Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qurilish korxonalarining soliq qarzi 2,5 trln so‘mdan oshdi

Qurilish korxonalarining soliq qarzi 2,5 trln so‘mdan oshdi

Foto: Xabar.uz

2026-yil 1-iyun holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda soliq qarzi 100 million so‘mdan yuqori bo‘lgan qurilish korxonalari soni 1 964 tani tashkil etdi. Soliq qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, ularning jami soliq qarzi 2 trillion 564,8 milliard so‘mga yetgan.

Shundan 618,6 milliard so‘m yoki umumiy qarzning 24,1 foizi soliq qarzi eng yuqori bo‘lgan 10 ta qurilish korxonasi hissasiga to‘g‘ri keladi. Bu sohadagi qarzdorlikning katta qismi oz sonli yirik korxonalarda to‘planganini ko‘rsatadi.

Hududlar kesimida eng yuqori qarzdorlik Toshkent shahrida qayd etilgan bo‘lib, qurilish korxonalarining jami soliq qarzi 817,4 milliard so‘mni tashkil qilgan. Keyingi o‘rinlarda Andijon viloyati — 329,1 milliard so‘m va Toshkent viloyati — 304,5 milliard so‘m bilan qayd etilgan.

Qarzdor korxonalar

Ma’lumotlarga ko‘ra, eng katta soliq qarziga ega qurilish korxonasi Toshkent shahridagi «Aziya Invest Favorit» MChJ hisoblanadi. Korxonaning qarzi 140,2 milliard so‘mga yetgan.

Ikkinchi o‘rinda «Tash Constructions House» MChJ — 102,4 milliard so‘m, uchinchi o‘rinda esa «Oqbuloq Obod Guzari» MChJ — 92 milliard so‘m soliq qarzi bilan qayd etilgan.

Shuningdek, reytingdan «Tamirlash Qurilish Servis» MChJ (76,7 milliard so‘m), «Agro Asia Trade Servis» MChJ (39,8 milliard so‘m), «Grand Road Tashkent» MChJ QK (38,2 milliard so‘m), «Usta Obid Brend» MChJ (37,9 milliard so‘m), «Oltin Baliq» MChJ (33,2 milliard so‘m), «National Road Invest» MChJ (29,4 milliard so‘m) va «DSK Binokor» MChJ (28,8 milliard so‘m) o‘rin olgan.

Hududlar kesimida

Hududlar bo‘yicha tahlillar qurilish sohasidagi qarzdorlik ayrim hududlarda yuqori darajada to‘planganini ko‘rsatmoqda. Buxoro viloyatida mazkur ko‘rsatkich 188,1 milliard so‘m, Qashqadaryo viloyatida 161 milliard so‘m va Farg‘ona viloyatida 106,5 milliard so‘mni tashkil etgan.

Shu bilan birga, Jizzax viloyatida 96,2 milliard so‘m, Samarqand viloyatida 91,8 milliard so‘m, Surxondaryo viloyatida 78 milliard so‘m, Namangan viloyatida 70 milliard so‘m soliq qarzi qayd etilgan. Eng past ko‘rsatkichlar Navoiy viloyatida — 58,4 milliard so‘m va Sirdaryo viloyatida — 53,7 milliard so‘mni tashkil qilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring