Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sea Breeze Uzbekistan bizga qanchalik kerak? Uni qurish uchun uchta shart

Sea Breeze Uzbekistan bizga qanchalik kerak? Uni qurish uchun uchta shart

O‘tgan oylar, balki yilning eng ko‘p muhokama qilingan ekologik mavzusi - Sea Breeze Charvak majmuasining qurilishi bo‘ldi. Ekofaollar bunda ko‘proq xavf ko‘rayotgan bo‘lsalar, iqtisodchi mutaxassislar uning foydasi haqida gapirmoqda. Vaziyat qanday?

Hafta o‘rtasida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tashabbusi bilan O‘zbekistondagi ko‘plab OAV vakillari uchun Ozarbayjonga safar tashkil qilindi va jurnalistlar loyiha asoschisi Emin Agalarovga tegishli bo‘lgan Sea Breeze Resort majmuasi bilan tanishib qaytdilar. Safar davomida shaxsan Agalarovning o‘zi jurnalistlar bilan uchrashdi va loyiha atrofidagi savollarga javob berdi.

Xabar.uz mana shu masalalarga to‘xtalib o‘tadi.

Sea Breeze Uzbekistan kabi yirik majmuaning qurilishi, darhaqiqat, sayyohlarni jalb qilish va yurtimiz rivojiga qaratilgan ulkan loyihadir. Bunga hech qanday shubha yo‘q. Biroq, har qanday keng ko‘lamli qurilishda bo‘lgani kabi, bu yerda ham hisobga olinishi shart bo‘lgan jihatlar mavjud.

Loyihaning ijobiy tomonlari haqida ko‘p gapirish shart emas. Qurilish jarayonidayoq qancha odam ish bilan ta’minlanadi, u bitgach yana qanchasi barqaror daromad manbaiga ega bo‘ladi, Agalarov aytmasa ham tushunib turibmiz. Sea Breeze Uzbekistan tufayli ko‘pchilik ishlik bo‘lib qoladi - xizmat ko‘rsatish xodimlari, ma’muriyat, sotuvchilar, gidlar va hkz. Sayyohlar oqimi oshadi, infratuzilma yaxshilanadi, mahalliy budjet daromadlari oshadi. Muhimi, Agalarov ta’kidlab o‘tganidek: "Bularning barchasini o‘zi bilan hech qayerga olib keta olmaydi, hammasi O‘zbekistonda qoladi".

Kuni kecha Turizm qo‘mitasi tomonidan ajoyib statistika e’lon qilindi, unga ko‘ra 2025 yilning aprel-iyun oylarida O‘zbekistonga uch milliondan ortiq xorijiy sayyoh tashrif buyurgan.

E’tiborli tomoni, 2024 yilning shu davriga nisbatan xorijiy sayyohlar soni qariyb 20 foizga ko‘paygan va bu jarayon davomli bo‘lmoqda. Pandemiya tugagach har yili sayyohlar soni barqaror ravishda oshib boryapti. Ammo sohada yangilik qilib turilmas ekan, qachondir bu tendensiya to‘xtab qolishi mumkin. Shu tomonlama Sea Breeze Uzbekistan – darhaqiqat katta topilma. Boz ustiga, bir deganda 10 milliard dollar sarmoya kirita oladigan tadbirkorni topish ham oson ish emas. Agalarov esa bunga tayyor.

Ammo endi ekofaollar ko‘tarayotgan masalaga o‘tsak. Bunday katta majmua qurilishi Chorvoq ko‘li ekotizimiga ta’sir ko‘rsatishi aniq. Garchi loyiha mualliflari ta’kidlayotganidek Chorvoq qurilish va maishiy chiqindilardan maksimal muhofaza etilsa-da, tabiiy landshaftning buzilishi, daraxtlarning kesilishi - barchasi ro‘y berishi muqarar. Hatto Agalarovning o‘zi ham tan oldi, qurilish davomida qanchadir miqdorda daraxt kesiladi, ammo o‘rni o‘n barobar ko‘proq qilib to‘ldiriladi.

- Siz ko‘rib turgan mana shu Sea Breeze Resort majmuasidagi daraxt, buta va gullarning 90 foizi ilgari bu yerlarda o‘smas edi. Ekologlarimizning katta mehnati evaziga ilgari bo‘lmagan florani o‘stirishga muvaffaq bo‘ldik. Chorvoqda ham shunaqa qilmoqchimiz, u yerga turli daraxt, gul va butalarni olib boramiz, – dedi tadbirkor.

Emin Agalarovning aytishicha, Sea Breeze Resort’ni ko‘kalamzorlashtirish uchun o‘tgan yilning o‘zida 35 million dollar mablag‘ sarflangan. Chorvoqda ham yashillikka kiritiladigan sarmoya bundan kam bo‘lmaydi.

Albatta hammani qiziqtirgan yana bir masala – kanalizatsiya tizimi bo‘lib turibdi. Boisi Chorvoqda markazlashgan kanalizatsiya tizimi yo‘q va bu qadar katta majmuaning ishga tushishi suv zaxirasiga xavf soladi.

Agalarovning ta’kidlashicha, loyiha qurilishi boshlangan taqdirda hukumat Chorvoq hududida kanalizatsiya tizimini qurib, ishga tushirishga tayyor. "Hozir u yerda faoliyat olib borayotgan dam olish ob’yektlarining birortasi markaziy kanalizatsiya tizimi bilan ta’minlanmagan. Barchasi lokal kanalizatsiyaga ega va bu ekologiyaga salbiy ta’sir o‘tkazadi. Biz qurilishni boshlasak, kanalizatsiya tizimi ham bo‘ladi, natijada Chorvoq hozirgidan ancha toza bo‘ladi", – dedi Agalarov.

Tadbirkor shu o‘rinda Sea Breeze Resort joylashgan Kaspiy dengizini misol qilib keltirdi. Uning aytishicha, majmua qurilganga qadar yon-atrofdagi aholi yashash maskanlarining kanalizatsiya tizimi Kaspiyga qaratilgan edi. Natijada yoz oylariga kelib, qirg‘oq bo‘ylaridan badbo‘y hid chiqqan. Sea Breeze Resort ishga tushishi natijasida Ozarbayjon hukumati kanalizatsiya tizimini qurishga qaror qilgan. Natijada Kaspiy suvi ham tozalandi. "Hozir Sea Breeze Resort joylashgan qirg‘oq atrofi Kaspiyning eng toza qismi hisoblanadi. Favqulodda vaziyatlar vazirligi har yili vaziyatni monitoring qilib boradi", - dedi Agalarov. Uning aytishicha, O‘zbekistonda ham xuddi shunday tizimda ish olib boriladi.

Albatta bularning barchasi yaxshi, ammo ba’zi savollar borki, yana o‘ylab ko‘rishga to‘g‘ri keladi. Misol uchun, qurilish davomida yuzaga keladigan chiqindilar qayerga tashlanadi? Chorvoq atrofida umuman chiqindi poligoni yo‘q, uzoqqa eltish uchun esa bittagina yo‘l mavjud va u ham torlik qiladi. O‘zi shundoq ham tog‘ yo‘li mudom tirbandlikda. 

To‘g‘ri, Chorvoq tomon yana bir yo‘l qurilishi olib borilmoqda, ammo bu o‘rinda gap minglab tonna chiqindini yuzlab kilometr masofaga tashish haqida ketmoqda. Boz ustiga og‘ir yuk mashinalari qishning qahratoni va yozning jaziramasida yangiyu eski yo‘llarni dabdalasini chiqarib tashlamaydimi?

- Men 10 milliard dollar pul sarflab ob’yekt quradigan bo‘lsam, avvalo foyda olish haqida o‘ylayman. Agar Sea Breeze atrofida chiqindilar yoyilib yotadigan bo‘lsa, men qurgan uyni hech kim sotib olmaydi va u yerga dam olish uchun hech kim kelmaydi. Shuning uchun Chorvoq toza va so‘lim bo‘lib qolishidan eng ko‘p manfaatdor odam men bo‘laman. Biz bu masalani albatta hal qilamiz, – dedi Agalarov.

Tadbirkor jurnalistlar bilan muloqotda inkor etish qiyin bo‘lgan bir faktni keltirib o‘tdi. Uning ta’kidlashicha, Chorvoqda u qurmaydigan bo‘lsa, boshqalar albatta uy-joy, dam olish ob’yektlari qurishadi. Faqat ularda bunday markazlashgan, aniq-tiniq o‘ylangan loyiha bo‘lmaydi, balki pala-partish, hamma o‘zi istagandek qurib tashlaydi. "Chorvoqda baribir qurilish bo‘ladi, bu zamon talabi. Faqat bu qurilish qay tahlit o‘tkaziladi, shuni o‘ylash kerak", dedi tadbirkor.

Uning iddaosini rad etish uchun asosli sabab topa olmadik.

Bir so‘z bilan aytganda, haqiqatan ham Sea Breeze Uzbekistan kabi loyiha bizga juda kerak. Faqat uni qurishdan avval bir necha shartlarni albatta amalga oshirish lozim.

Birinchidan, eng avvalo, qurilish loyihasini xalqaro ekspertlar mustaqil tarzda ko‘rib chiqishlari kerak. Yakuniy xulosa ham ular tomonidan berilishi shart. Bunga na hukumat aralashsin va na tadbirkor. Xalqaro ekspertlar nima desa, shu bo‘lsin.

Ikkinchidan, boringki maqsad markazlashgan loyihani amalga oshirish orqali Chorvoqni turli pala-partish qurilishlardan asrash bo‘larkan, hududda boshqa qurilishlarga nisbatan moratoriy e’lon qilinsin. Bizda yaxshimi yoki yomon bir odat bor, qaysidir biznes muvaffaqiyatli bo‘lsa, boshqalar ham o‘sha ishni albatta qilib ko‘rgisi keladi. Ammo Chorvoq rezinadan emas va u cho‘zila olmaydi. Tabiatni asrash shart va bu quruq gap emas.

Uchinchidan esa, shu eng muhimi ham bo‘lsa kerak, tadbirkor qurilishni oxirigacha, loyihada ko‘rsatilgandek qilib qura olishini kafolatlasin. Bilmadim bu qanday bo‘ladi, balki qurilish bosqichma bosqich amalga oshirilar (bir qismi tugamaguncha boshqasini boshlamay turish), yoki yetarli sarmoya avval depozitga qo‘yilib, keyin ish boshlanar (juda qiyindir), nima bo‘lgan taqdirda ham loyiha boshlandimi, oxiriga yetkazilishi shart. Chunki aro yo‘lda qolib ketadigan bo‘lsa, masalan Senegalda bo‘lgani singari, tabiatga eng katta xavf o‘sha bo‘ladi. Qurilish maydonidan chang va boshqa zarralar ko‘tarilib, suvga tushadi. Bu suvni esa biz ichamiz.

Umid qilamanki, aynan shu masalada avval yetti o‘lchab, keyin bir kesamiz...

Zafar QOSIMOV

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring