Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ramzan Qodirov bir o‘limdan qoldi

Ramzan Qodirov bir o‘limdan qoldi

Checheniston rahbari Ramzan Qodirov Turkiyaning Mug‘la viloyati Bodrum shahrida, Egey dengizi sohilida dam olish chog‘i cho‘kib ketishiga bir baxya qoldi.

Turkiya matbuotining xabar berishicha, hodisa Qaynar tumanidagi besh yulduzli mehmonxona hududida ro‘y bergan.

Cho‘milish uchun suvga tushgan Ramzan Qodirov qo‘qqis hushini yo‘qotgan va cho‘ka boshlagan. Sohil qo‘riqchilari hamda mehmonxona xodimlari holatdan xabar topib, zudlik bilan Checheniston rahbarini qutqarishgan. Bemorga birinchi yordam ko‘rsatilgan va u xususiy klinikaga olib borilgan.

Tibbiy ko‘rik va ko‘makdan keyin uning holati ijobiy baholangan.

Checheniston hukumati hodisa yuzasidan izoh bermagan.

Ramzan Qodirovning Telegramdagi rasmiy sahifasida ham bu borada biror post chop etilmagan.

48 yoshli Ramzan Qodirov 2007-yildan buyon Chechenistonga rahbarlik qilib keladi. Chechen urushi davrida avval mustaqillik uchun kurashgan, keyin esa Rossiya tarafiga o‘tgan Qodirov ziddiyatli shaxs o‘laroq baholanadi.

So‘nggi yillarda Ramzan Qodirovning salomatligi masalasi bot-bot muhokama etilmoqda. Jumladan, 2023-yilda Ukraina razvedkasi Qodirov surunkali kasalliklarning kuchayishi tufayli og‘ir ahvolda ekani haqida xabar tarqatgandi. 

Qodirovning o‘zi tuzalmas kasallikka chalingani haqidagi mishmishlarni bir necha bor rad etgan.

Joriy yil may oyida Qodirov yana kutilmaganda Rossiya rahbariyatidan uni lavozimidan ozod etishlarini so‘raganini aytdi.

«Euronews»ga ko‘ra Ramzan Qodirov Rossiya prezidenti Vladimir Putindan o‘z o‘rnini 17 yoshli o‘g‘li Adam egallashini so‘ragan. Ammo Putin bu so‘rovga qarshi chiqqan.

«Novaya gazeta. Yevropa» Ramzan Qodirov oshqozon osti bezi nekrozi xastaligiga chalingani va uning salomatligi yomonlashib borayotgani haqida yozgan. Nashr Qodirovning ehtimoliy vorisi sifatida «Ahmad» chechen maxsus bo‘linmalari qo‘mondoni,  general-mayor Apti Alaudinovni ko‘rsatgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring