Qoraqalpog‘istonda tuman hokim o‘rinbosari javobgarlikka tortildi
Tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil devoni tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Shumanay tumani hokimi o‘rinbosari A.B.ning «Tadbirkor virtual ofisi» orqali «YKN» MChJ (nomi o‘zgartirilgan) rahbari yo‘llagan murojaatni bir oydan ortiq vaqt o‘tgandan keyin ko‘rib chiqqani aniqlandi.
O‘zbekiston Respublikasi «Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida»gi Qonunning 27-moddasida murojaatlarni ko‘rib chiqish natijalari va qaror qabul qilish tartibi tasdiqlangan. Unga ko‘ra, murojaatlarni ko‘rib chiqishdan so‘ng davlat organi, tashkilot yoki ularning mansabdor shaxslari har bir ariza va shikoyat bo‘yicha qaror qabul qiladi. Bu haqda murojaatchiga darhol yozma yoki elektron shaklda xabar yetkazadi.
Qonunning 28-moddasida esa ariza yoki shikoyat masalani mazmunan hal etishi shart bo‘lgan davlat organi, tashkilot yoki ularning mansabdor shaxsiga kelib tushgan kundan e’tiboran 15 kun ichida, qo‘shimcha o‘rganish va (yoki) tekshirish, qo‘shimcha hujjatlarni so‘rab olish talab etilganda, 1 oygacha bo‘lgan muddatda ko‘rib chiqilishi belgilab qo‘yilgan.
Mansabdor shaxs yuqoridagi harakati orqali «Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida»gi Qonun talablarini buzib, O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 43-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgani uchun unga nisbatan Tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil devoni tomonidan ma’muriy bayonnoma tuzildi.
Ma’lumot o‘rnida: joriy yil boshidan bugungi kunga qadar Qoraqalpog‘iston Respublikasida mansabdor shaxslar tomonidan jami 88 ta huquqbuzarlik sodir etilgan bo‘lib, Tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil devoni tomonidan ularga nisbatan tegishli tartibda ma’muriy bayonnoma tuzilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter