Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qozog‘iston aviakompaniyasi O‘zbekiston bozoriga jiddiy qiziqmoqda: monopoliyaga chek qo‘yiladimi?

Qozog‘iston aviakompaniyasi O‘zbekiston bozoriga jiddiy qiziqmoqda: monopoliyaga chek qo‘yiladimi?

Foto:«Xabar.uz»

30-may kuni Qozog‘istonning «Air Astana» aviakompaniyasining «Samruk-Kazina» va «BAE Systems» fondlari hamkorligida tashkil etilgan «FlyArystan» loukasteri Olmaota­­­—Chimkent yo‘nalishida ilk parvozini amalga oshirdi.

Ushbu reysni kuzatish va yoritish maqsadida bevosita o‘zbek jurnalistlari ham taklif etildi.

Foto:«Xabar.uz»

Rivojlanib borayotgan qo‘shni davlatdagi aviatsiya tizimi, aeroportlari, xizmatlari va eng asosiysi, parvoz narxlari barchaga qiziqarli bo‘lishi tabiiy. Ayniqsa, monopol «O‘zbekiston havo yo‘llari» narxlarni paydar-pay oshirib borayotgan sharoitda qo‘shnilarda aviaparvozlar ancha arzon ekani haqidagi ma’lumotlar quloqqa chalinadi. Olmaota va Chimkentga safar davomida bu haqda bir qancha ma’lumotlarga ega bo‘ldik.

Dastlab ta’kidlash joiz, Qozog‘istonda bir emas, bir nechta aviakompaniya bor. Ulardan yetakchilari — «Air Astana», «Bek Air», «Qazaq Air» kabilar sanaladi. Aviakompaniyalar o‘rtasida yo‘lovchi uchun raqobat, xizmatlar sifatini kengaytirishga harakat kuchli.

Olma-Ota va Chimkent orasidagi parvoz vaqti 1 soatu 20 daqiqani tashkil etdi. Ushbu reys uchun biletlarning eng arzoni 4999 Qozog‘iston tengesidan boshlanadi (taqriban 110 ming so‘m).  Solishtirish uchun: «O‘zbekiston havo yo‘llari»ning Toshkent-Urganch yo‘nalishining uchish vaqti 1 soatu 30 daqiqani tashkil etib, eng arzon bilet narxi 528 ming so‘mdan boshlanadi.

Demak, bizning monopol aviatashuvchimiz Qozog‘iston loukasteridan bir necha barobar qimmatga tushyapti. Ma’lumot uchun, o‘rtacha ish haqi Qozog‘istonda 481 dollar, bizda esa mehnatga eng kam haq to‘lash miqdori qariyb 60 dollarni tashkil etadi.

Xalqaro yo‘nalishlarni gapirmay qo‘yaqolaylik.

Havo kemasi Chimkent shahriga kelib qo‘ngach, shahar aeroportida mahalliy va xorijiy jurnalistlar, Chimkent shahar hokimi Gabidulla Abdurahimov, «Air Astana» kompaniyasi direktori Piter Foster ishtirokida matbuot anjumani tashkil etildi. Unda qayd etilishicha, O‘zbekiston bilan geografik jihatdan yaqin bo‘lgan Chimkent shahridan Toshkentga aviaqatnovlarni rivojlantirish masalasi keng ko‘rib chiqilmoqda.

Foto:«Xabar.uz»
Foto:«Xabar.uz»
Foto:«Xabar.uz»

Matbuot anjumanidan so‘ng «Air Astana» kompaniyasi direktori Piter Foster o‘zbekistonlik jurnalistlarga maxsus intervyu berdi.

«O‘zbekiston ulkan yo‘lovchi potensialiga ega. Oddiygina solishtiruv: Qozog‘istonda 20 millionga yaqin odam yashasa, O‘zbekistonda 33 milliondan ziyod aholi bor. Men Qozog‘istonda 4 yildan beri yashayman, Markaziy Osiyo haqida ancha-muncha tasavvurlarim bor. Bizning «Air Astana» aviakompaniyamiz O‘zbekiston bozorida faol ishtirok etishni mo‘ljallamoqda. Bu bo‘yicha bir qancha kelishuvlarga erishishi uchun harakat qilmoqdamiz, hatto O‘zbekistonning Qozog‘istondagi elchisi tashabbusimizni qo‘llab, yordam qo‘li cho‘zishini ma’lum qildi. Albatta, bu O‘zbekistonning iqtisodiy jarayonlariga ijobiy ta’sir etadi degan umiddaman. Biz yo‘lovchilarga hamyonbop narxlarni taklif etamiz. Masalan Chimkentga Olmaotadan arzon tariflar 4999 tenge (13 dollar)dan boshlanadi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, yo‘lovchilarimizning qariyb 50 foizi samolyotda hayotida ilk bor parvoz qilmoqda. Bu mijozlarimiz soni oshayotganidan darak beradi.

O‘zbekistonning ichki yo‘nalishlari ham katta yo‘lovchi salmog‘iga ega. Mamlakat ichida ham reyslarni yo‘lga qo‘yish niyatimiz bor», —deydi Piter Foster.

Piter Foster, «Air Astana» aviakompaniyasi direktori. Foto:«Xabar.uz»

Xullas, «Air Astana» aviakompaniyasi O‘zbekistonga jiddiy qiziqmoqda. Janob Fosterning mamlakatimiz haqida to‘lqinlanib gapirganini o‘zi shundan dalolat beradi.

Hozirda Toshkentdan Qozog‘istonga ushbu kompaniyaning bir qator reyslari mavjud. Yangi kompaniyalar kelib, chiptalar narxi tushsa, «O‘zbekiston havo yo‘llari» ham narxlarni aholining real daromadidan kelib chiqib belgilasa, eng muhimi, monopoliya degan balo yo‘qolsa, odamlarimiz ham  tez-tez samolyotda uchadigan (ichki reyslarda ham), turizm va biznes oldinga siljigan, Rossiyaga ketayotgan fuqarolarimiz xavfsizligi ta’minlangan bo‘lardi. O‘sha kunlar kelishiga umid qilishda davom etamiz.

Zora...

Ulug‘bek Oripov,
Toshkent-Olmaota-Chimkent-Toshkent

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring