Raqamli maydondan yashil maydongacha: “Aloqa sohasi kubogi – 2026” saralash bahslari yakunlandi!
Raqamli texnologiyalar vazirligi tizimidagi korxona va tashkilotlar xodimlari o‘rtasida mini-futbol (futzal) bo‘yicha ko‘chma kubok uchun o‘tkazilgan respublika musobaqasining saralash bosqichi o‘z yakuniga yetdi. Murosasiz bahslar va shiddatli kurashlarga boy bo‘lgan turnir soha xodimlarining nafaqat intellektual, balki jismoniy salohiyatini ham namoyon etdi.
Musobaqaning haqiqiy kashfiyoti va sensatsiyasiga aylangan Raqamli hukumat loyihalarini boshqarish markazi jamoasi dastlab “A” guruhidagi shiddatli bahslarda munosib ishtirok etib, 2-o‘rin bilan chorak final yo‘llanmasini naqd qilgan edi.
Turnir debyutanti bo‘lishiga qaramay, Markaz vakillari nafaqat raqamli xizmatlar va AKT sohasida, balki yashil maydonda ham haqiqiy yetakchi ekanliklarini isbotlashdi. Yakuniy natijalarga ko‘ra, jamoa faxrli 3-o‘rinni egalladi. Shuningdek, ushbu yuqori pog‘onaga MTRK jamoasi ham munosib deb topildi.
Mavsum davomida ko‘rsatilgan eng barqaror va professional o‘yinlar natijasida shoxsupa quyidagicha ko‘rinish oldi:
- Chempion: Kontakt markazi jamoasi;
- Vitse-chempion: MATB jamoasi;
- 3-o‘rin: Raqamli hukumat loyihalarini boshqarish markazi hamda MTRK jamoalari.
Chempion va vitse-chempion jamoalar kelgusi mavsumda sohaning mutloq yetakchisi bo‘lish uchun saralash bosqichida o‘z kuchlarini sinab ko‘rish huquqini qo‘lga kiritdilar.
Shu bilan birga, saralash musobaqasi yakunlariga ko‘ra Toshkent pochtamti, TATU va Aloqabank jamoalari joriy yilning noyabr oyida bo‘lib o‘tadigan nufuzli Respublika final bosqichiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanma oldilar.
Aloqa sohasi kubogi musobaqalariga 2000 yilda asos solingan bo‘lib, shu vaqtga qadar respublika miqyosida 21 marotaba muvaffaqiyatli o‘tkazilgan.
Bugun o‘z yakuniga yetgan 22-an’anaviy musobaqada yuqori professionallik, jamoaviy ruh va g‘alabaga bo‘lgan cheksiz ishtiyoqni namoyish etgan, g‘olib va sovrindor bo‘lgan barcha jamoalarni chin qalbimizdan muborakbod etamiz!


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter