Samarqandda $1 millionga radioaktiv qurilma sotmoqchi bo‘lganlar qo‘lga olindi

Samarqandda radioaktiv va zaharli qurilmalarni sotish bilan shug‘ullanib kelgan shaxslar qo‘lga olindi.
DXX Samarqand viloyati boshqarmasi hamda viloyat IIB JQB Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘limi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tadbir tafsilotlarida aytilishicha, Andijon viloyatida tug‘ilgan, muqaddam Jinoyat kodeksining bir necha moddalari bilan sudlangan M.S., andijonlik sherigi R.S. hamda Samarqand shahrida yashovchi fuqaro J.O. o‘zaro til biriktirgan holda jinoiy guruh tuzib, mo‘may daromad topishni rejalashtirgan.
Shunday qilib, R.S. jinoiy sherigi M.S.ning taklifiga ko‘ra, Andijon viloyatidagi tanishidan go‘yoki harbiy maqsadda foydalaniladigan radioaktiv va zaharli qurilmalarni Samarqand shahriga olib kelib, ishonchli xaridor topilguniga qadar Samarqand shahridagi mehmonxonalardan birida yashab kelgan.
Keyinchalik, M.S. Samarqand shahridagi tanishi J.O. orqali mazkur moslamalarni umumiy hisobda 1 million AQSh dollari evaziga mahalliy fuqaroga sotishga kelishib, oldindan 200 000 AQSh dollari so‘ragan. Bu shaxslar ichida 1 kg simob moddasi bo‘lgan qo‘lbola usuldagi qurilmani 200 000 AQSh dollari evaziga mahalliy fuqaroga sotayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Holat yuzasidan tergovga qadar surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter