Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tojikiston. Qo‘shnilarda ne gaplar?

Tojikiston. Qo‘shnilarda ne gaplar?

Ota va o‘g‘il – mamlakatning amaldagi va ehtimol istiqboldagi rahbari.

Foto: Tojikiston prezidenti matbuot xizmati

17 aprel kuni Tojikiston prezidenti Emomali Rahmonning o‘g‘li Rustam Emomali mamlakat parlamenti – Majlisi millining raisi etib saylandi.

Shu tariqa prezidentning 33 yoshli o‘g‘li mamlakatdagi ikkinchi qudratli shaxsga aylandi. Tojikiston konstitutsiyasiga ko‘ra, prezident vafot etgan yoki o‘z vazifasini bajara olmay qolgan taqdirda navbatdagi saylovga qadar davlat rahbari lavozimi parlament raisiga o‘tadi.

Xo‘sh, Tojikistonni 1994 yildan beri tanaffussiz idora etib kelayotgan 67 yashar Emomali Rahmon boshqaruvdan charchadimi? U ham Ozarboyjonning marhum yetakchisi Haydar Aliyev kabi o‘z o‘rniga o‘g‘lini qoldirmoqdami?

Tahlilchilarga ko‘ra, Tojikiston rahbari nepotizm – qarindosh-urug‘chilik rishtalariga asoslangan boshqaruvni mustahkamlashga urinmoqda. E.Rahmonning 42 yashar qizi Ozoda Rahmon ham yuqori lavozimda: u prezident devoni rahbari sanaladi. Bundan tashqari, prezident oilasining turli darajadagi qarindoshlari mamlakat bo‘ylab katta-kichik lavozimlarni egallagani aytiladi.

«Mamlakat bu holga (prezident o‘g‘lining yuqori lavozimga tayinlanishiga – tahr.) ko‘pdan hozirlik ko‘rayotgan edi. Bu esa Tojikiston nepotizm – oilaviy boshqaruvning klassik namunasi ekanini yana bir karra tasdiqlaydi. MDHda hokimiyatning bunday tizimi Ozarboyjonda allaqachon tajribadan o‘tkazilgan», – deydi jurnalist va siyosatshunos Arkadiy Dubnov.

Hozirga qadar Dushanbe shahri hokimi vazifasida ishlab kelgan, Markaziy Osiyodagi eng yosh general Rustam Emomalini oliy lavozimga tayinlash yo‘lidagi urinishlar 2016 yildayoq boshlab yuborilgan. O‘sha yili mamlakat konstitutsiyasiga kiritilgan o‘zgartirishga muvofiq, prezidentlikka nomzodlarga qo‘yilgan yosh cheklovi 35 dan 30 ga tushirildi. Bu esa joriy yil kuzda o‘tajak saylovda Rustam Emomali bemalol nomzod sifatida qatnasha oladi deganidir. Ammo aksar siyosiy tahlilchilar Emomali Rahmon navbatdagi saylovda ham o‘zi qatnashishini ta’kidlamoqdalar. Arkadiy Dubnovga ko‘ra, Emomali Rahmon navbatdagi saylovda ham o‘zi ishtirok etadi va vakolati muddati davomida o‘g‘liga hokimiyatni topshiradi.

Markaziy va Janubi-sharqiy Osiyo bo‘yicha ekspert Aleksandr Knyazev ham ayni shunday fikrda.

«Hozirgi pallada Emomali Rahmon hokimiyatning to‘laqonli topshirilishiga harakat qilish dargumon. Hokimiyatning oshig‘ich topshirilishiga mahalliy siyosiy elita ham tayyor deb bo‘lmaydi. Emomali Rahmon salkam 30 yildan beri hokimiyat jilovini tutib turgani mahalliy siyosiy elita ichida ko‘rinmas ziddiyatlarga doyalik qilayotir», – deb hisoblaydi A.Knyazev.

Ekspertga ko‘ra, oilaviy sulolaga asos solish uchun Emomali Rahmon kuchishlatar tizimda ham muayyan o‘zgarishlarni amalga oshirmog‘i talab etiladi.

Tojikistonda sirtdan qaraganda prezident irodasiga qarshi bora oladigan siyosiy-harbiy kuch yo‘q. Ammo A.Knyazevning ta’kidlashicha, vaziyat zohirda ko‘ringandek barqaror emas: mamlakatda sulolaviy boshqaruvga qarshi kayfiyatdagi kuchlar mavjud.
Siyosiy tahlilchi Kamoliddin Rabbimov ham Rustam Rahmonning hokimiyatga kelishi va uni saqlab qolishi xamirdan qil sug‘urgandek oson kechmasligini ta’kidlaydi.
«Tojikiston siyosiy madaniyatida ham demokratiya, respublika, siyosiy raqobat va hokimiyat almashinuvi kabi qadriyatlar mavjud. Tojikiston – hokimiyat uchun kurashib, yetti yillik fuqarolik urushini boshdan o‘tkazgan mamlakat. Endi, jamiyatning norozilik darajasi urush qo‘rquvidan oshadigan bo‘lsa, yana beqarorlikka yo‘l ochilishi mumkin. Ustiga-ustak, Sharqda siyosiy elita juda ziddiyatli, ayyor bo‘ladi. Elita o‘ylaganini gapirmaydi, chunki bunga imkon yo‘q. Lekin fursat kutadi. Siyosiy elita qabul qilmagani bois, (Misr prezidenti) Husni Muborak o‘g‘li Jamolni hokimiyatga olib kela olmasdan o‘zi ham qulagan edi. Tojikistonda Rahmon o‘g‘lini hokimiyatga olib kelish istagi ijtimoiy-siyosiy jarayonlarni tezlashtiradi, xolos. Tojikiston jamiyatida ham iqtisodiy-ijtimoiy inqiroz kuchli. Yana, koronavirusning Tojikistonga aytadigan «gap»lari hali oldinda bo‘lishi mumkin. Rahmonning shoshilishiga ko‘ra, u vaziyatdan xavotirda bo‘lishi mumkin: yoki sog‘lig‘i yaxshi emas, yoki ichki vaziyat qaltis», – deb yozadi K.Rabbimov.

Telegramdagi «Tashqarida» kanali muallifi prezidentning o‘g‘li Majlisi millini 20 yildan buyon boshqarib kelgan Mahmadsaid Ubaydulloyevning o‘rnini egallaganiga e’tibor qaratadi. Bu esa uzoq yillar davomida Tojikistonda prezident oilasidan keyin haqiqiy siyosiy kuchga ega bo‘lgan, oliy hokimiyatda sovet davridan buyon faoliyat yuritayotgan Ubaydulloyevning mamlakat ikkinchi shaxsi maqomini boy berganini anglatadi. «Tashqarida» kanali muallifi siyosiy ingrigalar avj olayotgan mamlakatni andak kinoya ila «Rahmoniston» deb ataydi.

Tojikistonda sulolaviy boshqaruvning o‘rnatilishidan muxolifat ham xursand emas, albatta.

«Co‘nggi voqealar ortidan mamlakatda siyosiy va fuqarolik huquqlari cheklanishi, o‘zgacha fikrlovchi va siyosatga xayrixoh bo‘lmaganlarga nisbatan ta’qib va jazo choralari kuchayishi, so‘z erkinligi cheklanishi, korrupsiya yanada kuchayishi, bir so‘z bilan aytganda, siyosiy va iqtisodiy vaziyat yanada taranglashishi mumkin. Bularning bari iqtisodiy taraqqiyotga ichki va xorij sarmoyasini jalb etishga g‘ov bo‘ladi. Demak, mamlakat va xalq yanada qashshoqlashadi», – deydi «Tojikistonda islohotlar va taraqqiyot» harakati rahbari Sharofiddin Gadoyev.

Tojikistondagi o‘zgarishlarni mintaqa siyosati «rejissyor»lari qanday baholaydi?

Moskva davlat xalqaro munosabatlar instituti (MGIMO) huzuridagi Markaziy Osiyo va Afg‘oniston muammolarini tadqiq etish markazi direktori Andrey Kazansev Emomali Rahmonning «shaxmat taxtasidagi yurishlari»ga Xitoy ham, Rossiya ham xayrixoh, deb hisoblaydi.

«Emomali Rahmon tomonidan hokimiyatning o‘g‘liga topshirilishiga na Pekin, na Moskva e’tiroz bildiradi. Ehtimol, Moskva istiqboldagi uzoq muddatli barqarorlikni ko‘zlab vaziyatni o‘zgartirishga urinishi mumkin edi, ammo u hozir bu ishga aralashmasligini ma’qul ko‘radi. Xitoy esa unga baribir ekani, muhimi – mavjud kelishuvlarga rioya etilishi ekanini ochiq aytmoqda. Albatta, G‘arb e’tiroz bildirishi mumkin. Ammo Emomali Rahmon mavjud kuchlarga, xususan, Xitoy dastagiga tayanib e’tirozlarni e’tiborsiz qoldiradi», – deydi ekspert A.Kazansev.

Istiqboldagi siyosiy evrilishlarni Tojikiston xalqi qanday qabul qiladi? Saltanat sohiblarining demokratik qadriyatlarga u qadar «qofiyadosh» bo‘lmagan xatti-harakatlariga raiyat qay alfozda javob qaytaradi? Bunisini endi vaqt ko‘rsatadi...

S.Salim

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring