Qasddan og‘ir tan jarohati yetkazgan va dalillarni soxtalashtirgan ichki ishlar xodimi qamaldi
Ombudsman nomiga 2022-yilning o‘tgan 9 oyida ruhiy, psixologik, jismoniy yoki boshqacha tarzda bosim o‘tkazilganligi masalasida 143 ta shikoyat kelib tushgan. Bu haqda AOKAda Oliy Majlis Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) axborot xizmati rahbari Fotima Madrahimova ishtirokida o‘tkazilgan brifingda ma’lum qilindi.
Kelib tushgan shikoyatlar Ombudsman tomonidan nazoratga olinib, Jinoyat-protsessual kodeksida belgilangan tartibda ko‘rib chiqish uchun nazorat xati bilan Bosh prokuratura va Ichki ishlar vazirligiga murojaat qilingan.
«Ushbu shikoyatlarning 72 tasi (50,4 foizi) yuzasidan huquq-tartibot idoralari xodimlarining harakatlariga nisbatan o‘tkazilgan xizmat tekshiruvlari va prokuratura idoralari tomonidan olib borilgan tergovga qadar tekshiruv yakunlariga ko‘ra, murojaatlarda ko‘rsatilgan vajlar tasdiqlanmadi. 46 ta shikoyat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom etmoqda.
Shikoyatlarning 14 tasi yuzasidan Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasi 2-bandiga muvofiq jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad qilish haqida qabul qilingan qarorlar Ombudsmanning xatiga asosan yuqori turuvchi prokuratura organlari tomonidan bekor qilinib, qo‘shimcha tergovga qadar tekshiruv harakatlarini o‘tkazish belgilangan», — deyiladi Ombudsman axborotida.
Ta’kidlanishicha, Ichki ishlar vazirligi va mas’ul idoralar tomonidan ushbu shikoyatlar asosida o‘tkazilgan xizmat tekshiruvlari yakunlariga ko‘ra, 11 nafar xodimga nisbatan intizomiy ta’sir choralari qo‘llanilgan. Shuningdek, bir xodim bilan mehnat shartnomasi bekor qilingan hamda prokuratura tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlarga ko‘ra, 1 shikoyat bo‘yicha 1 nafar mahkumga qo‘llanilgan intizomiy ta’sir chorasi noqonuniy deb topilgan va bekor qilingan.
Qo‘shimcha qilinishicha, shikoyatlardan 1 tasi yuzasidan ichki ishlar organlarining 1 nafar xodimi Jinoyat kodeksining 104-moddasi 1-qismi (Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) va 2301-moddasi 1-qismida (Dalillarni soxtalashtirish (qalbakilashtirish) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topilib, unga nisbatan 5 yil 6 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter