Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Qosh qo‘yaman deb, ko‘z chiqardi». Toshkent shahar hokimligi yomg‘irdan keyingi manzaraga izoh berdi

«Qosh qo‘yaman deb, ko‘z chiqardi». Toshkent shahar hokimligi yomg‘irdan keyingi manzaraga izoh berdi

Foto: Facebook / Drivers.uz

Kecha, 13-may kuni Toshkent ko‘chalarida yoqqan yomg‘ir poytaxt markaziyu, chekka hududlarda ham kattayu kichik ko‘lmaklar hosil qilib, transport vositalarining hamda aholining harakatlanishiga qiyinchiliklar tug‘dirgani haqida xabar bergan edik.

Nima sababdan bunday holat yuzaga keladi, uni bartaraf etib bo‘lmasmikin? Buning sabablari ko‘p. Masalan, yomg‘ir-qor suvlarini tortib ketishga mo‘ljallangan shaharning drenaj-lotok tizimi joriy holati tabiat injiqliklari oldida ojiz qolmoqda. Buning uchun Toshkent shahar hokimligi shahrimiz aholisi va mehmonlaridan uzr so‘raydi.

Toshkent shahar va tuman hokimliklari rejasiga ko‘ra bunyod etiluvchi barcha ob’yektlarning kommunikatsiyalari aniq o‘lchamlarda olinadi, binolarda barcha sharoitlar yetarli bo‘lishiga erishilishdan tashqari obodonlashtirish borasida ham zarur tadbirlar qilinadi. Ana shunda yomg‘ir suvlariga mo‘ljallangan quvurlar bo‘lishi va suv to‘planib qolishining oldini olish alohida inobatga olinadi. Boshqa tashkilot va fuqarolar tomonidan amalga oshirilgan bunyodkorliklarda esa aynan shahar rejasiga ko‘ra qurilgan yuzlab yomg‘ir suviga mo‘ljallangan quvurlar ko‘mib yuborilgani kuzatilgan.

«Qosh qo‘yaman deb, ko‘zni chiqardi» degan maqolni aynan shunday holatga nisbatan ishlatsak, o‘rinli bo‘ladi. Negaki, ular go‘yoki atrofni obod qilgan, lekin shu bilan shahar infratuzilishiga sezilarli ziyon yetkazgan», deyiladi xabarda.

Fuqarolardan kelib tushayotgan ko‘plab taklif va mulohazalardan kelib chiqib, shahar drenaj-lotok tizimi ob’yektlarining haqiqiy holatini o‘rganish bo‘yicha Toshkent shahar hokimligi qoshida maxsus ishchi guruh tuzilmoqda. Ishchi guruh tarkibiga tegishli tuman hokimligi, Obodonlashtirish boshqarmasi, «Suvsoz» korxonasi va tashabbuskor shaxslar ekspertlar sifatida jalb qilinib, yuqorida ko‘rsatilgan holatlar kelgusida takrorlanmasligi bo‘yicha aniq takliflar ishlab chiqiladi va bajarilishi ta’minlanadi. Takliflarni ishlab chiqishda dunyoning yirik megapolis shaharlarida qo‘llanilgan zamonaviy texnologik yechimlar o‘rganiladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring