Sanepidqo‘mita: Nipax virusi O‘zbekistonda qayd etilmagan
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) Nipax virusining global miqyosda tarqalish xavfini past deb baholamoqda. Tashkilot tomonidan infeksiya xavfi yuqori bo‘lgan mamlakatlar ro‘yxati doimiy ravishda qayta ko‘rib chiqilib, yangilanib bormoqda.
O‘zbekiston sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi mutaxassislari Hindistonda Nipax virusi tarqalishi bilan bog‘liq vaziyatni doimiy kuzatib bormoqda. Profilaktika maqsadida mamlakatimiz chegaralaridagi barcha o‘tkazish punktlarida sanitariya-karantin nazorati kuchaytirilgan. Ayniqsa, kasallik holatlari qayd etilgan Hindiston va boshqa Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlaridan kelayotgan fuqarolarga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Qayd etilishicha, O‘zbekistondagi tibbiyot muassasalari, shoshilinch tibbiy yordam brigadalari hamda yuqumli kasalliklar shifoxonalari chetdan kirib kelish ehtimoli bo‘lgan har qanday infeksiyalarga qarshi shay holatda turibdi. Dori-darmonlar, shaxsiy himoya vositalari va dezinfeksiyalash moddalarining zarur zaxirasi shakllantirilgan.
Mutaxassislar infeksiya xavfi yuqori bo‘lgan davlatlarga sayohat qilishni rejalashtirayotgan fuqarolarni quyidagi tavsiyalarga qat’iy amal qilishga chaqiradi:
- shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilish;
- mevalarni iste’mol qilishdan oldin yaxshilab yuvish;
- tayyorlanishi noma’lum bo‘lgan ochiq ichimliklarni sotib olmaslik;
- yangi siqilgan xurmo sharbatini qaynatib iste’mol qilish;
- ko‘rshapalaklar tishlagan yoki tirnagan mevalarni yeb qo‘ymaslik.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi alohida ta’kidlashicha, Nipax virusi O‘zbekiston hududida qayd etilmagan. Ayni paytda mamlakatda epidemiologik vaziyat barqaror hisoblanadi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter