Prezidentga hisobot: Namanganda 55 ming ishsiz aholi bor

Prezident Shavkat Mirziyoyev 7-iyul kuni Namangan viloyatida islohotlar natijadorligi, hududlardagi ishlarning borishi va loyihalar ijrosi yuzasidan hisobot bilan tanishdi.
Davlatimiz rahbarining 2024-yil 2-dekabrdagi qarori bilan Namangan viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hamda investitsiya va tadbirkorlik muhitini yanada yaxshilash chora-tadbirlari belgilanib, katta marra olingan edi. Jumladan, bu yil 4,2 milliard dollar investitsiya jalb etish, 1 milliard dollar eksport qilish, 323 ming ish o‘rni yaratish, 55 ming oilani kambag‘allikdan chiqarish rejalashtirilgan.
Bunda eng katta zamin – kichik biznes va tadbirkorlik. Namanganda mehnatga layoqatli aholini 82 foizi shu sohada ro‘zg‘or tebratayapti.
Yil boshidan beri viloyatga qariyb 1 milliard 600 million dollar investitsiya kiritilgan. Lekin buning katta qismi Namangan shahri va markaziy tumanlarga to‘g‘ri kelib, Mingbuloq, Norin, Uychi va Chortoqda ham sarmoyalarni ko‘paytirish kerak. Eksportda ham mahsulotlar turini kengaytirish va chekka tumanlar salohiyatini oshirish zarur.
Viloyatda qishloq xo‘jaligida ham mo‘l hosil yetishtirilmoqda. Birgina Yangiqo‘rg‘onda gektaridan daromad 20 ming dollardan yuqori.
Shu kabi imkoniyatlarni to‘liq ishga solish uchun Prezidentimiz tashabbusi bilan hududlar ma’muriy va iqtisodiy jihatdan isloh qilinmoqda. Namangan viloyatida ham mutaxassislar, ilg‘or tadbirkorlar va xorijiy ekspertlardan iborat “Islohotlar shtabi” ish boshladi. Ular birgalikda izlangani uchun yana 1 milliard dollarlik loyihalar shakllandi.
Yig‘ilishda mutasaddilar ana shu yangi imkoniyatlarni taqdimot qildi. Qayd etilganidek, ularning natijasida jami 12 ming ish o‘rni, budjetga qo‘shimcha 200 milliard so‘m tushum, 160 million dollar eksport manbai paydo bo‘ladi.
Masalan, Norin tumanida aholi xonadonlarida intensiv usulda baliq yetishtirish, Mingbuloqda o‘rdakchilikni rivojlantirish ko‘zda tutilmoqda. Ular oziq-ovqat mahsulotlari mo‘lligini ta’minlashi va ko‘plab ish o‘rinlari yaratishi bilan ahamiyatli. Davlatimiz rahbari bu tajribani boshqa hududlarda ham tatbiq etish zarurligini ta’kidladi.
Bugungi kunda viloyatda 55 ming ishsiz aholi, 44 ming kambag‘al oila bor. Ularni kasbga yo‘naltirib, ish topishiga ko‘maklashish, o‘z uyida daromad manbai yaratish vazifasi qo‘yildi. Ijtimoiy muhitni mustahkamlash, mahallalarni jinoyatchilikdan xoli hududga aylantirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter