Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ruhshunosning shogirdi (hajviya)

Ruhshunosning shogirdi (hajviya)

Men mashhur ruhshunosga shogirdman. Ustozim bemorlarni davolasa, kaminaning vazifam – ularga xizmat ko‘rsatish. Qiladigan ishim kunlik qabul asosida mijozlarni navbatga yozib, ularni kutib olaman va kuzatib qo‘yaman. Ish joyim qabulxona bo‘lgani bois, agar eshik yaxshi berkitilmagan bo‘lsa, ichkari xonada kechayotgan suhbat qulog‘imga chalinadi.

– Bir kunda necha soat uxlaysiz? – so‘raydi ustoz mijozdan.

– Har xil, – javob beradi u.

– Yaxshi emas, – deydi ustoz, – bir xil vaqtda uxlab bir xil vaqtda turish kerak. Men sizga dori yozib beraman, uni ichib, kech soat o‘nda yotasiz va ertalab oltida uyg‘onasiz.

Mijoz chiqib menga qog‘ozni uzatadi. Undagi karavot rasmi va necha kun dori ichishi kerak bo‘lgan songa qarab, qancha uyqu dori kerakligini aniqlayman va o‘zining maxsus idishidan olib karavot rasmi yopishtirilgan oddiy shisha bankaga solib qo‘ygan doridan kerakli miqdorini salafan xaltachaga solib, mijozga uzataman.

– Bir kunda necha soat uxlaysiz? – deb so‘raydi ustoz navbatdagi mijozdan.

– Bir xil, – javob beradi mijoz.

– Yaxshi emas, – deydi ustoz achinib. – Endi uyqu kelganda yotib, uyg‘onganda turasiz. Men sizga dori yozib beraman. Uni kech soat sakkizda ichasiz va qachon uyqungiz kelsa yotasiz. Lekin ertalab oltida turishga harakat qiling.

Bemor chiqqanida qo‘lidan qog‘ozni olib, oldingi bemorga bergan uyqu doridan kerakli miqdorda salafan xaltachaga solib, unga uzataman.

Tushdan keyin kelgan mijoz davolanishga kirarkan, eshikni yaxshi bekitmagani uchun ichkaridagi savol javob qulog‘imga chalinadi.

– Qanday ovqatlar yeysiz? – savol beradi ustoz.

– Har xil, – javob beradi mijoz.

– Yaxshi emas, – ustoz tanbeh beradi unga, – Endi o‘n kun ertalab, tushlikda va kechki nonushtada sizga tavsiya etiladigan ovqat yeysiz. Ovqatlar ro‘yxatini yordamchim beradi.

Mijozning vazniga qarab ustoz unga qanday tavsiya berganini bilaman. Bunisi – semiz. Demak, ertalab sut mahsulotlari, tushlikda ezilgan kartoshka, kechki taomga esa meva tanovul qilishi kerak. Agar o‘n kun o‘tib qaytib kelsa, ozganini sezish mumkin. Lekin bundaylarning aksariyati qaytib kelmaydi.

Navbatdagi mijozni kutib olaman. U ichkariga kirarkan, eshikni oxirigacha bekitmay, ohista yopaman.

– Qanday ovqat yeysiz? – so‘raydi ustoz.

– Bir xil, – deydi mijoz.

– Yaxshi emas, – ustozning achingan ovozi eshitiladi.

Mijoz oriq odamligini nazarda tutib, u iste’mol qilishi kerak bo‘lgan ovqatlar ro‘yxatini tayyorlab qo‘yaman. O‘ylaganimdek, ichkaridan chiqqan mijoz men kutgan qog‘ozni qo‘limga tutqazadi va uzatgan ro‘yxatimga tikilarkan, ko‘zlari katta-katta ochiladi. U endi bu ovqatlarni yesa ham, yemasa ham qaytib kelmasligi aniq. Chunki ro‘yxat bo‘yicha xarajatni ancha-muncha odamning cho‘ntagi ko‘tarmaydi.

Bir kuni ustozdan kam uxlaganga ko‘p uxlashni, ko‘p uxlaydiganga kam uxlashni tavsiya berishning sababini so‘ragandim, ruhshunos bemor aytgan gapning teskarisini qaytarishi lozimligini tushuntirdi. Keyin bu savol menda qanday paydo bo‘lganini so‘radi. Men ustozni aldash yaxshi emasligi bois to‘g‘risini aytdim. Ertasiga u qabulxonadan o‘z xonasiga kirish eshigini ikki qavatlisiga almashtirdi. Bu ham kamlik qilgandek, mijozni xonasidan qabulxonaga kuzatib qo‘yar va navbatdagi mijozni xonasiga taklif etarkan, ikkala eshikni ham namoyishkorona tarzda qattiq yopib qo‘yadigan bo‘ldi. Men bunday ehtiyotkorligidan zarracha o‘kinganim yo‘q. Chunki ustozning mahoratini miridan-sirigacha egallab bo‘lganman. O‘zim alohida ish boshlasammi deb turibman. Ijaraga ofis topsam kifoya.

Xurshid Nurullayev

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring