safargi yo‘nalish Shayxontohur va Chilonzor tumanlarini qamrab oldi. Ularni Bunyodkor ko‘chasi bog‘lab turadi. Ushbu markaziy ko‘chada san’at va madaniyat maskanlari, turli idoralar, ko‘p qavatli uylar, supermarket va restoranlar joylashgan. Bu salohiyatdan foydalanib, uning 1,5 kilometr qismi xizmat ko‘rsatish va gastroturizm ko‘chasiga aylantirildi.
Davlat rahbari jamoatchilik vakillari bilan birga bu yerdagi sharoitlarni ko‘zdan kechirdi.
Yo‘l bo‘yi obod qilingan. Ajoyib landshaft dizayni, favvoralar, turfa chiroqlar hududga yanada ko‘rk bag‘ishlagan. Odamlar sayr qilishi, ovqatlanishi, mazmunli dam olishi uchun barcha qulayliklar yaratilgan.
Shu maqsadda bu yerdagi 90 ta tadbirkorlik sub’yekti tunu kun ishlash tartibiga o‘tkazildi. Shundan 45 ta korxona yangi tashkil etildi. 500 kishi ish bilan ta’minlandi.
Ko‘chaga yondosh hududdagi Kamolon, Yangi Kamolon va Kamolon darvoza mahallalarida 18 mingga yaqin aholi yashaydi. Bu o‘zgarishlar, avvalo, shu insonlar turmushida seziladi. Qolaversa, hozir bu joyga yiliga 255 ming mehmon tashrif buyurmoqda. Endi ularning sonini yiliga 1 millionga yetkazish uchun sharoit bor.
So‘nggi yillarda yurtimizda turizm sohasida 2 mingdan ortiq yangi tadbirkor ish boshladi. O‘tgan yili xorijiy sayyohlar tashrifi ilk bor 10 milliondan oshdi. Hududlarda sayohat va servis infratuzilmasi yaxshi rivojlanayapti. Turizm qishloqlari, mehmon uylari, gastronomik ko‘chalar qo‘llab-quvvatlanayati.
Poytaxtning Mirobod, Olmazor, Chilonzor, Yakkasaroy, Yangihayot tumanlarida shunday gavjum ko‘chalar tashkil etilgan. Bunyodkor ko‘chasi mazkur turizm halqasining bir qismi bo‘ladi. Umuman, Toshkent shahrida 26 ta ko‘chani tunu-kun ishlaydigan gavjum ko‘chaga aylantirish, 24 soat ishlaydigan savdo nuqtalarini mingtaga ko‘paytirish rejalashtirilgan.
Shu yerda zamonaviy bekatlar hamda avtoturargohlar taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Manba: president.uz
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter