Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Samsung rahbari yana qamaldi

Samsung rahbari yana qamaldi

Foto: «AP Photo / Ahn Young-joon»

Samsung Electronics vitse-prezidenti va Samsung Group asosiy merosxo‘ri, amalda konglomerat boshqaruvchisi Li Chje Yon pora uchun ikki yil olti oylik qamoq jazosiga hukm etildi. Bu haqda sud qaroriga tayanib Ryonxap agentligi xabar berdi.

Seul Oliy sudi Samsung merosxo‘rini konglomeratdagi hokimiyatini kuchaytirish niyatida hukumatga pora bergani uchun ikki yarim yilga ozodlikdan mahrum qildi. Li Chje Yon sud zalida hibsga olindi.

Samsung sobiq rahbari Li Gon Xi 2020-yil 25-oktyabrda Seuldagi Samsung shifoxonasida vafot etdi. Meros o‘tishi bir necha yilga cho‘zilishi mumkin. 2014-yilda Li Gon Xi yurak xurujini boshidan o‘tkazdi. Shundan so‘ng korporatsiya nazorati amalda uning o‘g‘li va Samsung Electronics guruhning sho‘’ba korxonasi vitse-prezidenti, 52 yoshli Li Chje Yonga o‘tdi.

Janubiy Koreya prokuraturasi Li Chje Yonni 2014-yilda konglomerat ustidan nazoratni qo‘lga kiritish uchun aksiyalar bilan bog‘liq noqonuniy firibgarlikda hamda korporatsiya ichida kompaniyalarning qo‘shilishida ishtirok etganlikda aybladi. Mazkur jarayonda u Samsungning bir qator sho‘ba korxonalarini birlashtirish uchun davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi evaziga mamlakat sobiq prezidenti Pak Kin Xening yaqin do‘stiga 8,9 milliard von (taxminan 8 million dollar) pora bergan.

«Sudlanuvchi sobiq prezident Pak Kin Xening talablariga bo‘ysungan va faol ravishda pora bergan, otasidan hokimiyatni olish uchun u bilvosita prezident qudratidan foydalanishdek axloqsizliklarga yo‘l qo‘ygan», — deyiladi sudda.

Park Kin Xe 2017-yilda konglomeratlar bilan aloqalar uchun impichment, poraxo‘rlik va hokimiyatni suiiste’mol qilish natijasida hokimiyatdan chetlatilgan. U va Chxve Sun Sil bir necha o‘n yillik qamoq jazosiga hukm qilindi. O‘shanda Li Chji Yon ham hibsga olinib, besh yilga ozodlikdan mahrum qilingandi. Ammo 2018-yil fevral oyida sud uning apellyasiya shikoyatini ko‘rib chiqqach, keltirilgan pora miqdorini kamaytirib, besh yillik qamoq jazosini shartli jazo bilan almashtirdi. 2019-yil avgust oyida Oliy sud Li Chje Yon tomonidan berilgan pora miqdorini tikladi va ishni yana ko‘rib chiqishga qaytarib berdi. Amaldagi sud ishlarida Seul Oliy sudi taxminan 8,7 milliard von miqdoridagi porani tan olgan.

2020-yil oktyabr oyida Janubiy Koreya Respublikasi Oliy sudi mamlakat sobiq prezidenti Li Myon Bakga nisbatan chiqarilgan hukmni o‘z kuchida qoldirib, sobiq davlat rahbari pora olish va pullarni o‘zlashtirishda ayblanib 17 yil qamoq jazosiga hukm qilingani to‘g‘risida xabar bergandik.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring