Qiynoq holatlarini aniqlash tizimi takomillashtiriladi — Prezident qarori loyihasida nimalar aks etgan?
Inson huquqlari muammosi bugungi kunda insoniyat oldida turayotgan eng dolzarb muammolardan biridir. Aynan inson huquqlarining ta’minlanganlik darajasi bilan davlatning demokratik rivojlanganlik darajasi o‘lchanadi, inson huquqlari muayyan bir mamlakatda demokratik-huquqiy davlat barpo etish siyosatining o‘ziga xos barometri hisoblanadi.
Shu munosabat bilan kuni kecha Oliy Majlis Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) hamda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi bilan hamkorlikda Qiynoq holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirish bo‘yicha ishlab chiqilgan normativ-huquqiy hujjat loyihasi mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida davra suhbati bo‘lib o‘tdi, deya xabar beradi Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Matbuot xizmati.
Qayd etish lozimki, mazkur loyiha «Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi”ning 23-bandida belgilangan edi.
«Qiynoq holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirish” bo‘yicha ishlab chiqilgan loyiha jamoatchilik muhokamasi uchun normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida joylashtirilib xalqimiz muhokamasidan o‘tkazdi.
E’tibor beriladigan jihatlardan biri qiynoqning oldini olish faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha «Harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslarning yagona reyestri» elektron tizimini yuritish yo‘lga qo‘yiladi. Harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar telefon orqali, shu jumladan, videokonferensaloqa rejimidan foydalangan holda murojaat qilishi mumkin bo‘lgan Ombudsmanning «call-markazi” (murojaatlarni telefon orqali qabul qilish markazi) hamda veb-saytida maxsus rukn tashkil qilinadi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat, Jinoyat protsessual va Jinoyat-ijroiya kodekslarining yangi tahrirdagi loyihalari ishlab chiqiladi. Unda qiynoqning oldini olish tartibi, qiynoqdan jabrlangan shaxslarga ijtimoiy-huquqiy, psixologik yordam ko‘rsatish, qiynoq jinoyatini sodir etgan shaxslarga nisbatan shartli hukm qilish, jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish, jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish, javobgarlikka tortish muddatining o‘tganligi, amnistiya institutlarining qo‘llanilmasligi nazarda tutilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter