Saida Mirziyoyeva aholini o‘ylantirayotgan eng dolzarb masalalarni sanadi
O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva Feysbukdagi sahifasida maktablarda aholini qiynayotgan muammolar va ularing yechimi borasida yozdi.
«Bugun siz bilan muloqotimning ilk yakunlarini sarhisob qilmoqchiman. Avvalgi postda yosh avlodni milliy qadriyatlar va insonparvarlik ruhida barkamol etib tarbiyalash bo‘yicha Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 tashabbusni amalga oshirishda maktablarning o‘rnini muhokama qildik.
Bildirilgan izohlarga ko‘ra, sizni eng ko‘p tashvishga solayotgan muammolar quyidagilar:
1. Qishloqlardagi maktablarning ahvoli qoniqarsizligi
2. O‘quvchilar va o‘qituvchilarning majburiy mehnatga jalb etilishi
3. Malakali o‘qituvchilar yetarli emasligi va ularning hisobot to‘ldirish bilan ovora ekani
4. Har bir bolaning individual iqtidorini rivojlantiruvchi fanlarning yetarli emasligi
5. Kompyuter sinflari va internet bilan bog‘liq muammolar.
Darslarda uyali telefonlardan foydalanish, maktab kiyimi, o‘quvchilarning huquqiy savodxonligi va bepul futbol maydonlariga oid masalalar ham tilga olindi», — deydi Mirziyoyeva.
Saida Mirziyoyeva shuningdek, tegishli vazirliklar ushbu vazifalarni hal etishni boshlaganini aytib, «jamiyat uchun muhim bo‘lgan bunday masalalar yechimini topish ma’lum vaqt, resurslar, ekspertlar muhokamasi, zarur hujjatlar tayyorlash va albatta har birimizdan tirishqoqlik va biroz tashabbus talab etishini» ta’kidlagan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter