Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Saudiya kompaniyasi Sirdaryodan Baxtgacha bo‘lgan aylanma yo‘lni qurmoqchi

Saudiya kompaniyasi Sirdaryodan Baxtgacha bo‘lgan aylanma yo‘lni qurmoqchi

Avtomobil yo‘llari qo‘mitasida Saudiya Arabistonining «AL BAWANI» yirik qurilish kompaniyasi hamda «SAJCO» kompaniyasi rahbarlaridan iborat delegatsiya a’zolari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv avvalida O‘zbekiston bilan hamkorlik qilish istagida bo‘lgan xorijiy kompaniya vakillari o‘z faoliyat yo‘nalishi haqidagi ma’lumotlarni taqdim etdi.

Kompaniya vakillarining qayd etishicha, yo‘l qurilishi sohasida faoliyat olib boruvchi har ikkala kompaniya moliya, yo‘l qurilishini loyihalashtirish, asbob-uskunalar ishlab chiqarish, suv to‘g‘onlari, kasalxona va aeroport qurilishi kabi yana bir qancha yo‘nalishlar bo‘yicha yirik Xalqaro loyihalarni amalga oshirib kelishmoqda.

Avtomobil yo‘llari qo‘mitasiga tashrifning asosiy maqsadi ham «Toshkent–Termiz» yo‘nalishidagi M39 avtomobil yo‘lining umumiy uzunligi 38 km bo‘lgan «Sirdaryo–Baxt» aylanma yo‘lini qurish bo‘yicha muzokaralar olib borish bo‘lib, har ikki tomon ushbu loyihani amalga oshirish bo‘yicha o‘z taklif va fikrlarini o‘rtaga tashladilar.  

Ushbu loyihani amalga oshirish uchun mahalliy infratuzilmani o‘rganish nihoyatda muhim. Shu bois xorijiy hamkorlarga Sirdaryo viloyatiga borib, quriladigan ob’yekt bilan tanishish taklifi ilgari surildi va saudiyalik tadbirkorlar Sirdaryo viloyatiga jo‘nab ketishdi.  

Kun.uz nashrining Qo‘mita rasmiysiga tayanib ma’lum qilishicha, ushbu loyiha hali ishlab chiqilmagan, uni qaysi kompaniya amalga oshirishi ham noma’lum. Yo‘l qurilishiga yana 4-5 ta kompaniya qiziqish bildirmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring