Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qor qoplonini qanday saqlab qolsa bo‘ladi? – Samarqandda tarixiy xujjat qabul qilindi

Qor qoplonini qanday saqlab qolsa bo‘ladi? – Samarqandda tarixiy xujjat qabul qilindi

Qor qoploni dunyo bo‘ylab 4-6 mingtagina qolgan bo‘lib, Xalqaro Qizil kitobga kiritilgan. U tog‘-toshlarda, dengiz sathidan 3 ming metr balandlikda yashaydi. Qor qoploni ko‘chib yuruvchi tur hisoblanib, 12 ta davlat hududida kuzatilgan.

Samarqand shahrida bo‘lib o‘tayotgan Qor qoploni va ekotizimlarni muhofaza qilish bo‘yicha global dastur (GSLEP) boshqaruv qo‘mitasining vazirlar yig‘ilishida shu kabi bir qator qiziqarli ma’lumotlar berildi. Tadbirda qor qoplonlari yashaydigan mamlakatlarning atrof-muhit vazirlari, shuningdek, hamkor tashkilotlar va xalqaro moliya institutlari (XMI) vakillari ishtirok etmoqda.

Xabar.uz muxbiri tomonidan ma’lum qilinishicha, vazirlar yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov so‘zga chiqib, qor qoploni va uning ekotizimlarini asrab-avaylash nafaqat ekologik nuqtai nazardan muhim, balki katta meros va madaniy ahamiyatga ega ekanligini ta’kidladi.

– O‘zbekistonda tabiatni asrash va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat siyosatining asosiy ustuvor vazifalaridan biridir. Xususan, ekologik strategik siyosat bo‘yicha qator hujjatlar, qarorlar va chora-tadbirlar rejalari, jumladan, 2030 yilgacha atrof-muhitni muhofaza qilish konsepsiyasi, 2028 yilgacha bioxilma-xillikni saqlash strategiyasi va boshqalar qabul qilindi, — dedi Aziz Abduhakimov. — O‘zbekistonda GEF va BMT Taraqqiyot dasturi bilan hamkorlikda qor qoplonini saqlash loyihasini muvaffaqiyatli amalga oshirdik, bu bizga ekologik ta’limga yo‘naltirilgan ikkita tashrif markazini yaratish va SMART patrul tizimini joriy qilish imkonini berdi. Shuningdek, O‘zbekiston hukumati tashabbusi bilan G‘arbiy Tyan-Shanda qor qoplonlarini saqlash bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumi imzolangani ham faxrlanarli natijadir.

Mutaxassislar tomonidan ma’lum qilinishicha, qor qoploni kamayib ketishiga bir qator muammolar sabab bo‘lgan:

Birinchisi – brakonerlik. Bugungi kunda 12 ta davlatning barchasida qor qoplonini ov qilish keskin taqiqlangan. Masalan O‘zbekistonda yaqinda Qizil kitobga kiritilgan hayvonlarni ovlashga qarshi javobgarlik kuchaytirildi. Endilikda qor qoplonini ovlagan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari BHMning 3 000 baravari miqdorida, ya’ni 1 milliard so‘m atrofida, xorijliklar esa 400 ming dollar jarima to‘laydilar.

Ikkinchisi – urbanizatsiya. Aholi ko‘payishi fonida tog‘ hududlari ham o‘zlashtirilishi, qishloq xo‘jaligi, sanoat va boshqa maqsadlarda qo‘llanila boshlandi. Natijada qor qoplonining yashash areoli qisqarib ketdi. Bugungi kunda ushbu noyob hayvon yashaydigan joylarni qo‘riqlanadigan hududga aylantirish orqali saqlab qolishga e’tibor qaratilmoqda.

Uchinchisi – uy hayvonlari. Iqlim o‘zgarishi va cho‘llashuv tufayli chorva mollari tobora yuqoriga ko‘tarilib borishi oqibatida qor qoploni va uy hayvonlari o‘rtasida kontakt yuzaga keldi. Natijada chorvadorlar tomonidan qor qoplonini ovlash holatlari uchrab turibdi. Bu masalada mahalliy aholi o‘rtasida keng tushuntirish ishlari olib borilmoqda.

Yig‘ilishda global isish va muzliklarning erishi oqibatida qor qoplonlarining yashash muhiti va uning o‘lja manbalariga tuzatib bo‘lmaydigan darajada zarar yetkazayotgan iqlim o‘zgarishi sharoitida ushbu qimmatli turni saqlab qolish uchun transchegaraviy va davlatlararo hamkorlik muhim ekanligi qayd etildi.

Muloqotni o‘z vaqtida o‘tkazish, qor qoplonlarining yashash muhitini asrab-avaylash bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlar ishlab chiqish muhimligini inobatga olib, yig‘ilish yakunlari bo‘yicha asosiy majburiyatlar belgilab berilgan tarixiy Samarqand rezolyusiyasi qabul qilindi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring