«Sardoba voqeasi»: Mirzaobodning sobiq hokimi jinoiy javobgarlikka tortilgan
Joriy yilning 17-oktyabrida JIB Xovos tumani sudida 2020-2023 yillarda Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumanida hokim vazifasida ishlagan Jonibek Yariyevning jinoiy ishi kassatsiya tartibida ko‘rib chiqildi.
Sud tergovida ma’lum qilinishicha, J.Yariyev muqaddam jinoyat ishlari bo‘yicha Oqoltin tuman sudining 2024-yil 16-avgustdagi hukmiga ko‘ra, JKning 167-moddasi 3-qismi «a» bandi va 209-moddasi 2-qismi «a» bandi bilan 1 yil 6 oy mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilinib, ish haqining yigirma foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2 yil 6 oy axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Xovos tuman sudining 2025 yil 28 iyul kungi hukmiga ko‘ra esa J.Yariyevga JK 205-moddasi 2-qismi «a» bandi hamda 209-moddasi 2-qismi «a» bandi bilan uzil-kesil 2 yil davlat ishtirokidagi korxona, tashkilot, muassasalarda mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarini egallash huquqidan mahrum qilish, ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2 yil 6 oy axloq tuzatish ishlari jazosi va BHMning 105 baravari miqdorida 28 mln 350 ming so‘m jarima jazosi tayinlangan.
Sudning hukmiga ko‘ra, sudlanuvchi tuman hokimi lavozimida ishlab kelib, mansab vakolatini suiiste’mol qilgan holda Prezidentning 2020 yil 1 maydagi «Sirdaryo viloyatida joylashgan «Sardoba suv ombori» to‘g‘onida yuzaga kelgan favqulodda hodisa oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi F-5569-sonli Farmoyishi hamda Hukumating 2020 yil 19 maydagi «Sirdaryo viloyatidagi Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlarida aholi uy-joylarini qurish va ta’mirlash, ijtimoiy, ishlab chiqarish infratuzilmalari bilan ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 294-sonli qarori talablariga zid ravishda «Sardoba suv ombori» to‘g‘onidan suv toshishi natijasida jabr ko‘rgan oilalar uchun 2020 yil davomida qurilgan ko‘p qavatli uy-joylarni topshirishda qonunbuzarlikka yo‘l qo‘ygan va davlat va jamiyat manfaatlariga juda ko‘p miqdorda zarar yetkazgan.
Jumladan, suv toshqini ro‘y bergan vaqtda tumandagi «Navbahor» mahallasi Baxmal ko‘chasida yashagan Sh.Q.ga zarar ko‘rgan xonadoni uchun bolalar bog‘chasidan turar-joy ajratilgan bo‘lsa-da, unga asossiz ravishda, uy-joyga egalik qilish huquqini beruvchi davlat orderi va Xalq deputatlari Mirzaobod tuman Kengashining qarorisiz, Mirzaobod tumani hududidagi «Yangi O‘zbekiston» massivida hodisa oqibatida uy-joyi buzilgan yoki yashab bo‘lmaydigan holatga kelgan oilalar uchun 2020-2021 yillar davomida qurilgan qiymati 375,6 mln so‘mni tashkil qilgan xonadonlardan birini berib yuborgan.
Bundan tashqari, u jinoiy harakatlarini davom ettirib, Sardoba tumani «Yurtdosh» mahallasida yashagan N.A.ga, Mirzaobod tumani «Navbahor» mahallasida yashagan G.I.ga va Mirzaobod tumani «Haqiqat» mahallasida yashagan H.X.larga ham yuqoridagi kabi yangi qurilgan uylardan ajratib bergan.
Shu bilan birga, u xalq deputatlari Kengashining rahbari sifatida uy-joy taqsimlashda buzilgan yoki yashab bo‘lmaydigan holatga kelib qolgan uy-joyda ikki va undan ortiq oila yashaganligidan qat’iy nazar, har bir uy-joy kadastriga muvofiq bitta uy-joy berilishini nazarda tutuvchi tartibni qasddan buzib, ayrim oilalarga ikki-uchtadan yangi qurilgan uylardan ajratib bergan.
Qisqa qilib aytganda, sud hukmiga ko‘ra, J.Yariyev suv omboridagi texnogen ofat natijasida moddiy zarar ko‘rgan fuqarolarga ajratilgan uy-joylardan xalq deputatlari Mirzaobod tumani kengashi qarorlari asosida 13 nafar fuqaroga hamda Sardoba tumanidan 1 nafar fuqaroga asossiz bergan.
J.Yariyev va uning advokati kassatsiya shikoyatida, birinchi instansiya sudi tomonidan guvohlarning ko‘rsatuvlari inobatga olinmaganligi, uy-joylarni hodisa oqibatlarini bartaf etish bo‘yicha tuzilgan Respublika Ishchi guruhi va Majlis bayonlari hamda tuman halq deputatlari kengashlarining qarorlari asosida ajratish haqidagi orderlarga imzo qo‘yganligi, biroq birinchi instansiya sudi tomonidan ushbu holatlarga e’tibor qaratmaganligi haqida vajlarni keltirgan.
Kassatsiya tartibidagi sud sudlanuvchini 2020-2021 yillar davomida qurilgan har bir xonadoning qiymati 375,6 mln. so‘mdan bo‘lgan bir necha uylarni tarqatganlikdagi jinoiy harakatlarini to‘g‘ri kvalifikatsiya qilingan deb hisobladi.
Yuqorida bayon etilganlarga ko‘ra, kassatsiya instansiyasi sudlov hay’ati, keltirilgan shikoyatni qanoatlantirmasdan qoldirishni va sud hukmi o‘zgarishsiz qoldirishni lozim deb topgan.
Eslatib o‘tamiz, 2020-yilning 20-noyabrida xalq deputatlari Mirzaobod tumani kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tgan va unda Jonibek Yariyev tuman hokimi lavozimini egallagandi.
2023-yilning 31-oktyabridan esa tumanni Sarvar Sultonov boshqargan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter