Rassom ustaxonasiga sayohat: gilamga rasm bosish usuli haqida bilasizmi?
Andijon davlat universitetining san’at yo‘nalishlarida tahsil oluvchi talaba yoshlarni mahoratini oshirish maqsadida mashxur rassom va amaliy san’at ustalari bilan ularning ustaxonalarida uchrashuvlar, mahorat darslari tashkil qilinmoqda.
Xususan, universitetning Tasviriy san’at va muhandislik grafikasi hamda Rangtasvir yo‘nalishlari talabalari «Shuxrat» medali sohibi Abdullajon Jo‘raboyev ustaxonasiga tashrif buyurdilar.
Talabalar ustaning ijodiy ishlari bilan tanishib, undan tasviriy san’atning eng nozik jihatlari bo‘yicha maslahatlar oldilar. Uchrashuvda rassom o‘zining san’at asarlarini, gilamga rasm bosish kabi noyob san’at yo‘nalishidagi ishlarini tushuntirib berdi.
Abdullajon Jo‘raboyev Andijon rassomlar uyushmasi a’zosi, amaliy san’at va miniatyurachi rassom, Shuhrat medali sohibi. U 1946-yil 1-iyulda Andijon shahrining ziyoli oilalaridan birida tavallud topgan. 1970 yilda Toshkent teatr va rassomchilik institutini a’lo baholarga tamomlagan.
Rassom tasviriy san’atning turli usullarida ijod qilib, umri davomida o‘zi uchun yangi yo‘nalishlarni kashf etib bordi. Abdullajon Jo‘raboyev O‘zbekistonda birinchilardan bo‘lib gobilen – gilamlarga rasm solish sohasida faoliyat olib bordi va rivojlantirdi. Ulug‘ yoshiga qaramay Abdullajon Jo‘raboyev ijodiy izlanishlar qizg‘inligiga to‘la, u o‘zining avvalgi badiiy usullarini rivojlantirib, yangi texnologiyalar bilan ishlay boshladi. Landshaft dizayni yo‘nalishida ham o‘z imkoniyatini sinab, bu yo‘nalishda ham o‘z imzosini yaratishga muvaffaq bo‘ldi.
Iste’dodli rassom chizgan asarlari Toshkent xalq amaliy san’at muzeyida, O‘zbekiston tarixi davlat muzeyida, Andijondagi Bobur nomidagi muzeyda, bir qancha chet mamlakatlarida, jumladan, Yaponiya tasviriy san’at galereya muzeyida, Bolgariya va AQShning bir qator muzeylarida saqlanadi.
Abdullajon Jo‘raboyev 1980 yilda Moskva shahrida o‘tkazilgan VDNX (Xalq xo‘jaligi yutuqlari ko‘rgazmasi)da tashkil etilgan rassomlar ko‘rgazmasida bronza medalini qo‘lga kiritgan. 1993 yilda Xalqaro Bobur mukofotini qo‘lga kiritgan.
Uning ayniqsa, gobilen san’atiga oid asarlari juda rang-barang, o‘ziga xos. Bu usul mamlakatimizda kamyob usullardan hisoblanib, o‘zining sermashaqqatliligi va o‘z navbatida san’at shaydolariga o‘ziga xos zavq berishi bilan ajralib turadi. Rassom ustaxonasidagi shu kabi san’at asarlarini ko‘rarkansan, beixtiyor ularni inson qo‘li bilan tayyorlanganiga ishonging kelmaydi. Gilamlarda ranglarning turfa xil jilolanishi, undagi syujetning ma’nodorligi, falsafiy fikrlarni ifodalashi bilan o‘ziga tortadi.
Uchrashuvning ikkinchi qismi Andijon davlat universitetida davom etdi.
Andijon davlat universitetida Tasviriy san’at va muhandislik grafikasi yo‘nalishiga qo‘shimcha ravishda 2019-2020 o‘quv yilida yangi Rangtasvir: dastgohli hamda Amaliy san’at yo‘nalishlari ochilgan bo‘lib, hozirda 40 dan ortiq talabalar ushbu yo‘nalishlarda tahsil olmoqdalar. Bu yo‘nalishdagi talabalarga darslarni sifatli tashkil etish maqsadida taniqli rassom va amaliy san’at ustalari taklif etildi. Abdullajon Jo‘raboyev ham universitet talabalariga o‘zining mahorat darslarini tashkil etib kelmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter