Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qorni to‘q, kayfi taroq... qalbi ochlikdan chekinaylik

Qorni to‘q, kayfi taroq... qalbi ochlikdan chekinaylik

Foto: Xabar.uz

To‘y – har bir xalqning madaniy-ma’naviy ko‘rinishi, milliy boyligi va albatta, kishini tarbiyalovchi bir vosita bo‘lib xizmat qilib kelgan. Ayniqsa, o‘zbek xalqi uchun. Bir paytlar to‘ylarda laparlaru yor-yorlar, milliy raqs san’ati, qo‘shiq san’ati yuksak darajada kamol topgan ekan. Eng mashhur polvonlar ham, eng zo‘r xushovoz hofizlar ham xokisor elimizning to‘y-tomoshalaridan yetishib chiqqan. Keksalar so‘ziga quloq tutsangiz, bundan 50-60 yil ilgarigi to‘ylar haqida o‘zgacha fikrlarni tinglaysiz.

– Burungi to‘ylar butun mahallaga ibrat, o‘rnak marosimi bo‘la olardi. Qizlar iffatu hayo pardasi ostida odob ila o‘yin-kulgi qilishardi. Shariat ahkomlariga rioya etgan holda yigitlar bilan she’rxonlik, chiroyli aytishuvlar bilan bazmu jamshidni obod etishardi. Afsuski, bugungi shov-shuvli zamon xalqimizning muqaddas an’analariga, to‘ylariga o‘z ta’sirini o‘tkazdi. Spirtli ichimliklar to‘y dasturxonining shohiga aylandi. Ustiga-ustak ayollaru erkaklar bir dasturxon ustida may to‘la qadah cho‘qishtirishadi. Ba’zilar to‘qlikka sho‘xlik qilib, to‘ylarda «Men sendan kammi?» deya isrofgarchiligu, kimo‘zarchilikning avj olishiga sabab bo‘lishdi. Xuddi mana shu dabdabalar o‘zbekning asl to‘ylarini yemirdi. Isrofgarchilik illati – to‘y rasm-rusumlarini izdan chiqarib, hatto, qancha-qancha yosh oilalarning parokanda bo‘lib ketishiga ham sabab bo‘layotir, – deydi yoshi 70dan oshgan Nasrullo aka Adizov kuyinib.

O‘zbekistonda to‘y-hashamlarni tartibga solishga oid yangi hujjatning qabul qilinayotganidan ko‘zda tutilgan maqsad, albatta, to‘y-hashamlarni ixchamlikni oshirish va isrofgarchilikka qarshi kurashish.

Aslida, mamlakatda bunday qonunlar ilgarigi yillar ham mavjud bo‘lgan. Faqat amalda, deyarli, ishlamagan. 2017 yili oilaviy marosimlarni tartibga solish, isrofgarchilik va dabdababozlikka yo‘l qo‘ymaslik zarurligi borasida hujjat qabul qilingan bo‘lsa, 2019 yilda «To‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar o‘tkazilishini tartibga solish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi qo‘shma qaror hamda Nizom e’lon qilingan. Bu nizom parlament palatalari kengashlarining 2019 yil 14 sentyabrdagi qarori bilan tasdiqlanib, 2020 yil 1 yanvardan kuchga kirgan va hozir ham qonuniy kuchga ega. Shu yillar davomida hujjat nega natija bermagan, to‘ylarni qonuniy yo‘l bilan tartibga solish, unga rioya qilmaganlarni javobgarlikka tortish to‘g‘risidagi munosabatlarga nega panja ortidan qarab kelingan, degan savol tug‘iladi.

Shavkat Mirziyoyev 2017 yil avgust oyida O‘zbekiston ijodkor ziyolilari vakillari bilan uchrashuv chog‘ida to‘y-ma’rakalarni tartibga solish nozik masala ekaniga urg‘u berib: «Haqiqatdan ham ayni shu masalalar necha yillar, hatto asrlardan beri kun tartibidan tushmasdan keladi. Jadid bobolarimiz ham to‘y-ma’rakalarimizdagi isrofgarchilik, dabdababozlik, maqtanchoqlik millatimizni ma’naviy tanazzulga yetaklaydigan illat ekani haqida qanday kuyunib o‘tganlarini yaxshi bilamiz», dedi va oilaviy marosimlarga «To‘y-ma’raka – bu faqat shaxsiy ish emas, balki ijtimoiy masala» deb juda to‘g‘ri baho bergan.

Ijtimoiy hayotdagi iqtisodiy taqchillikka, OAV orqali chiqishlarga qaramay, to‘ylarni dabdabali o‘tkazish, sarpolar olishu maishatga mukkasidan ketishlik kuchaymoqda. Bunday holatlar ko‘pchilikning joniga tekkan bo‘lsa ham, to‘ylarni ixcham va sodda o‘tkazishda hech kimda iroda, qat’iyat yetmayapti. Yosh oilalar ham aynan ana shu isrofgarchilik, zamonsozlikning qurboni bo‘lishayotir.

Sarpo-suruq sovuqchilik solar...

Elimizda sepli qiz bo‘lguncha, epli qiz bo‘l, degan gap bor. Ming taassuflar bo‘lsinki, kelinlik ostonasida turgan qizlar «Sarpo xarid» chog‘ida xarxasha qiladigan yosh bolaga aylanishadi-qolishadi. Bozor rastalari oralab borayotgan kelin bo‘lmish qizlarning savdo chog‘idagi holatini ko‘rib, ham kulasiz, ham ta’bingiz xira bo‘ladi. Bo‘lg‘usi qaynona-qaynotadan tap tortishmay, «Unisini emas, bunisini olaman!» deb oyoq tirab olishadi. Qimmatbaho buyumlaru oltin-kumush do‘konlarida mashmashasini boshlagan kelinchak-qizning beo‘xshov qiliqlaridan xokisor qaynonaning yuragi zirqirraydi.

– Bunisiga qo‘limiz sal kaltalik qildi-ya, qizim...

– Yo‘qsa, keragi yo‘q, qo‘yavering, – tumshayadi kelin-qiz.

Bo‘lg‘usi qaynona noiloj. To‘yni qaytarish shashtida yonadiyu, yana shaytonga «hay» beradi. Harna bo‘lgandayam, o‘sha qimmatbaho toshni sotib olishga majbur...

Qaysarligu o‘jarlik bilan kuyov tomonni qaqshatib, o‘zi istagandek kiyim-kechagu taqinchoqlarga bezanib, yor ostonasiga kelgan kelinchakning shodu xurram, xushnud onlari bir necha oy davom etadi...

To‘ydan oldin kelinchak bozorda o‘z fe’lini «ko‘rsatib qo‘ygan»i uchun qaynona ham to‘ydan keyin «tomosha»sini ko‘rsatish payiga tushadi. Bu ham yetmagandek, turli vitaminlarga boy taomlar, meva-chevalar iste’mol qilishi lozim bo‘lgan kelinchakning homiladorlik davrlarida eri, qaynona-qaynotasi to‘y qarzlarini to‘lash bilan band bo‘ladi. Natija esa ayon. Kamqonlik, nosog‘lom farzandlarning dunyoga kelishi... Er-xotin o‘rtasidagi qo‘ydi-chiqdilar yosh oilani yemiradi-qo‘yadi.

«Telba kelin-kuyov»

Shu o‘rinda, «Sarpo xarid» chog‘idagi keyingi bir tomoshani kuzatib, ayrim ota- onalarning kimo‘zarchilikka berilib, yoshlarning orzu-havaslariga qarshi chiqayotganlariga ham guvoh bo‘lasiz. Kelin-kuyov bo‘lmish yoshlar o‘qimishli. Yangilikka o‘ch. Kitobu ilmga berilishgan. Ularga oltin-kumush, qimmatbaho kiyim-kechaklarning qizig‘i yo‘q. Bozorga ikkkalasiniyam sudragudek olib chiqishgan.

– Bizga qarz-qavola qilib, sarpo-suruq qilmanglar, iltimos.

– Odamlar nima deydi?! Hech kimdan orqada qoladigan joyimiz yo‘q. Kerak emas, kerak emas, deysanlar, senlarga osmondagi oy kerakmi?!

– Yo‘q, – deyishadi bo‘lg‘usi oila sohiblari iymanishib, – bizga, yaxshisi, arzonroq bo‘lsayam, kompyuter oberinglar.

– Bu sarpolar puli o‘nta kompyuteringdan qimmat. Bo‘lmag‘ur gaplaringni qo‘y!

Yoshlarning orzu-havasi havoda qoldi.

– Sarpo-suruqlarimizga hech bo‘lmasa, kitob qo‘sharsizlar, – deyishadi yoshlar xunob bo‘lishib.

Kitobga, ilmga muhabbati ziyoda yoshlarni kuzatib turganlar «Telba kelin-kuyov» deya ularning ustidan kulishadi. To‘g‘ri, ayrimlar fikricha, ular ilmu kitob bilan band bo‘lishsa, tirikchiligu bozorni kim qiladi? Ammo, inson dunyoga kelar ekan, ikki maqsad: Tirikchilik va Bozor uchun kelmagan. Yoshlar istagandek sarpoga kitob qo‘yilishi, shubhasiz, oilaning mustahkamligini ta’minlaydi.

Ayrim yosh quda-andalar kelin-kuyovga obro‘, deya to‘y dabdabasi oldi ularning turnaqator mashinalarda shahar aylanishlarini ta’minlab qo‘yishadi. Yoshlar ham shovqin-suron, quloq pardalarini yirtib yuborgudek musiqa sadolari ostida «kimo‘zarga yetib-olar» qilishib, mashinalar «o‘yini» bilan shahar kezishadi. Ko‘chani to‘ldirib, qiyqirib-quvlashib borayotgan to‘y kortejlarida haydovchilar ana shu vaziyatlarda insonlar hayotini, umuman, o‘ylashmaydi. Dabdaba, hoyu-havasga hirs avjining oxiri ko‘pincha fojia yoki ko‘ngil xiraliklari bilan yakun topadi. 

Dodu bedod...

Bir paytlar to‘y, deganda diydor, suhbat, kamtarlilik, tejamlilik uyg‘un bo‘lardi. Bugun esa – elu yurtni ovqatu aroqqa to‘ydirish tushunilgandek, go‘yo. «Falonchi aka zo‘r to‘y berdi», «Pismadonchi ajoyib osh qipti», «To‘y sohibi bazmda aroqni chelaklab quydi-da, ofarin!» – deb kekirib qo‘yishadi. Keraksiz dabdaba, ota-onalarning hashamati, yoshlarning ortiqcha sho‘xligi natijasida to‘ylarning mazmuni-shakli o‘zgardi.

Bugun to‘yxonalarning sanog‘i yo‘q. Hatto, eng chekka qishloqlargacha to‘yxonalar qad rostlagan. Bu bir jihatdan qulay bo‘lsa-da, to‘ylardagi fayzu ziynatni, ko‘rinishni yo‘qotdi. To‘yxonalar faqat yeb-ichib, mast-alast bo‘ladigan, shovqin-suron maydoniga aylandi-qoldi. Karnay-surnayu kuy-qo‘shiqlarning dodu bedodidan odamlar yonginasidagi oshnasi bilan gaplasha olmaydi. Musiqa karnayu maxsus baqirtirgichlarga ulangan: quloqlar tom bitib qoladi. Kelin-kuyov – o‘zbek. Musiqalar xorijona. «Madaniyatli» quda-andalar o‘zaro kelishgan holda 3-4 million so‘m ortiqcha xarajat qilishib, baletmeystrni ham taklif qilishgan. To‘rt tomonga sakrab-aylanayotgan baletmeystr to‘y to‘rida emas, davraning boshidan-oxirigacha inglizcha kuyda valsga tushayotgan kelin-kuyovlar tez-tez «qistirib» qo‘yadigan pullarni olib qo‘yishni ham unutmaydi. San’atkorlar ham ustasi farang bo‘lib ketishgan. Matni buzilgan kuy-qo‘shiqlarga shunchaki lab qimirlatib turishdan charchashmaydi. O‘zbekcha kuy-navolar ostida talaffuzi nomunosib ruscha yoki inglizcha qo‘shiqlar yangraydi. Har kim o‘z-o‘zi bilan band. Birov bilan birovning ishi yo‘q. Muhimi, odamlarning qorni to‘q, kayfi taroq... qalbi och. To‘ylarning, nafaqat, mazmuni, balki shaklining ham o‘zgarib borayotganidan, o‘zbek madaniyati to‘xtovsiz ommaviy madaniyat xuruji ostida qolib borayotganidan yurak achishadi.

Buxoro amirligi davrida to‘y dabdabozligi

«Buxoro amirligi davrida ham to‘ylarni tartibga solish bo‘yicha amallar bajarilgan. Bundan 100 yil oldingi tariximizga nazar tashlasak, Buxoro amirligida ham dabdabali to‘ylar va marosimlarni tugatish kun tartibida turgan muhim ijtimoiy vazifalardan biri bo‘lganligiga guvoh bo‘lamiz. XX asr boshlarida Buxoro amirligida to‘ylar g‘oyatda hashamdor bo‘lib, 7-8 kun davom etar, har kuni 6-7 xil ovqat pishirilib, taklif qilingan mehmonlarga 5 qadoq (410 gramm) dan 2 pud (16 kg)gacha qand berilar va chopon kiydirilardi. Bundan tashqari, to‘ylarda ko‘pkarilar tashkil qilish odat tusiga kirib qolgan edi, – deydi tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori Dilnoza Jamolova. – Buxoro amiri Olimxon (1910-1920) hukmronligi davrida to‘y-ma’rakalardagi isrofgarchiliklar va dabdababozliklarni tugatishga alohida e’tibor qaratdi hamda to‘ylarni ixcham o‘tkazishga oid farmonlar qabul qildi. Jumladan, 1911 yil mart oyida «Juda isrofli to‘ylarni tugatish to‘g‘risida» farmon chiqargan. Unga ko‘ra, to‘ylarda palovdan boshqa ovqat berganlarga 75 darra urish jazosi tayinlanib, sunnat va nikoh to‘ylarida tashkil qilinadigan uloq chopish va poyga tadbirlari bekor qilingan. Ushbu tadbirni tashkil etgan shaxs o‘lim jazosiga mahkum etilishi belgilab qo‘yilgan. Shuningdek, buxoroliklar to‘ylariga kelgan barcha mehmonlarga ziyofatdan tashqari ularning har biriga chopon berish rasmi ta’qiqlab qo‘yilgan».

Tarixchining so‘ziga ko‘ra, Amir Olimxon serxarajat to‘ylar oilalarni iqtisodiy falokat yoqasiga olib kelishini anglagan holda, bunday to‘ylarni bartaraf etish bo‘yicha qat’iy talablarni ishlab chiqqan. Natijada to‘y kunlari qisqartirilgan, bir xil ovqat pishirish belgilab qo‘yilgan, chopon kiydirishlar keskin kamaygan, qand tarqatish to‘xtatilgan hamda ko‘pkarilar o‘tkazilmay qo‘yilgan. Ayrim amaldorlarning poraxo‘rligi tufayli amir farmoniga zid ravishda hashamdor to‘ylar o‘tkazib turilgan bo‘lsa-da, oddiy xalq bu farmonlarni mamnuniyat bilan qabul qilgan.

Xulosa qilib aytganda, oradan 100 yildan ortiqroq vaqt o‘tib, bugungi jamiyatimiz oldida ham to‘y marosimlarini tartibga solish dolzarb masala bo‘lib turibdi. Pandemiya davrida e’lon qilingan karantin vaqtidagi kamxarajat va ixcham to‘ylar hozirda yana dabdabali tus olmoqda.

«Shu o‘rinda prezidentimiz «Xalqimiz pul topib, aql topmagan, ma’naviy saviyasi past kimsalarga aylanib qolmasligi, to‘y-hashamlar, ma’rakalarni o‘tkazish bo‘yicha musobaqa o‘ynab, turli-tuman yangi odatlarni o‘ylab topmasligi zarur», degan fikrlarini keltirishni juda o‘rinli deb hisoblayman», - deydi Dilnoza Jamolova.

Ha, biz xohlaymizmi-yo‘qmi, bugun emas, ertaga, albatta, to‘y o‘tkazish tartiblari ixchamlashib, soddalashib boraveradi. Negaki, narxlarning o‘sishi, kundalik iste’mol mollarga bo‘lgan ehtiyojning oshib borishi kishini ko‘proq ishlashga, mehnat qilishga undaydi. Odamlar ijtimoiy hayotning mazmun-mohiyatini anglashlari uchun imkon tug‘iladi. Mashaqqatlar bilan topgan pullarini to‘y-tomoshalarda huda-behuda sovurishdan saqlanishadi. To‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlarni o‘tkazishni tartibga solish to‘g‘risida»gi farmonning e’lon qilinganiga bir necha yillar bo‘ldi. Farmon ijrosini ta’minlash amallari, ayniqsa, qishloq joylarida o‘z natijasini ko‘rsatgan. Bugungi kunda «Yoshlar bazmi», «ZAGS to‘yi», «Fotiha to‘ylari», «Chimildiq osar» marosimlari anchagina qisqartirildi. Shuningdek, to‘ylarda spirtli ichimliklar qo‘ymaslik choralari ham qat’iy yo‘lga qo‘yilmoqda. Mahallalarda iqtidorli laparchi ayollar, musiqachilar guruhi tashkil etilib, to‘ylarning qiziqarli o‘tishi uchun turli dasturlar tayyorlash ishlari olib borilmoqda. Ortiqcha hashamat, ko‘r-ko‘rona odatlarni cheklash yoshlar baxtli bo‘lishining birinchi shartidir.

Ayni kunning maqsadi ham shu: o‘ziga xos, milliy o‘zbekona to‘ylarni joriy etish. Milliy qiyofasi, mazmuni va shakli or-nomus, pokiza va kamtarona tuyg‘ular bilan mustahkam to‘y-tomoshalarning iftixorimizga aylanib qolishiga ne yetsin.

Laylo Hayitova

 

 

 

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring