Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qashqadaryoda qovun pishdi

Qashqadaryoda qovun pishdi

Hozirgi kunda Qashqadaryo viloyati dehqon va fermerlari, qolaversa, tomorqa egalari meva-sabzavot va poliz mahsulotlarini yetishtirishga katta ahamiyat qaratmoqda. Bu borada Chiroqchi tumanida lalmi maydonlardan qo‘shimcha yerlar o‘zlashtirilib, sug‘orish uchun artizan quduqlar qazilmoqda.

E’tiborlisi, dehqon va mas’ul idoralarning izlanishlari natijasida mahsulotlarni halqimiz dasturxoniga ertaroq taqdim etishga ham erishilmoqda.

Vohada may oyining boshida tarvuz pishgan bo‘lsa, endilikda qovun ham pishdi. Ayni kunda ta’mi tilyorar va xaridorgir qovunlar tumanning O‘tamayli hududida yetishtirilmoqda. Pishib me’yoriga kelganlari peshma-pesh iste’molchilarga yetkazilmoqda.

Usta dehqonlarning bildirishicha, tumanda yilning fevral oyidanoq qovun parvarishiga kirishiladi. Bunda asosan «Jiyan», «Torpedo», «Aeroport» kabi eksport talabiga javob beradigan navlar tanlanadi.

Avvaliga urug‘lar maxsus idishlarga ekilib, issiqxona sharoitida o‘stirib olinadi. Bo‘yi me’yoriga yetgan ko‘chatlar keng maydonga plyonka ostiga ekib chiqiladi. Kunlar isishi bilan palaklar baravj rivojlanishi uchun nihollar usti ochiladi. Bu usulni qo‘llash orqali erta hosil olish imkoniyati oshadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring