Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sayohatga chiqqan odamga ma’lum miqdorda puli qaytarib beriladi

Sayohatga chiqqan odamga ma’lum miqdorda puli qaytarib beriladi

2022 yil 1 sentyabrdan boshlab O‘zbekiston fuqarolari (yoki mahalliy turistlar) uchun «O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!» dasturi doirasida respublika hududlari bo‘ylab ichki sayohatlarni amalga oshirish xarajatlarining bir qismini qaytarish (Cashback) tartibi joriy etiladi.

Bunday taklif Turizm va madaniy meros vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi, Moliya vazirligi hamda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligidan chiqqan.

Bu haqda 30 aprel kuni imzolangan «Ichki turizm xizmatlarini diversifikatsiya qilishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi prezident qarorida so‘z boradi.

Yangi tartibga ko‘ra sayohat xarajatlarini qaytarish uchun dastur doirasida taqdim qilinadigan chegirmalar, tayyor turistik paketlarni mustaqil shakllantirishni nazarda tutuvchi elektron platforma, shu jumladan, uning mobil ilovasi (platforma) ishga tushiriladi.

Sayohat xarajatlarini qaytarish sayohat qilish davomida bir vaqtning o‘zida quyidagilar nazarda tutilganda amalga oshiriladi:

  • avia, temir yo‘l va (yoki) avtomobil transportidan foydalanish;
  • joylashtirish vositalari xizmatlaridan foydalanish;
  • madaniyat tashkilotlariga tashrif buyurish.

Sayohat xarajatlarini qaytarish har bir mahalliy turistga quyidagi miqdorlarda amalga oshiriladi:

  • aviaqatnov orqali borib-kelish chiptasi narxining 15 foizi, lekin 150 ming so‘mdan oshmagan miqdorda;
  • temir yo‘lda yoki avtobusda borib-kelish chiptasi narxining 15 foizi, lekin 80 ming so‘mdan oshmagan miqdorda;
  • joylashtirish vositasida tunab qolish xarajatining 15 foizi, lekin 80 ming so‘mdan oshmagan miqdorda;
  • teatr, muzey, sirk va badiiy galereyalarga har bir tashrif chiptasi narxining 50 foizi, lekin 20 ming so‘mdan oshmagan miqdorda.

Sayohat xarajatlari faqatgina platforma orqali amalga oshirilgan ichki sayohatlar uchun uning yakuni bilan mahalliy turistlarning bank kartalariga qaytariladi.

Platforma Davlat soliq qo‘mitasining maxsus mobil ilovasi (SoliqUz) bilan integratsiya qilingan holda, xarajatlar haqqoniyligi mobil ilova yordamida tekshirilib, xarid chekining matritsali shtrix kodini (QR-kod) hamda mahalliy turistlarning doimiy yashash joylarini ko‘rsatish orqali sayohatlar ro‘yxatdan o‘tkaziladi.

Sayohat xarajatlarini qaytarishni moliyalashtirish uchun joriy yilda jami 30 milliard so‘m, jumladan, uning birinchi bosqichini moliyalashtirish uchun bir hafta muddatda 10 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring