Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prokuror pora olsa, firibgar, o‘qituvchi poraxo‘rmi?

Prokuror pora olsa, firibgar, o‘qituvchi poraxo‘rmi?

Avvalroq Bosh prokuratura boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari 29 ming dollar pora olayotganida ushlangani haqida xabar berilgandi. Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bo‘yicha ish ochilgan.

So‘nggi kunlarda e’lon qilingan poraxo‘rlik bo‘yicha boshqa jinoyatlarning deryali hammasida gumondorlarga 210 va 211-moddalar (pora olish va berish) ham qo‘shib qo‘llanilgan. Masalan, yuqoridagi holat bilan deyarli bir xil vaziyat: Bosh prokuratura boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosari 3 ming dollar bilan ushlangan. Unga nisbatan 168-moddasi 3-qismi «a» bandi (firibgarlik), 28, 211-moddasi 1-qismi (pora berish) kabi moddalar tirkalgan.

Yuqoridagi ikki holatdayam jinoyat ishini Bosh prokuraturaning o‘zi ochgan. Lekin ayrim holatlarda poraxo‘rlik jinoyatlari uchun 210-moddalar qo‘llanilgan. Masalan, kitoblik sobiq maktab direktori 1,5 million so‘m pora olgani uchun 210-modda bilan ayblanib, 5 yilga ozodlikdan mahrum qilingan.

Ijtimoiy tarmoqlarda ushbu holat ancha muhokama ham bo‘lgandi. JKning 168-moddasida yetkazilgan zarar miqdori qoplansa, qamoq bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo qo‘llanilishi yozilgan. Ya’ni 1,5 mln. so‘m olgan maktab direktori 5 yilga qamalib ketyapti, 29 ming dollar olgan Bosh prokuratura mansabdori esa qamoqdan qutulib qolishi ham mumkin.

Aslida Bosh prokuraturaning o‘zida korrupsion holat aniqlansa, unga nisbatan jinoiy ishni boshqa tuzilma ochishi kerak. Masalan, DXX, harbiy prokuratura. Hozircha bular haqida ochiq ma’lumotlar yo‘q.

Yaqinda qabul qilinishi kutilayotgan qonun loyihasiga muvofiq, pora olish, pora berish va pora olish-berishda vositachilik qilish jinoyatlari uchun 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilanmoqda. Hozirda bu 15 yilgacha.

Poraxo‘rlik jinoyatlarini sodir etgan shaxslar jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilinmaydi, jazo yengilrog‘i bilan almashtirilmaydi. Bu qonun Senatdan tasdiqlanib, prezident tomonidan imzolangach, rasmiy e’lon qilinishi bilan kuchga kiradi.

Ko‘ramiz, minglab dollarlar bilan qo‘lga tushgani aytilgan Bosh prokuratura mansabdorlariga qanday jazolar tayinlanar ekan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring