Sentob – 2023 yilning eng yaxshi turizm qishlog‘i
Samarqandda UNWTO Bosh Assambleyasining 25-sessiyasi doirasida «Best Tourism Villages 2023 Awards» (2023 yilning eng yaxshi turizm qishlog‘i) nominatsiyasi bo‘yicha taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda Navoiy viloyatining Sentob qishlog‘i g‘olib bo‘ldi.
«O‘zbekiston Prezidentining turizm sektori va, eng avvalo, aholi turmush farovonligiga bo‘lgan e’tibori va tashabbuslari natijasida bugun yurtimiz qishloqlarini butun dunyo tan olmoqda. Navoiy viloyatidagi Sentob qishlog‘ining «Eng yaxshi turizm qishlog‘i» nominatsiyasidagi g‘olibligi, shubhasiz, mana shu islohotlar samarasidir!», — dedi UNWTO Bosh Assambleyasini Samarqand shahrida o‘tkazish bo‘yicha O‘zbekiston hukumati Tashkiliy qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Aziz Abduhakimov.
UNWTO Bosh kotibi Zurab Pololikashvili esa turizm qishloqlarining ahamiyatini alohida ta’kidladi.
«Eng yaxshi turizm qishloqlari» nominatsiyasi qishloqlardagi hayotni yanada yaxshilash borasidagi ishlarimizning debochasi, xolos, — dedi marosimda nutq so‘zlagan UNWTO Bosh kotibi Zurab Pololikashvili. — Biz turizmni qishloq hayoti taraqqiyotining drayveriga aylantirishni maqsad qilganmiz».
Ma’lumot uchun, «Sentob»ga 2023 yilning 17 mart kuni rasman turizm qishlog‘i maqomi berilgan. Qishloqda muntazam ravishda Angliya, Fransiya, Avstriya, Germaniya, Italiya, Rossiya va boshqa davlatlardan xorijiy sayyohlar oqimi kuzatilmoqda.
Ta’kidlash joizki, eng yaxshi turizm qishlog‘i bo‘lish uchun nomzodlar ro‘yxatiga O‘zbekistonning jami 5 ta manzili — Samarqand viloyatidagi Konigil, Navoiy viloyatidagi Sentob, Surxondaryo viloyatidagi Sangardak, Jizzax viloyatidagi Uxum va Farg‘ona viloyatidagi Avval turizm qishloqlari kiritilgandi.
«Best Tourism Villages 2023 Awards» nominatsiyasi UNWTO tomonidan 2021 yilda ta’sis etilgan. Asosiy maqsad nafaqat rivojlangan hududlarga, balki o‘z qadriyatlarini saqlagan va an’analarini targ‘ib qilayotgan qishloqlarga ham sayyohlar e’tiborini jalb qilishdir.
Marosim bu yil uchinchi bor o‘tkazildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter