Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Samarqand sirlari: Yalangto‘sh Bahodir shahar arxitekturasida yangi davr boshladimi?

Samarqand sirlari: Yalangto‘sh Bahodir shahar arxitekturasida yangi davr boshladimi?

Samarqand Samarqand bo‘libdiki, ne-ne voqea-hodisalarga guvoh bo‘lmadi, ne-ne hokimlar bu qadim shaharni boshqarmadi? Biri tuzdi, boshqasi tuzaman deb buzdi...

O‘zbekiston arxitekturashunoslik fanida shu choqqacha, 1626-1656 yillarda Samarqand shahri hokimi bo‘lgan Yalangto‘sh Bahodir shaxsini o‘sha davr arxitekturasi bilan bog‘lab fikr yuritilmagan. Sababi oddiy: Bahodir Yalangto‘sh haqida zamondosh tarixchilarimiz to‘liq ma’lumotga ega emas edi. Shukur, Mustaqilligimiz sharofati bilan Samarqand shahri bilan bog‘liq barcha shaxslar tarixi chuqur o‘rganilmoqda.

Samarqand shahri obodonchiligi, uning arxitekturasi va shaharsozlik muhitini rivojlantirishga eng katta mehnati singgan hukmdorlar orasida Amir Temur va Mirzo Ulug‘bek nomi alohida tilga olinib kelgan. Lekin ularning safiga Ibrohim ibn Nasr Tamg‘achxon Qoraxoniy (1040-1070), Yalangto‘sh Bahodir (1576-1656) va Samarqand begi Shohmurod ibn Doniyolni ham hech ikkilanmasdan kiritish mumkin.

Samarqandga XІ asr boshi (1040-1070 yillar)da hokimlik qilgan Tamg‘achxon Qoraxoniy shaharda bunyod ettirgan ikkita ajoyib inshooti: ilk madrasa va bemoristoni(shifoxonasi) bilan tarixda iz qoldirgan. Samarqanddagi birinchi madrasa hozirgi Shohizinda me’moriy majmuasi joylashgan hududda qurilgan bo‘lsa, bemoriston bizgacha saqlangan vaqf hujjatiga ko‘ra, hozirgi So‘zangaron ko‘chasi bo‘ylab joylashgan va Registon maydoniga yaqin bo‘lgan.

Biz Samarqand davlat arxitektura-qurilish institutida ushbu bizgacha saqlanmagan har ikkala binolar arxitekturasini o‘sha vaqf hujjatlari va arxeolog Shvaf Yu.Z., arxitektor K.S.Kryukovlarning ma’lumotlariga asoslanib grafik tiklashga harakat qildik.

Har ikkala binoning ham me’moriy-rejaviy yechimi bo‘ylama o‘qli, ichki hovlili, tarhi to‘g‘ri to‘rtburchakli me’moriy kompozitsiyaga asoslangan. Bu kompozitsiya o‘sha davr va so‘ngi asrlarda ham Islom sharqi mamlakatlarida qurilgan jamoat binolari, ayniqsa, masjid, madrasa, shifoxona va karvon-saroylar uchun keng qo‘llanilgan.

Ularning arxitekturaviy obrazi bosh tarzda bo‘rttirilgan darvoza peshtoqi va o‘qi bo‘ylab har ikki yonda aksli simmetrik joylashgan hajmlardan iborat. Binolarning ko‘rinishi kursi, kirish peshtoqi, bino vujudi va badiiy tugullik qismlaridan tuzilgan. Har ikkala bino pishiq g‘ishtdan bir qavatli qilib qurilgan. Biroq, bu binolar yaxlit bir me’moriy majmua ko‘rinishida emas, balki bir-biridan alohida joylarda qurilgan imoratlar edi.

Endi Yalangto‘sh Bahodir davri arxitekturasi (XVІІ asr) ga keladigan bo‘lsak, bu davr Amir Temur va Mirzo Ulug‘beklar davridan keyingi, O‘rta Osiyodagi xonliklar davriga to‘g‘ri kelib, o‘shanda Samarqand Buxoro xonligiga qarar edi. Biroq, Yalangto‘sh Bahodir Samarqandni mustaqil tarzda boshqarish sharafiga ega bo‘lgan va hokim sifatida erkin harakat qilgan.

Yalangto‘sh davrida Samarqandning avvalgi jome’ masjidi va madrasasi, ya’ni Amir Temurning jome’ masjidi va Bibixonim madrasasi buzilgan bo‘lib, shahar aholisi shunday masjid va madrasalarga muhtoj edi. Buning ustiga o‘sha davrda Registon maydonida Mirzo Ulug‘bek qurdirgan madrasa ta’mirtalab bo‘lib qolgan, Ulug‘bekning Mirzoi karvon-saroyi haroba holida, Muqatta masjidi va Ulug‘bek xonaqosi esa butkul yo‘q bo‘lib ketib, ularning o‘rnida va hozirgi Registon maydonida shahar bozori joylashgan edi.

Yalangto‘sh ushbu maydonni obod holga keltirish va shahar aholisining extiyojlaridan kelib chiqib, Ulug‘bek karvonsaroyining saqlanib qolgan qismi va poydevorlariga o‘zgartirishlar kiritadi. Bitta bino tarkibida ikkita imorat: jome’ masjidi va madrasa bunyod etadi (1641-1646 yil). Masjid imorati qibla tarafga, madrasa esa uning sharq tarafiga qaratib avvalgi karvonsaroy poydevorlari ustiga quriladi. Masjid binosining bosh gumbazi shiftiga ishlangan naqshlarga tilla suvi yugurtirilib zarhallanadi (1660 y) va shu boisdan ushbu bino «Tillakori masjid madrasasi» deb nom oladi. Masjid xonaqosining gumbazi ustivon bilan baland ko‘tarilib, o‘sha davr Samarqand gumbazlari safidan munosib o‘rin oladi, Registon maydonida esa u yagonaligi bilan ajralib turadi. Ta’kidlash joizki, o‘sha davrlar Islom dunyosi masjidlarida baland ko‘tarilgan gumbazlar masjidlarning «jamoli» hisoblangan.

Registonda Mirzo Ulug‘bek davrida qurilgan xonaqoh o‘rniga esa Yalangto‘sh tomonidan «Sherdor» madrasasi (1619-1636 yy) bunyod ettiriladi. Madrasa o‘zining bosh tarzi bilan Ulug‘bek madrasasi tarziga muqobil, ya’ni uning qarama qarshisida, o‘rtada maydon qoldirilib, bir umumiy bo‘ylama o‘qda joylashtiriladi. Tillakori masjid-madrasasi tarzining o‘qi esa ushbu o‘qqa perpendikulyar qilib o‘tkazilgan. Har ikkala binoning balandligi Ulugbek madrasasiga qiyoslanib ikki qavatli qilib quriladi. Natijada, ushbu uchta alohida qurilgan imoratlar o‘sha maydon atrofida o‘zaro muayyan bir me’moriy tartib asosida joylashtirilib Registon ansamblini vujudga keltiradi.

Registon ansambli

Bu ansambl o‘sha davr O‘rta Osiyo shaharsozligi va me’morchilik san’atining eng oliy darajadagi ko‘rinishida, hozirgi til bilan aytsak, innovatsion kompozitsiyasi tarzida shakllanadi. Bu ansamblga qadar O‘rta Osiyoda o‘rta asrlar davomida ansamblsozlik san’atida «juft» va «qo‘sh» ansambllari deb nomlangan majmualar yuzaga kelgan. Hozirgi adabiyotlarda Registon sababli me’moriy tilda «maydoncha ansambli» deb atama qo‘llaniladi.

Registon ansambli O‘rta Osiyo shaharsozligida hozirda ham anologi, ya’ni o‘xshashi yo‘q. U shu qadar jozibali, shu qadar go‘zalki, Registon ansamblini tashkil etgan binolarning me’moriy tuzilishidagi mahobati, go‘zalligi va jozibadorligi har qanday madaniyatli sayyohni ham lol qoldiradi. Nima uchun? Ayrim tomoshabinlar ansambl binolarining mahobatiyu-salobatiga qoyil qolsalar, boshqalari ularning munaqqashligiga tan beradi. To‘g‘ri, haqiqatda ham, bu yerda binolar mahobatli va munaqqashdir. Biroq, O‘rta Osiyoning boshqa tarixiy shaharlarida ham mahobatli va munaqqash binolar kam emasku, nega Registon boshqacha? ! Bu yerda gap boshqa narsada!

Majmuaning siri ushbu imoratlar arxitekturasining o‘zaro majmuaviy uyg‘unlashib, yagona maydon atrofida yuksak me’moriy g‘oya va uslub bilan joylashtirilganida! Bunday uslubning Amir Temur va Mirzo Ulug‘bek davri shaharsozlik san’atining uzviy davomi desak to‘g‘ri bo‘ladi. Biroq, u yuqorida aytganimizdek, O‘rta Osiyo shaharsozlik san’atida Bahodir Yalangto‘sh davridagi ko‘rinishdagidek yaratilmagan edi. Yalangto‘sh o‘z davri me’morlari va shaharsoz ustalarining yuksak g‘oyaviy imkoniyatlarini to‘g‘ri tushunib, ularning orzu-umidlarini ruyobga chiqarishga yaxshi sharoit yaratib berdi, munosib rag‘batlantirdi. Bunday o‘lkan shaharsozlik ansamblini Amur Temurning Shahrisabzdagi «Oqsaroy»i ansamblidan keyin O‘rta Osiyo me’morchiligi tarixida uchratmaysiz.

Registon ansamblini tashkil qilgan har bir binoga maydon ichidan turib qarar ekanmiz, ularda yashiringan sinoatni ilg‘aymiz. Binolar peshtoqi va «qanot”laridagi qismlar, burchlardagi adlqomat minoralar, ritm bilan joylashgan ravoqlar, tarzlardagi go‘zal naqshu nigorlar, bularning barchasi o‘zaro bir-biriga, ayni paytda, yaxlit imorat tarziga shaklan mutanosib (proporsional) hajmiy va mazmunan simmetrik, me’moriy hamohang va uyg‘undir. Mazkur ansamblni tashkil qiluvchi har bir imoratning go‘zallik siri ham aynan ana shunda! Tillakori masjid-madrasasidagi masjid gumbazi va uning o‘lchamlari imoratning madrasasi qismiga nisbatan assimetrik joylashgan bo‘lsa-da, ushbu me’moriy munosabat ansamblning qolgan imoratlari bilan kontrast munosabatga kirib, go‘zal yaxlitlikni shakllantirish imkonini bergan. Ushbu ansaml keyinchalik nafaqat Movarounnahrda, balki butun Markaziy Osiyo mamlakatlari shaharsozligida ham namuna tarzida xizmat qildi. Registon ansambliga o‘xshash me’moriy ansambllar keyinchalik O‘rta Sharqning boshqa shaharlari ( Hirot, Agra, Dehlida) ham shakllanadi.

Xulosa qilib aytishimiz mumkinki, Yalangto‘sh Bahodir davrida Samarqand arxitekturasi va shaharsozligidagi o‘zgarishlar bu yerdagi Amir Temur va Mirzo Ulug‘beklar davridagi rivojlanishlardan o‘zining sifat darajasi va g‘oyaviy yaxlitligi bilan hech ham kam bo‘lmadi, aksincha aynan ansamblsozlik san’ati jihatidan ulardan o‘zib ketdi va yangi g‘oyaviy yechimlar yuzaga keldi.

Adham Uralov,
me’morchilik fanlari doktori, Samarqand Davlat Arxitektura va Qurilish instituti professori

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring