Prezident «Toshkent-Sharqiy» aeroporti qurilishini ko‘zdan kechirdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 18-iyun kuni «Toshkent-Sharqiy» aeroporti qurilishini ko‘zdan kechirdi.
Oxirgi yillarda O‘zbekistonda transport infratuzilmasining barcha yo‘nalishlarini modernizatsiya qilishga o‘sishning asosiy omili sifatida ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.
Ana shunday strategik loyihalardan biri «Toshkent-Sharqiy» aeroportini rekonstruksiya qilishdir. U yuqori xalqaro standartlarga javob beradigan tez, xavfsiz va qulay qatnovlarni ta’minlash, shuningdek, poytaxtning asosiy xalqaro aeroportiga yuklamani yengillashtirishga mo‘ljallangan.
Avvalo, 4 kilometr uzunlikdagi uchish-qo‘nish yo‘lagi yangilanib, eng og‘ir samolyotlarni ham qabul qilish quvvatiga ega bo‘ldi.
Hozirgi kunda yuqori martabali mehmonlar hamda biznes-aviatsiya uchun 2 ta terminal, perron va angarlar barpo etilmoqda. Aeroport noqulay ob-havo sharoitlarida ham uchish-qo‘nishni ta’minlovchi ICAO III-A toifasidagi ilg‘or radiotexnika va meteorologiya uskunalari bilan jihozlanadi. Yopiq angarlarda samolyotlar soz va xavfsiz saqlanishi uchun zamonaviy sharoitlar ta’minlanadi.
Yangi aeroport qulay joylashuvi tufayli poytaxt va Yangi Toshkent shahri uchun muhim transport xabiga aylanadi, shuningdek, Toshkent viloyatida turizmni rivojlantirish uchun qo‘shimcha rag‘bat bo‘lib xizmat qiladi. Eng muhimi, xalqaro tashriflar va ishbilarmonlik safarlarini amalga oshirish imkoniyatlari kengayadi, xorijiy investorlarni qabul qilish uchun sharoitlar yaxshilanadi. Natijada iqtisodiy faollik oshadi, xizmat ko‘rsatish sohasi rivojlanadi, yangi ish o‘rinlari yaratiladi, mamlakatimizning investitsiyaviy jozibadorligi sezilarli darajada oshadi.
Davlat rahbari loyihaning texnik xususiyatlari, terminallarning arxitekturaviy yechimi bilan tanishib, qurilish ishlarini jadallashtirish, servis darajasini oshirish bo‘yicha aniq topshiriqlar berdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter