Prezidentning murojaatiga munosabat

Prezidentimizning uy sharoitida tahsil olayotgan talaba va o‘quvchi yoshlarimizga qilgan murojaati harakatimiz va maqsadimizning mayog‘i desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Unda e’tiborimiz qaratilishi, bilish va amal qilishimizga asos bo‘luvchi yo‘l yo‘riqlar bor. Ota-onalarning farzandlariga, ustozlar talabalariga qanday yo‘sinda mas’ulliklarini Prezidentimizning yaqindagi murojaatnomasidagi talablar barchamizning ilmu amalimizga daxldordir.
«Uyda vaqtingizni bekor o‘tkazmang»
Inson dardi vaqt qadri bilan belgilanishi aniq. Chunki u har damga, har qadamga mas’ul bo‘lsagina biron soniya va daqiqani bekor o‘tkazmaydi.
Koronavirus pandemiyasi biz uchun qaysidir ma’noda vaqt qadriga yetish uchun ham sinovdir. Uyda qolish, kitob mutolaasi bilan mashg‘ul bo‘lish, oilaviy mashg‘ulotlar vaqtdan oqilona foydalanishning kaliti. Ushbu xalqning naqli bejiz aytilmagan. Bekordan tangri bezor. Uyda bekor o‘tirish vaqtni behuda sarflash vaqt qadriga yetmaslikdir.
Lekin, afsuski, ba’zi birovlar tojlivirus ofatini onqadar his etayotgani yo‘q. Garchi xorijda o‘lim xavfi qutqu solayotgan, televideniye orqali mudhish xabarlarning guvohi bo‘layotgan bo‘lsada, ayrimlarning parvoyi palak. Ming nasihatdan ko‘ra bir musibat afzal bo‘lsa ham ko‘zi ochilmayapti ayrimlarning.
Bugungi kunda butun dunyo, insoniyat murakkab davrni boshidan kechirayotgan ayni paytda mamlakatimizda epidemiologik vaziyatni jilovlash, aholi salomatligini har tomonlama himoya qilish uchun barcha choralar ko‘rilayotgani sir emas.
Ayni damda mamlakatimizda 100 minglab kishi karantinga olingan. Shuningdek, chet eldan salkam 13 ming fuqaro olib kelinib, ular ham to‘la karantinga olindi. Toshkent viloyatida 10 ming kishini qabul qilishga mo‘ljallangan karantin zonasi barpo etilmoqda. Uning dastlabki bir qismiga xorijdan kelgan fuqarolarimiz joylashtirildi.
Zangiota tumanida 10 ming o‘rinli 2 ta virusologiya shifoxonasi qurilmoqda. Yaqin kunlarda ushbu shifo maskanlaridagi 2 mingta o‘rin ishga tushiriladi. Hozirgi kungacha 245 mingta test, 700 mingga yaqin himoya vositalari olib kelinib, davolash muassasalariga yetkazildi. Bu illatga chalinganlarning ayrimlari shifo topib o‘z oilalariga qaytganlari ham rost. Bularning hammasi har qanday holatda ham koronavirus pandemiyasi bizga pand bera olmasligi, Prezidentimiz rahbarligidagi xalq ishonchining tantanasi muqarrarligining isbotidir.
«Onlayn darslarni qunt bilan o‘zlashtiring»
Ta’limga e’tibor bir soniya bo‘lsa-da, susaymasligini inobatga olgan Prezident bu borada ham yakdillik va hamjihatlikni ma’naviy qurol deb bildi. Sakkiz million uch yuz ming talaba yoshlarni uylariga kuzatish, ularni ta’limdan chetlatish emas, balki ilm-fanga ikki-uch barobar e’tiborlarini kuchaytirish va ularning salomatligini o‘ylash talabidandir. Onlayn tarzidagi videodars, teledarslar orqali ta’lim ham ana shu niyat va harakatning amaldagi ifodasidir.
Talabalarga navbatdan tashqari ta’til berilganligi munosabati bilan ularning bilim olishlari uchun masofaviy ta’lim dasturi joriy etilganidan xabardorsiz.
Turli fanlardan videodarslar, o‘quv adabiyotlari, o‘quv-uslubiy majmualar, mustaqil ta’lim topshiriqlari, mavzular bo‘yicha taqdimotlar, videolavhalar, masalalar to‘plami, test va nazorat savollari kabi vazifa va topshiriqlar malakali professor-o‘qituvchilari tomonidan joylashtirib borilayotganini, ulardan talaba yoshlar qay darajada foydalanayotganining nazorati masalasi ota-onalarga ham ustozlarga ham bab-baravar taalluqlidir. Professor-o‘qituvchilar talabalar bilan turli masofaviy ko‘rinishlarda, jumladan, telegramm kanallari va boshqa tizimlar orqali muloqotga kirishib, tegishli mavzular bo‘yicha talabalarga on-line tarzda maslahatlar berib bormoqdalar. Talabalarga telegramm kanaliga kirish va undagi manbalardan foydalanish to‘g‘risida video yo‘riqnoma orqali tegishli ko‘rsatmalar berilishi ham maqsadga muvofiq bo‘layapti.
Shuningdek, barcha fanlardan testlar bazasi shakllantirilgani va telegramm kanali orqali muntazam ravishda talabalarga yetkazib borilayotgani ahamiyatlidir.
Endi maqsad – Prezidentimiz tomonidan qo‘yilgan talab: fanlarni chuqur o‘zlashtirish, qunt bilan o‘rganishdir. Talaba-yoshlar fursatni boy bermasdan, o‘z ustida ishlashi, ustozlar tomonidan joylashtirilgan o‘quv-reja dasturlarini to‘la egallashlari shart. Ana shundagina ular zamonaviy axborot-kompyuter texnologiyalarining, ilm-fanning, raqamli iqtisodiyot tizimining mohiyatini anglab yetgan bo‘ladi.
«Kitob o‘qing, bilimingizni oshiring»
Tafakkur xazinasi, bilim bulog‘i bo‘lgan kitobsevarlikka, kitobxonlik madaniyatiga e’tiborning kuchaytirilishi borasida Prezidentimizning bir necha farmon va qarorlar qabul qilganlaridan voqifmiz.
Kitob o‘qimagan odamning ham, millatning ham kelajagi yo‘qligi haqidagi davlat rahbarining o‘gitlari doimo yodda turishi zarur. Chunki, inson nimaga erishmoqchi bo‘lsa, kitobdan olingan bilim, egallangan ilm, o‘zlashtirilgan malaka, hosil qilingan ko‘nikma orqali erishishi ayni haqiqat.
Karantin tugagunga qadar bo‘lgan muddatni talaba yoshlarimiz, hatto pedagoglarimiz ham ma’naviyat ozig‘i bo‘lgan kitob mutolaasiga sho‘ng‘ishi, turli yo‘sindagi badiiy, ilmiy, tarixiy mavzudagi asarlarni o‘qish uchun yaratilgan sharoit sifatida tushunishlari maqsadga muvofiq.
O‘qishdan maqsad uqish, mutolaadan maqsad mushohada. Mushohadasiz mutolaa, tashxissiz muolajaga o‘xshaydi. Shuning uchun ham vaqt, bilim, kitob qadriga yetgan inson qanday sharoitda bo‘lmasin, ilm olishga talpinadi, izlanadi, imkon topadi.
«Badantarbiya va jismoniy mashqlarni bir kun ham qoldirmang»
Prezidentimiz xalqqa murojaatnomasida o‘zi tomonidan ilgari surilgan beshta tashabbusning kuchiga ishora qilganini sezish ham qiyin emas. Aqlan, ruhan va jismonan sog‘lom avlodgina yurt kelajagiga tayanch bo‘la oladi. Shunday ekan, jismonan sog‘lomlik mezoni badan tarbiya qilish bilan. Uni bir kun ham qoldirmaslik zaruriyatini e’tirof etgan Prezident ko‘chada emas, balki uyda ham mashq qilish orqali bunga erishish mumkinligini uqtirayotgani rost.
Bizga mayoq, qalbimizga chiroq
Prezidentimizning «Ishontirib aytamanki, koronavirus tarqab ketmasligi uchun davlat barcha choralarni ko‘radi. Ammo shu sinovli damlarda har bir o‘zbekistonlik, har bir idora, jamoatchilik vakillari bir musht bo‘lib harakat qilishimiz kerak. Kasallikni mahallamizga, uyimizga, oilamizga olib kirmaslik uchun eng avvalo o‘zimiz mas’ulmiz», degan mulohazalari bizga mayoq, qalbimizga chiroq bo‘lishi shart.
Yuqori gigiyenaga asoslangan kundalik turmush tarzimiz, milliy urf-odatlarimiz bu kasallikni yengishga imkon yaratadi. Qolaversa diagnostika, davolash, karantin ishlarini Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyalari hamda ilg‘or xorijiy tajribalarga tayanib amalga oshirilayotgani ham muhim. Janubiy Koreyadan malakali shifokorlar kelib, bemorlarni davolashda qatnashayotgani, bir guruh xitoylik mutaxassislarning ham yetib kelishi, shifokorlarimiz xorijiy hamkasblari bilan muntazam videomuloqotda bo‘lib, kundalik tajriba almashayotgani imkoniyatlarimiz cheksizligini bildiradi.
Amalga oshirilayotgan tizimli chora-tadbirlarimiz, albatta, o‘z natijasini berayotganini e’tirof etish o‘rinlidir. Kasallikka chalinganlarning aksariyati to‘liq sog‘ayib, reabilitatsiyaga o‘tkazilgani bunga misoldir.
Koronavirus bir balo – bo‘lmaymiz unga mubtalo! Bu institutimiz talabalarining shioriga aylangan desak, mubolag‘a emas. Ularning aksariyati muntazam ravishda internet tarmoqlari, telegram kanallari orqali biz bilan aloqada. Buning isbotini ular tomonidan bizga yuborilgan videolavhalar orqali ham anglab olish qiyin emas.
Rahimboy Jumaniyozov,
Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti
matbuot xizmati rahbari, dotsent
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter