Samarqand eng toza shahar bo‘lishi kerak! Bu bo‘yicha nimalar qilinmoqda?

Zamonaviy dunyoda nafaqat chiqindilarni o‘z vaqtida tozalash, balki undan o‘z o‘rnida foydalanish ham juda muhim. Ha, to‘g‘ri, aynan «foydalanish» haqida gap ketmoqda, zero barcha ilg‘or mamlakatlarda chiqindidan xom-ashyo va elektr energiyasi olish allaqachon urfga kirgan. O‘zbekiston ham shu yo‘ldan ketmoqda.
Hafta o‘rtasida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi hamda Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi tomonidan OAV uchun Samarqand shahriga press-tur tashkil etildi. Safar davomida jurnalistlar ko‘hna shahardan chiqindi qanday olib chiqib ketilayotganiyu, qay tariqa qayta ishlanayotgani bilan tanishdilar.
Motorollerlar
Samarqandga borganlar yaxshi biladi, eski shaharning tarixiy mahallalari o‘ziga hos ko‘rinishga ega - tor, egri-bugri, baland-past. Aynan shunisi bilan ham bu mahallalar o‘ziga tortadi, u yerda tirik tarixni ko‘rgandek bo‘lasiz.
Ammo bunday joylarda bir qator noqulayliklar ham bor, masalan, u yerdan chiqindini olib chiqish oson emas. Maxsustransning kattakon mashinalari hamma joydan ham yura olmaydi va yana tarixiy obidalarga zarar yetkazib qo‘yishi mumkin. Aynan shu sababga ko‘ra Samarqandda motoroller yordamida chiqindilarni tashish tajribasiga qo‘l urildi.
Hammasi juda oson va qulay - chiqindini tashish uchun maxsus jihozlangan motorollerlar ortiqcha qiyinchiliksiz tor ko‘chalarga kiradilar va chiqindini olib chiqib ketadilar. O‘zbekistonda bunday spetsifik mahalalar talaygina, Samarqand tajribasi o‘zini oqlagach, barcha joyga tadbiq etilishi kutilyapti.
Qayta ishlash
Chiqindini olib chiqish yaxshi, ammo uni qayta ishlamaydigan bo‘lsangiz ham moliyaviy zarar ko‘rasiz, ham ekologiyaga zarar keltirib qo‘yish mumkin. Samarqandda bu masala ham o‘z yechimini topmoqda - xususan, jurnalistlar Kattaqo‘rg‘on tumanidagi «Anvarjon Biznes invest» MChJ va «Mansurbek qo‘rg‘on servis» MChJ sanitar tozalash korxonalari faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.
O‘n yildan buyon faoliyat olib borayotgan mazkur korxonalar Kattaqo‘rg‘ondan tashqari Narpay va Paxtachi tumanlari hududlaridagi 200 dan ortiq mahallalarda yashovchi 700 mingga yaqin aholiga sanitar tozalash xizmatini ko‘rsatib kelmoqda. Chiqindilar 28 ta chiqindi saralash shoxobchalarida jamlanib, qayta ishlovchi korxonaga jo‘natilmoqda. Buning uchun 90 ta turli maxsus texnikalar jalb qilingan bo‘lib, barchasi GPS-onlayn tizimiga ulangan. Korxona ishchilari tomonidan bir kunda 280 tonna chiqindi olib chiqilib, 20 tonnasi qayta ishlanadi.
Joriy yilning o‘tgan 6 oyi davomida 50400 tonna olib chiqilgan chiqindining 3 600 tonnasi qayta ishlanib, xom-ashyo ko‘rinishida hamkor korxonalarga jo‘natildi. U yerda elektr kabel va jihozlari, karniz, plintus, shuningdek, plitka qoplamalar uchun turli buyoqlar ishlab chiqarilyapti.
Elektr energiya
Zamonaviy dunyoda shuningdek chiqindidan elektr energiyasini olish tajribasi ommalashmoqda. Samarqandda yaqin yillarda mana shunday ilg‘or texnologiyali korxonalardan biri ishga tushiriladi. Xozirda Samarqand shahridagi «Xushrav» qo‘rg‘oni «Navro‘z» MFYda joylashgan 15 gektar yer maydonida chiqindi va qoqni yoqish orqali elektr energiyasi ishlab chiqariladigan zavodning qurilish jarayonlari qizg‘in olib borilmoqda.
Korxona qurilishi uchun «Shanghai SUS Environment» LLC kompaniyasi tomonidan umumiy qiymati 150 mln AQSh dollari miqdorida investitsiya jalb etilgan. Bu yerda kuniga 1,5 ming tonna chiqindi qayta ishlanib, yiliga jami 240 mln kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Loyiha 150-200 ta yangi ish o‘rni yaratilishi bilan ham ahamiyatlidir. Investor 2025–2027 yillarda loyihani ishga tushirishi kutilmoqda.

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter