Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezidentning sportga oid yangi qarori e’lon qilindi

Prezidentning sportga oid yangi qarori e’lon qilindi

Foto: Prezident matbuot xizmati.

«Mahallalarda yoshlarni ommaviy sportga jalb qilishni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident qarori (PQ–201-son, 11.04.2022- y.) qabul qilindi.

Qaror bilan ommaviy sportni rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari belgilandi.

Xususan, oilaviy sport rag‘batlantiriladi, ommaviy sport musobaqalari tashkil etiladi.

2022-yildan har yili 30-iyun – O‘zbekiston Respublikasi yoshlari kuni hamda dekabrda o‘tkaziladigan  «Yoshlar forumi» doirasida futbol, mini-futbol, voleybol, yengil atletika, shaxmat, shashka, stol tennisi, stritbol, vorkaut turlari bo‘yicha 5 bosqichli ommaviy sport musobaqalari o‘tkaziladi.

1-bosqichda – ko‘chalararo mahalla musobaqalari;
2-bosqichda – mahallalararo sektor musobaqalari;
3-bosqichda – sektor musobaqalarida g‘olib bo‘lgan mahalla jamoalari o‘rtasida tuman (shahar) musobaqalari;
4-bosqichda – tuman (shahar) musobaqalari g‘olib mahalla jamoalari o‘rtasida viloyat musobaqalari;
5-bosqichda – viloyat musobaqalarida g‘olib bo‘lgan mahalla jamoalari o‘rtasida respublika (final) musobaqalari.

Ushbu musobaqalar 5 bosqichli  «Besh tashabbus olimpiadasi» doirasida o‘tkaziladi.

2023-yil 1-martdan olimpiya, noolimpiya va milliy sport turlari bo‘yicha 3 bosqichli umumrespublika sport musobaqalari o‘tkaziladi.

Yuqoridagi musobaqalar g‘oliblarini tayyorlagan maktablarning jismoniy tarbiya fani o‘qituvchilari va sport-ta’lim muassasalarining trenerlari malaka attestatsiyasiga jalb etilmaydi va ularga quyidagi malaka toifalari to‘g‘ridan-to‘g‘ri beriladi:

- tuman (shahar) bosqichi musobaqalarida g‘olib va sovrindorlarni tayyorlagani uchun – ikkinchi malaka toifasi;
- viloyat bosqichi musobaqalarida g‘olib va sovrindorlarni tayyorlagani uchun – birinchi malaka toifasi;
- respublika (final) bosqichida g‘olib va sovrindorlarni tayyorlagani uchun – oliy malaka toifasi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring