Sakson yoshli otaxonni nega carson qilishdi?

Respublika oltinchi ishchi guruhi Namangan viloyati Norin tumanida aholining eng ko‘p va haqli e’tiroziga sabab bo‘layotgan muammo gaz ballonlar bilan ta’minlash masalasi ekaniga guvoh bo‘ldi.
Avvalo gaz ballonlarini jadval asosida, o‘z vaqtida to‘ldirib berish tizimi yaratilmagan. Uyma-uy kirib gaz balloni yo‘qlarning tugal ro‘yxati shakllantirilmagan. Sansalorlik va pala-partishlik shu qadarki, aholi bundan juda norozi.
Masalan, Ko‘kmozor mahallasida 80 ta xonadonda suyultirilgan gaz balloniga ehtiyoj mavjudligi, 34 ta xonadon esa «Tumangaz» korxonasi bilan ularni to‘ldirish bo‘yicha shartnoma tuzishi zarurligi aniqlandi. Shuningdek, mahalla aholisiga jadval asosida gaz ballonlarini to‘ldirib berish tizimi yo‘lga qo‘yilmagani oydinlashdi.
Shohidon mahallasida esa 150 ta xonadonda suyultirilgan gaz balloniga ehtiyoji bor. 30 ta xonadon «Tumangaz» korxonasi bilan suyultirilgan gaz ballonlarini to‘ldirish bo‘yicha shartnoma tuzmagan.
Gaz idorasidagi o‘zibo‘larchilik, odamlar ehtiyojiga beparvolik, yig‘ilib qolgan muammolarga panja orasidan qarash kayfiyati, ularning yechimida sustkashlikka yo‘l qo‘yilayotgani oqibatida fuqarolar aziyat chekmoqda. Qish yaqinlashgani sari ularning ko‘ngliga g‘ulg‘ula tushayapti.
Misol uchun, Shohidon mahallasi Paxtazor ko‘chasi 69-uyda yashovchi Mamatkomil Qo‘chqorovning aytishicha, quvurdan keluvchi gaz bundan ikki yil avval noma’lum sababga ko‘ra to‘xtatib qo‘yilgan.
– 1965 yili «Qishloq xo‘jaligi texnikasi» tashkilotida ishlab yurgan kezlarimda bitta kichik gaz balloni berishgan edi. Shunga ham 53 yil bo‘libdi, — deydi salkam 80 yoshni qarshilayotgan otaxon norozilik bilan. – U 20 kunga ham yetmayapti. To‘ldirish ham azob. Eskirib ketganidan biror kor hol bo‘lmasin deb chala qilib to‘ldiramiz. Amakivachchamdan katta gaz ballonini omonatga olib kelib, ishlatib turibman. O‘g‘lim Rossiyaga ketgan. Kampirim ham olamdan o‘tgan. Kelinim va nabiralarim menga qarab turishadi. Hozir uyda ustalar ishlayapti. Ularga uch mahal issiq ovqat qilib bermasangiz bo‘lmaydi. Gaz ballonini so‘rab birinchi marta Norin tuman gaz idorasiga 20 fevralda borgan edim. Qabul bo‘limidagilar «hozir eski yildagi ro‘yxatni yopayapmiz, mart oyida keling» deyishdi. Mart oyi oxirlarida yana bordim. Boshlig‘iga kira olmadim. «Eski yilni hali tugatmadik, bir oydan keyin keling» deyishdi. Aprelda pensiyamni olib, yana yo‘lga tushdim. Kotiba qiz «gaz ballon masalasi juda qiyin bo‘layapti, tushuning axir, Qo‘qondagi zavod ishlab chiqarishini to‘xtatgan. Bunday kelib-ketavermang, telefon qilib keyin keling» dedi. Bu gapga ishonib, may oyining oxirida xabar olishga yana bordim. Buxgalteriyadagi yigitlar «yangi ballonlarni tarqatish endi boshlanayapti, ko‘p shoshmang, navbatingiz keladi, otaxon. Hozir ariza qabul qilmayapmiz, biror o‘n kun turib, keyin keling» deyishdi. Iyunda yana hafsala qilib o‘tdim. Baribir foydasi bo‘lmadi. Arizamni olishmadi. Vallomat boshliqning qabuliga biror marta ham kira olmadim. Keksa odamni shuncha ovora qilish yaxshimi? Men kabi qancha odam sarson-sargardon. Tuman markazi 10 chaqirim olisda bo‘lsa, borib-kelish yoshi ulug‘ kishilarni charchatib qo‘yadi-ku.
Ishchi guruhi kelgach, tuman gaz idorasi rahbari Aziz Tashbayev (eng qizig‘i, boshliq shu mahallada istiqomat qilar ekan, albatta uning xonadoniga kirilganida, mahallaning aksariyat fuqarolaridan farqli ravishda, muammo yo‘qligi, ayniqsa gaz balloniga ehtiyoji mavjud emasligi bildirildi) shaxsan o‘zi katta gaz ballonini otaxonning uyiga keltirib berdi.
Ishchi guruhi aralashuvi bilan 5 kunda tumandagi 5 mahallaga 330 ta suyultirilgan gaz ballonlari yetkazib berildi.
Laziz Rahmatov,
jurnalist
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter