Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Oppoq gullagan o‘rik: bolalik xotiralar

Oppoq gullagan o‘rik: bolalik xotiralar

foto: xabar.uz

 
Yaqindagina bir tanishimni uchratib qoldim. Shamolga qarshi yurayotgan odamdek qaddini biroz bukkancha tez-tez odimlab borardi. Salom bersam indamay o‘tib ketdi-da, keyin ortga qarab, bu sizmisiz, deya ko‘rishdi.
– Qayerga o‘t ketdi, buncha shoshmasangiz, deya hazillashgan bo‘ldim.
– E, nimasini aytasiz, hech ishlarimga ulgura olmayapman, bu yurganim kamlik qilyapti. Endi yuguraman chog‘i...
– So‘zimdan ranjimangu, uchsangiz ham ulgurolmaysiz, dedim yarmi hazil, yarmi chin qilib.
– Nega, hayratlandi tanishim.
– O‘rik gullaganini ko‘rdingizmi?
– Voy, hali endi bodom gullayapti-ku! Nigohimdan nelarnidir o‘qidi chog‘i, hijolat bo‘lib yerga qaradi. – Uydan ishga, ishdan uyga yuguraman, bog‘ aylanib yurishga vaqti bor deysizmi, o‘zini oqlagan bo‘ldi. Qo‘yarda qo‘ymay shu yaqindagi o‘rindiqqa boshladim. Ammo ishlariga ulgurolmasligini aytib shoshgancha yo‘lida davom etdi. Aytmoqchi bo‘lgan so‘zlarim dilimdan tilimga ko‘chmay saboga aylandiyu uning ortidan ergashdi...
Havo mayinlashganini, tabiat yasharayotganini sezmayapsizmi, qushlarning ovozini eshitmayapsizmi? Unda, sahar turib ishga yoki o‘qishga oshiqmang. Bir zum derazani oching. Atrofga nazar soling. Bahoriy nasimlar o‘rik gullarining iforini olib keladi. Kayfiyatingiz ko‘tarilib, beixtiyor qo‘shiq xirgoyi qila boshlaysiz:
Derazamning ortida bir tup,
O‘rik oppoq bo‘lib gulladi.
Novdalarni bezab g‘unchalar,
Tongda aytdi hayot otini
Va shabboda qurg‘ur ilk sahar,
Olib ketti gulning totini...
Xayol qishloqqa, hovli etagida o‘sgan bir juft o‘riklar tomon boshlaydi. Bu yil ham o‘zini «yeb» gullagandir?! Har bahor qiyg‘os gullariga kelgan arilarning ovozi hovlini tutib ketardi. Iforga mast bu hasharotlar gullar dovcha bo‘lmaguncha ketay demasdi...
Qishloq ko‘chalari ko‘klam kelgandan bolalar qiyqirig‘iga to‘lib ketadi. Tollar barg chiqarishi bilan qizaloqlar tolpopuk taqishga oshiqadi. Qirqkokil qilib o‘rib qo‘yilgan sochlariga tolning yosh novdalaridan tolpopuk qilib berishgandagi quvonchini kuzatganmisiz? Bolalarning tolcho‘pdan ot minganini-chi? Kimning popuklari ko‘p bo‘lsa, uzun bo‘lsa hammaning havasi kelardi. Moychechaklardan chambarak yasaganingiz-chi! Boshimizga qanday yarashib turardi-ya. Biz dugonam bilan moychechak tergani bedazorga borardik. (Bedalar orasida o‘sganlarining bandi uzun-uzun bo‘ladi-da!). Egasi yuvoshgina amaki edi-yu, bedapoyasiga oralaganni hushlamasdi. Doim bir gapni takrorlardi:
Hattoki shohlar ham ko‘klam kelishi bilan yurushlarini to‘xtatgan. Hech qayerga lashkar tortib bormagan. Chunki bu vaqtda yer uyg‘ona boshlaydi. Maysalar unadi, qurt-qumursqalar g‘imirlaydi. Tabiat jonlanadi. Ularga ozor bermaslik uchun shunday qudratli shohlar urush qilmagan, sen jujuqchalar bedalarimni bosib yurishlaring nimasi?! Koyirdi-yu, jahl qilmasdi. Halimlik bilan koyirdi. Biz ham oyog‘imizni bir joyga qo‘yib turib, qo‘llarimizni cho‘zib-cho‘zib uzib olardik. Ana bobo, uyg‘onayotgan maysalarni bosmadik, derdik... Eh sizlarni deb bobo siniqqina jilmayib qo‘yardi...
Negadir har bahorda shu xotiralar jonlanaveradi. Bu faslda nafaqat tabiat, balki ko‘ngillar ham, xotiralar ham uyg‘onadi chog‘i... Kimlarnidir ranjitganingiz xayolingizga keladi, uzr so‘ramoqqa chog‘lanasiz. Ko‘nglingizga berilgan ozorlarni unutgingiz, xafaliklarga ko‘z yumgingiz keladi. Bu vaqtda tuproq erigan qor suvlariga, yomg‘irlarga to‘yinib rosa yetiladi. Yumshoq yerdan yumalab, qattiq yerdan qatalab ko‘klar unib kelaveradi. Ammo yurakning yumshashi... Tushunolmaysiz. Allanechuk tuyg‘ular qurshovida qolasiz. Barg chiqargan daraxtlarga termulib, ancha yillar avval shunday daraxtlar ostida kutib-kutib, kutishdan charchab, avtobusga jimgina chiqib ketgan bir "tuyg‘u” xayolingizda gavdalanadi. Afsus, u daraxtlar kesilib ketdi... Tog‘dan atay keltirgan lolangizni berolmaganingiz (olishga iymanganingiz)ni eslab jilmayib qo‘yasiz. Eh, shu kunlar qaytganda edi! Bahor qaytadi, ammo...
Shunday vaqtda hammadan ham ko‘proq ona mehrini qo‘msaysiz. Yosh boladek etagini tutib yig‘lasngiz, voy senga nima bo‘ldi deb dast ko‘tarib bag‘riga bossa. Ko‘ksiga bosh qo‘ygancha yuragining ovoziyu shirin so‘zlarining sehriga allanib uxlab qolsangiz. Ularning qahri ham ko‘klam havosiga o‘xshaydi. Bulutlanib, chaqmoq chaqsada bir zumda quyosh chiqadi. Yomg‘irlari ham mehrli, iliq. Odatda onalar farzandini qattiqroq koyisa tuni bilan o‘ylanib chiqadi. Ularning mehrida tilsim bor, go‘yo. Rivoyatlarga ko‘ra biz sevib pishiradigan sumalakning yaratilishiga ham ona mehri sabab bo‘lgan ekan. Och qolgan bolalarini to‘ydirish uchun ko‘klam chog‘i ungan bug‘doy donlari va bir hovuch undan tayyorlangan bu taomning shirin bo‘lishiga asosiy sabab ona mehri emasmi?! Shundanmi, sumalak boshida doim momolarimiz turishadi. Xola-yu, ammalar ularga yordamchi. Sizning buvingiz ham hech kim pishirgan sumalak onalarinikiga o‘xshamasligini aytadilarmi? Onam esa buvimknikini maqtaydilar. Asliku, bu taom ko‘pchilik bilan shirin. Lekin bug‘doy undirishda ko‘p gap bor deyishadi. Bu yumushni momolarga ishonishadi. Momolar bug‘doylarga suv separ ekan, pichirlashadi: mening qo‘lim emas, onamning qo‘li...
Kecha va kunduz tenglashishiga ham sanoqli kunlar qoldi. Bu kun nafaqat kun bilan tun, balki katta bilan kichiklar ham tenglashib ketadi. Sumalak pishirish bahonasida yig‘ilganlarga bir qarangga. Momolar kattaman demaydi, o‘n sakkiz yashar qizdek tinmaydi... Bolalar tilak toshi terishdek mas’uliyatli ish bilan ovvora. Yetti avlod diydorlashadigan Navro‘zi olam shoidyonasida yurakdagi tilaklar tilga ko‘chadi.
Ilk bor sumalak kovlaganda nimani niyat qilginingizni eslay olasizmi? Ko‘k uzib kelganingizda buvingizing aytganlarini-chi. Ha, mening buvim ham ko‘zlariga surtib,
Omonlik – somonlik,
Hech ko‘rmaylik yomonlik,
Kelasi yil shu kunlarga,
O‘ynab kulib yetaylik, degan edilar.
Yetganimiz rost bo‘lsin! Yetqizganiga shukur! Xonangiz derazasini birozgina ochib, gulafshon fasl kelganini his etgan bo‘lsangiz, ko‘nglingiz derazalarini ham ochib qo‘ying, bahoriy nasimlar qoningizga, har bir hujayrangizga yetib borsin!!!
Bilaman, hozir siz ham qayergadir shoshayapsiz. Ammo shu lahzalardan zavq olish esingizdan chiqmasin, bodom va o‘rikning oppoq gullariga qarab yana bir bor bolalik xotiralaringizni yodga olish imkonini boy bermang. 
Charos YoQUBOVA
Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring