Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Putinning geosiyosiy da’vosi sabab yana bir ko‘p milliard dollarli loyiha yo‘qqa chiqmoqda

Putinning geosiyosiy da’vosi sabab yana bir ko‘p milliard dollarli loyiha yo‘qqa chiqmoqda

«Tug‘ilmasdan bo‘g‘ilgan» loyiha. Stellina Chen chizgan karikatura

Rossiya prezidenti Vladimir Putinning geosiyosiy da’volari, xususan, Ukrainaga qarshi agressiv siyosati ortidan mamlakat ko‘p yillar davomida barpo etgan yirik gaz tizimi – «Shimoliy oqim–2» loyihasi xavf ostida qoldi.

V.Putin Ukrainaga tegishli Donetsk va Lugansk viloyatlari hududini mustaqil respublika sifatida tan olishi ortidan Germaniya kansleri Olaf Shols «Shimoliy oqim–2» loyihasiga sertifikat berish jarayonini «muzlatib» qo‘ygan edi. Kuni kecha mamlakat iqtisodiyot vaziri Robert Habek xalqaro loyiha butkul to‘xtatilishi mumkinligini ma’lum qildi.

«Shimoliy oqim–2» Rossiya g‘aznasiga yiliga milliardlab dollar keltirishi mumkin edi. Bilamizki, Rossiya iqtisodiyoti ancha zaif. Demak, Vladimir Putin Ukrainaning «buyuk Rossiya»ning tarkibiy qismiga aylantirish uchun har qanday iqtisodiy zararga tayyor ekanini isbotlamoqda.  Albatta, bundan uning shaxsiy cho‘ntagi zarar ko‘rmaydi, bil’aks, oddiy rossiyaliklar aziyat chekadi», – deydi Birmingem universiteti professori Skott Lukas.

Aslida, Rossiya hamkorligida barpo etilayotgan «Shimoliy oqim–2» gaz loyihasi cabab avvalroq Germaniya hamda uning G‘arbdagi ittifoqchilari o‘rtasida «qora mushuk» o‘tgan edi. 

Gap shundaki, Boltiq dengizi orqali o‘tadigan magistral quvurlar Rossiya gazini Germaniyaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkazish imkonini beradi. Ayni paytda rus gazi ko‘hna qit’aga asosan Qora dengiz orqali yetkaziladi. «Shimoliy oqim–2» loyihasi ishga tushishi bilan Rossiya Sharqiy Yevropa mamlakatlarini aylanib o‘tish imkoniga ega bo‘lar edi.

AQSh va ayrim Yevropa mamlakatlari ushbu loyiha Rossiyaga energetik qaramlikni kuchaytiradi deb hisoblaydi. Shuningdek, NATO a’zosi bo‘lgan Sharqiy Yevropa mamlakatlari energetik jabhada zaiflashadi degan xavotir mavjud. Qolaversa, yangi loyiha Ukrainaning gaz yetkazishdagi vositachilik rolini ham yo‘qqa chiqaradi. Bu esa Ukraina iqtisodiyotiga kuchli zarba bo‘lishi aniq.

Dastlabki bosqichda 11 milliard dollar sarflangan xalqaro gaz tizimi qurilishi 2021 yil sentyabr oyidayoq yakunlangan, ammo Ukraina tegrasidagi xavotirli vaziyat sabab Germaniya loyihaga ruxsat bermay kelayotgan edi. So‘nggi voqealar loyiha «tug‘ilmasdan bo‘g‘ilgani»dan dalolat bermoqda. Avval-boshdan «Shimoliy oqim–2»ga qarshi bo‘lgan AQSh prezidenti Jo Bayden ham rasmiy Moskvaning tajovuzkor siyosati sabab mazkur loyihaga qarshi sanksiya joriy etishi kutilmoqda.

Bloomberg agentligi 2022 yilning o‘tgan ikki oyida rossiyalik oligarxlar Ukrainaga tahdid sabab 32 milliard dollardan mosuvo bo‘lganini ma’lum qildi.

Bugun, 24 fevral tongida Rossiya qurolli kuchlari prezident V.Putin farmoni bilan Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli amaliyot boshladi. Tahlilchilarga ko‘ra, Rossiya bu harbiy ambitsiyasi uchun juda katta iqtisodiy tovon to‘lashiga to‘g‘ri keladi. 

S.Salim

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring