Qrim-Kongo gemorragik isitmasi G‘uzorda 2 nafar bolaning o‘limiga sabab bo‘lgani aytildi
Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumanida 4 yoshli bola noma’lum kasallikdan vafot etgani haqida xabar tarqalgandi. Oradan hech qancha vaqt o‘tmasdan kasallikka chalingan 6 yoshli qizcha ham vafot etadi.
Keyinchalik bu ikki bolaning o‘limiga gemorragik isitma kasalligi sabab bo‘lgani aytildi.
O‘zbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining O‘ta xavfli yuqumli kasalliklar bo‘limi bosh mutaxassisi Umir Mirzayev o‘sha hodisa va bunga sabab bo‘lgan Qrim-Kongo gemorragik isitma kasalligi haqida ma’lumot berdi.
– Ikki go‘dakning vafoti achinarli hol. Qrim-Kongo gemorragik isitma kasalligi virus qo‘zg‘atadigan, kanalar orqali transmissiv yo‘l bilan yuqadigan, tabiiy o‘choqli o‘ta xavfli yuqumli kasallik hisoblanadi. Yirik va mayda shoxli hayvonlarda uchraydigan iksod kanalari ushbu kasallik virusining saqlovchisi va tashuvchilari hisoblanadi. Shu o‘rinda kasallik asosan, faoliyati cho‘l hududlari, cho‘pon, ularning oila a’zolari, mol boquvchilar, ovchilar, qo‘ylar junini qirqimiga vaqtinchalik ishga jalb etilganlarda uchrashini alohida ta’kidlamoqchi edim. Gemorragik isitma mavsumiylik xususiyatiga ega bo‘lib, asosan yilning bahor va yoz fasllarida qayd etiladi. Kasallikdagi bunday mavsumiylik kanalarning faolligi bilan bevosita bog‘liq bo‘ladi. Bu kasallik asosan 80 foizdan ko‘prog‘i 20 – 60 yoshdagi erkaklarda uchraydi.
Kasallik tabiiy sharoitda o‘zida gemorragik isitma virusini saqlaydigan kanalarning chaqishi va qo‘llarni kana qoni bilan ifloslanishi natijasida odamlarga yuqadi. Yana bir xavfli tomoni – bu QKGI bilan og‘rigan bemorning qoni orqali ham gemokontakt yo‘l bilan sog‘lom odamga yuqadi. Kasallikning yashirin davri o‘rtacha 2 – 3 kun davom etadi. Ba’zida bu davr bir necha soatlargacha qisqaradi yoki 14 kungacha cho‘ziladi.
Kasallik o‘tkir boshlanib, tana haroratining ko‘tarilishi (39 – 40 ºS), yuz, bo‘yin, ko‘krak qismi terilarining qizarishi, badanning sovuq qotib qaltirashi, mushaklarning og‘rishi, toshma toshishi, milk, burun, oshqozon-ichaklardan qon ketishi, in’yeksiya joylarida qon quyilishlar kabi alomatlar bilan namoyon bo‘ladi. Ba’zida kasallik og‘ir kechib, o‘lim holatlari ham qayd etiladi. Yana bir jihat mazkur kasallik gemorragik belgilarsiz shaklda ham kechishi mumkin. Kasallikning bu shaklida badanda toshmalar toshmaydi, qon talashlar kuzatilmaydi, organlarlardan qon ketmaydi, kasallik asosan isitma va intoksikatsiya alomatlari bilan kechadi. Bunday bemorlardan laboratoriya tekshiruvi uchun qon olish hamda teri butunligi buzilishi bilan kechadigan muolajalarni amalga oshirish jarayonlarida epidemiyaga qarshi talablarga rioya qilmaslik natijasida tibbiyot xodimlariga kasallik yuqishi mumkin.
Qrim-Kongo gemorragik isitma kasalligining o‘chog‘ida G‘uzor tumanidagi «Eskibog‘» MFY, Eskibog‘ qishlog‘ida epidemiya va proftilaktik chora-tadbirlar davom ettirilmoqda. Jumladan, G‘uzor tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli 30 nafar tibiyot xodimi tibbiy kuzatuvga olingan, ularning gemokontaktda bo‘lgan 22 nafaridan joriy yilning 26 iyun kuni qon tahlillari olindi. Tahlillar Respublika Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti virusologiya laboratoriyasiga PSR va IFA usullarida tekshirish maksadida olib kelingan. Laboratoriyaning xulosasiga ko‘ra ularning PSR va IFA usullari tekshiruv natijalari QKGI kasalligiga «manfiy» bo‘lgan. Tibbiyot xodimlari tomonidan uyma-uy yurib, aholi o‘rtasida Qrim-Kongo gemoragik isitma kasalligining profilaktikasi bo‘yicha keng targ‘ibot, tushuntirish ishlariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Noma’lum kanalar tarqalganligi to‘g‘risidagi gap-so‘zlar asossiz. Respublikamizning bir nechta viloyatlarida kanalarning tabiiy o‘choqlari mavjud. Olimlar iksod kanalarini suvsiz va ozuqasiz 20 yildan ortiq yashashi mumkinligini aniqlagan. Eski molxonalar, devor kavaklarida yashiringan kanalar ob-havoning seryomg‘ir kelishi va havo haroratining birdan qattiq isib ketishi natijasida harakatga keladi. Shu sababli molxonalarda vaqti-vaqti bilan kreolinning 3 foizli ishchi eritmalari bilan dezinseksiya ishlari o‘tkazib turilishi kerak.
Qrim-Kongo gemorragik isitma kasalligidan saqlanish uchun quyidagilarga rioya qilish tavsiya etiladi:
- badanga kana yopishganligi aniqlansa, yaqin joylashgan tibbiyot muassasasiga murojaat qilish kerak;
- kanalarni qo‘l bilan ezib, qaychi bilan kesib o‘ldirmaslik, qirqim mavsumiga yosh bolalar, o‘smirlar va homilador ayollarni jalb etmaslik, sut sog‘ish jarayonida sigirlardan kanani qo‘l bilan olmaslik;
- kanani ustki qismiga 1 tomchi o‘simlik moyi tomizilsa kana o‘ladi;
- chorvachilik bilan shug‘ullanadigan aholi yiliga 2 marta dezinseksiya ishlarini amalga oshirishi kerak;
- eski molxonalarda vaqti-vaqti bilan ta’mirlash ishlarini olib borish kerak;
- qirqim vaqtida faqat maxsus himoya kiyimlardan (qo‘lqop, yeng va pochalari mustahkam berkiladigan shim, kamzul, rezina etik) foydalanish, shaxsiy gigiyena qoidalariga puxta amal qilish kerak.
Yuqoridagi qoidalarga qat’iy amal qilsak, kasallikning oldini olish chora-tadbirlarini boshqalarga ham tushintirsangiz o‘zimiz va atrofdagilarning sog‘ligini himoya qilgan bo‘lamiz, — deydi mutaxassis.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter