Putin Netanyahudan Eron bo‘yicha va’da oldi

Arxiv foto.
Isroil Eronning Bushehr shahridagi atom elektrostansiyasida (AES) faoliyat yuritayotgan rossiyalik mutaxassislarga hujum qilmaslikka va’da berdi. Bu haqda Rossiya prezidenti Vladimir Putin Peterburg iqtisodiy forumi doirasida tashkil etilgan xalqaro axborot agentliklari rahbarlari bilan uchrashuvda ma’lum qildi.
“Biz (Eron hukumati bilan “Bushehr” AESning) qo‘shimcha ikki blokini qurish bo‘yicha shartnoma imzoladik. Ishlar boshlangan, bizning mutaxassislar, ya’ni 200 dan ziyod kishi qurilish maydonida. Biz Isroil rahbariyati bilan ularning xavfsizligi ta’minlanishi bo‘yicha kelishib oldik”, – dedi Putin.
Ma’lumot o‘rnida: Isroil Eronga hujum boshlagan 13 iyun oqshomida Putin Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu bilan suhbatlashgan edi.
Putin axborot agentliklari rahbarlari bilan uchrashuvda Rossiya Eron bilan “yaxshi munosabatlar”ga ega ekani, Moskva Tehronning tinch yo‘ldagi atom dasturlari bo‘yicha manfaatlarini himoya qilishga tayyorligini qayd etgan.
Shuningdek, u qurolli ziddiyatni Eronning tinch atom dasturi va Isroilning xavfsizligini inobatga olgan holda hal etish lozimligini aytgan.
Rossiya va Eron joriy yil yanvar oyida Strategik hamkorlik to‘g‘risida shartnoma imzolagan edi. Suhbat davomida AFP agentligi vakili Karim Talbiy ushbu shartnomani eslatar ekan, Isroil bilan urushda Moskva Tehronga yangi qurollar yetkazib berishi ehtimoli haqida so‘ragan. Putin bunga javoban Strategik hamkorlik to‘g‘risidagi shartnomada mudofaa sohasiga oid hamkorlik ko‘zda tutilmaganini qayd etgan.
“Eronlik do‘stlarimiz bizdan bu haqda (Isroilga qarshi urushda qurol-aslaha borasida ko‘mak nazarda tutilmoqda – tahr.) so‘rashmadi. Demak, bu masalada muhokama qiladigan gapning o‘zi yo‘q”, – degan Putin.
Eslatib o‘tamiz, “Bushehr” – Yaqin Sharqda ishga tushirilgan ilk AESdir. Fors ko‘rfazi sohilida, Eronning shu nomli shahrida joylashgan AES qurilishi 1975 yilda Germaniya bilan hamkorlikda boshlangan.
1979 yilda Eronda inqilob ro‘y berib, shoh hokimiyati ag‘darilgach, Germaniya AES qurilishi loyihasidagi ishtirokini to‘xtatgan. Bu paytda qurilish 70 foizga yakunlangan edi.
1995 yilda Eron Rossiya bilan “Bushehr” AES qurilishini yakunlash haqida bitim imzolagan. Moskva AESni 2000 yilda foydalanishga topshirishga va’da berganiga qaramay, AQSh va ittifoqchilari bosimi sabab inshootni topshirish yana cho‘zilgan.
AES 2012 yilda to‘la quvvat bilan ishlay boshlagan va 2013 yil sentyabrda Eronga rasman topshirilgan. 2015 yil yanvar oyida Eron (sobiq) prezidenti Hasan Ruhoniy Bushehr shahriga tashrifi chog‘i stansiyaning elektr ishlab chiqarish quvvati 3000 megavattga yetganini ma’lum qilgan edi.
Darvoqe, Isroil tomoni kuni kecha “Bushehr” AESga hujum uyushtirgani haqida xabar berdi. Keyinroq Tel-Aviv buni “xato” deb atadi. Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarova Isroilni Atom energetikasi bo‘yicha agentlik kafolati ostidagi inshootlarga zarba berishni zudlik bilan to‘xtatishga chaqirdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter