Quyosh va shamol elektr stansiyalari olti oyda 5 mlrd kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqargan

Bugungi kunda mamlakatning 10 ta viloyatida umumiy quvvati 4 119 megavatt bo‘lgan 11 ta quyosh fotoelektr stansiyasi hamda 4 ta shamol elektr stansiyasi «yashil» energiya ishlab chiqarmoqda.
Navoiy va Samarqand viloyatlaridagi dastlabki quyosh elektr stansiyalari tarmoqqa ulanganidan so‘ng 2022 yili 434 mln kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarilgan edi.
O‘tgan yili respublikaning 7 ta viloyatida joylashgan 9 ta quyosh va bitta shamol elektr stansiyalari tomonidan ishlab chiqarilgan jami elektr energiyasi hajmi 4 mlrd 860 mln kVt/soatni tashkil qildi.
Bundan 26 kun oldin, 2025 yil 10 iyun kuni soat 12:00 da joriy yil boshidan buyon quyosh va shamol elektr stansiyalari tomonidan 4 mlrd kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarilgani qayd etilgan edi.
6 iyul holatiga ko‘ra, quyosh va shamol elektr stansiyalari tomonidan 2025 yilda ishlab chiqarilgan elektr energiyasi miqdori 5 mlrd kVt/soatga yetdi. Bu o‘tgan vaqt mobaynida kuniga o‘rtacha 26,7 mln kVt/soat elektr energiyasi quyosh va shamol elektr stansiyalaridan olindi, deganidir.
Mazkur generatsiyaning 3 mlrd 125,4 mln kVt/soatlik qismi quyosh elektr stansiyalari tomonidan, 1 mlrd 915,1 mln kVt/soatlik qismi esa shamol elektr stansiyalari tomonidan ishlab chiqarildi.
Buning natijasida:
- 1 mlrd 515 mln kub metr tabiiy gaz tejalishiga erishildi;
- atmosferaga 2 mln 220 ming tonnadan ortiq zararli gazlarning chiqishi oldi olindi.
Qolaversa, joriy yil boshidan bugun, 7 iyul soat 08:00 ga qadar O‘zbekistondagi barcha gidroelektr stansiyalari va quyosh hamda shamol elektr stansiyalari tomonidan 8 mlrd 736,9 mln kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Bu joriy yildagi jami generatsiyaning 20,3 foizini tashkil qiladi.
Buning natijasida:
- 2 mlrd 647 mln kub metr tabiiy gaz tejalishiga erishildi;
- atmosferaga 3 mln 879 ming tonnadan ortiq zararli gazlarning chiqishi oldi olindi.
Ma’lumot uchun, mazkur hajmdagi elektr energiyasi 7 million 280 mingta xonadonning olti oylik yoki 3 million 640 mingta xonadonning bir yil me’yoriy bazasini tashkil qiladi.
Manba: t.me
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter