Qoraqalpog‘iston va Xorazmdagi mahalliy yo‘llar ta’mirlanadi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 13-may kuni yo‘l xo‘jaligidagi ishlar natijadorligi va rejadagi loyihalar bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-oktyabrdagi qaroriga muvofiq, bu sohada boshqaruv takomillashtirilib, yo‘llar qurish, ta’mirlash va saqlash bo‘yicha ko‘p yillik vazifalar belgilangan edi. O‘tgan 2 yilda bu maqsadlarga 26 trillion so‘m ajratilib, jami 40 ming kilometr yo‘l va 540 ta ko‘prik ta’mirlandi. Sohaga chetdan jalb qilinayotgan mablag‘lar ham 3 karra oshdi.
Lekin hali qilinadigan ishlar ko‘p. Bu yil 7 ming kilometr umumiy foydalanishdagi yo‘l hamda 231 ta ko‘prikni qurish va ta’mirlash, 13 ming kilometr tuproq ko‘chalarga shag‘al yotqizish, 400 kilometr sement qoplamali yo‘llar qurish, magistrallar bo‘yida 72 ta servis majmuasi tashkil etish rejalashtirilgan.
Taqdimotda mutasaddilar shular haqda axborot berdi.
Yangi loyihalarni belgilashda yo‘llarning hozirgi holati va qatnov darajasiga e’tibor qaratilmoqda. Bugungi kunda xalqaro moliya tashkilotlari bilan hamkorlikda 1 ming 200 kilometr yo‘lni rekonstruksiya qilish bo‘yicha 6 ta yirik loyiha amalga oshirilmoqda.
Endi yana 4 ta loyiha boshlanishi ko‘zda tutilgan. Xususan, To‘rtko‘l va Beruniy shaharlarini aylanib o‘tuvchi A-380 magistralini rekonstruksiya qilish, Qoraqalpog‘iston va Xorazmda 516 kilometr mahalliy yo‘llarni to‘la ta’mirlash, Termiz – Denov hamda Sirdaryo – Baxt oralig‘idagi yo‘llarni sement-beton qoplamali qilib qurish rejalashtirilgan. Bu loyihalarga Osiyo taraqqiyot banki, Jahon banki, Islom taraqqiyot banki va Osiyo infratuzilmaviy investitsiya banki mablag‘lari yo‘naltiriladi.
Davlatimiz rahbari eng muhim masala yo‘llarni sifatli saqlash ekanini ta’kidladi. Yo‘l bo‘ylarida infratuzilmani rivojlantirib, aholiga qulayliklar yaratish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Qamchiq dovonida statsionar nazorat posti ishga tushirilgan. Buni yuk tashish oqimi yuqori bo‘lgan boshqa yo‘llarda ham tashkil qilish zarurligi qayd etildi.
Shu o‘rinda aytish kerakki, bundan qariyb 20 yil oldin qabul qilingan “Avtomobil yo‘llari to‘g‘risida”gi qonun hozirgi zamon talablariga javob bermayapti. So‘nggi yillardagi islohotlar, bugungi dolzarb masalalar unda aks etmagan.
Shu bois mazkur qonun yangi tahrirda ishlab chiqilmoqda. Unda, jumladan, “avtomobil yo‘llarini rejalashtirish” mexanizmini joriy etib, yo‘l infratuzilmasini aholi va iqtisodiyotning o‘sib borayotgan ehtiyojlariga mos ravishda rivojlantirish nazarda tutilmoqda. Yo‘llarni loyihalashtirishda aholi fikri va atrof-muhitga ta’sirini inobatga olish hamda piyodalar uchun to‘siqsiz muhitni yaratish bo‘yicha qat’iy talablar o‘rnatilmoqda. Kommunikatsiya tarmog‘ini qurishda yo‘lning avvalgi holatini tiklash xarajatlarini qoplash sharti kiritilmoqda.
Pulli yo‘llarning huquqiy asoslari, ajratilgan va yo‘l bo‘yi mintaqalarida servis binolarini joylashtirishga oid talablar belgilanmoqda. Yo‘llarda katta hajmli va og‘ir vaznli transport vositalarining harakatlanishi tartibga solinmoqda.
Taqdimotda mutasaddilar muqobil yo‘llar qurish bo‘yicha xususiy sheriklik loyihalari yuzasidan ham hisobot berdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter