Qashqadaryoda Prezident raisligida yig‘ilish boshlandi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Qashqadaryo viloyatini kompleks rivojlantirishning ustuvor vazifalariga bag‘ishlangan yig‘ilish boshlandi.
«Viloyatdagi o‘zgarishlarni ko‘rib, odamlar bilan gaplashib, islohotlarimiz ularning hayotiga shiddat bilan kirib borayotganiga yana bir bor amin bo‘ldim. Oldinlari bitta viloyatdagi o‘zgarishlar bilan tanishishga bir kun yetardi. Shu kunlarga yetib keldik, hozir bitta tumanga bir hafta ham kam», — dedi davlatimiz rahbari.
Sakkiz yil avval viloyat sanoatining yarmidan ko‘pi neft-gaz va kimyo tarmog‘i korxonalariga to‘g‘ri kelgani, o‘tgan davrda elektrotexnika, qurilish materiallari, to‘qimachilik, mebelchilik sohalarida katta sakrash bo‘lib, hozirda bu tarmoqlarning sanoatdagi ulushi 54 foizni tashkil etayotgani ta’kidlandi.
Lekin qilingan ishlar bilan cheklanmasdan, yanada yuqori sur’at bilan ishlash lozimligi ko‘rsatib o‘tildi.
Prezidentimiz joriy hafta boshida hokimlarga yuqoridan topshiriq kutmasdan, o‘zi tashabbus qilib, proaktiv ishlashga o‘tish bo‘yicha aniq vazifalarni belgilab berganini eslatdi. Qashqadaryoda hali ishga solinmagan kamida 15 milliard dollarlik salohiyat bor. Bu imkoniyatlarning kamida uchdan biri loyihaga aylantirilsa, viloyatning yalpi hududiy mahsulotini kelgusi besh yilda bemalol 10 milliard dollardan oshirish mumkinligi ta’kidlandi.
Shu munosabat bilan Qashqadaryoda viloyat «Islohotlar shtabi» tuzilishi belgilandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter