2022-yilda qizamiq bilan kasallanish 18 foizga, o‘lim ko‘rsatkichi esa 40 foizdan ko‘proqqa oshgan – JSST
Emlash qamrovi kamaygani sababli butun dunyo bo‘ylab qizamiq bilan kasallanganlar va undan o‘limlar soni ortib bormoqda, deyiladi Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va AQSh Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazlari hisobotida.
2022-yilda qizamiq bilan kasallanish 2021-yilga nisbatan 18 foizga, o‘lim darajasi 43 foizga oshgan. Umuman olganda, dunyo bo‘ylab kasallanganlar soni 9 million kishiga, vafot etganlar soni esa 136 ming kishiga yetgan, deya baholanmoqda, ularning aksariyati bolalardir, deyiladi hisobotda.
Hisobot mualliflariga ko‘ra, kasallikning keng ko‘lamda tarqalishi va avj olishi 2022-yilda 37 ta davlatda kuzatilgan, undan oldingi yilda esa raqamlar 22 tani tashkil etgan.
«Qizamiq epidemiyasi va o‘lim holatlarining ko‘payishi hayratlanarli, ammo, afsuski, so‘nggi yillarda biz kuzatayotgan emlash darajasining pasayishini hisobga olsak, kutilmagan holat emas», — dedi Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazlarining global emlash bo‘limi direktori Jon Vertefey.
Hisobot mualliflarining qayd etishicha, qizamiqqa qarshi ikki dozali vaksina yordamida uning oldini olish mumkin. 2022-yilda vaksinaning birinchi dozasi bilan global qamrab olish 83 foizni tashkil etgan, bu aholini epidemiyalardan himoya qilish uchun zarur bo‘lgan 95 foizdan ancha kam.
«Eng kam emlash ko‘rsatkichlari 66 foiz bo‘lib, qizamiqdan o‘lim xavfi yuqori bo‘lgan kam daromadli mamlakatlarda qayd etilishda davom etmoqda. Bu mamlakatlarda emlash ko‘rsatkichlari pandemiya davrida pasayganidan keyin qayta ko‘tarilmadi», — deyiladi hisobotda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter