«Sevimli» telekanalining Islom sivilizatsiyasi markaziga tuhfasi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi va g‘oyasi asosida bunyod etilayotgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi qurilishi ishlari yakuniy bosqichda amalga oshirilyapti. Ayni vaqtda markaz binosida qurilish va pardoz ishlari deyarli yakunlangan bo‘lib, ekspozitsiya va kontent bilan to‘ldirish ishlari qizg‘in davom etmoqda.
Hozirda mamlakatimiz va xorijdan jalb etilgan 2000 ga yaqin olimlar, mutaxassislar, dizaynerlar, hunarmandlar va arxitektorlar 800 dan ziyod loyiha ustida faol ish olib borishmoqda.
Bu boradagi ishlarda muhim hamkorlik tashabbusi xususida ham alohida to‘xtalish joiz. Ma’lumki, Markaz muzeyi va kutubxonasini kontent bilan to‘ldirishda ko‘plab vazirliklar va idoralar ishtirok etmoqda. O‘zbekistondagi eng ommaviy telemedia platformalardan biri — «Sevimli» telekanali ham Prezident tashabbusini qo‘llab-quvvatlash maqsadida yurtimizdagi eng mashhur va nodir tarixiy obidalar maketlarini tayyorlash ishlarini amalga oshirmoqda.
Telekanal tashabbusi bilan 25 ta eng muhim tarixiy obida maketlari Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyiga beg‘araz hadya sifatida taqdim etilishi rejalashtirilgan.
– Prezidentimizning g‘oyasi asosida bunyod etilayotgan ushbu markaz kontentini boyitish uchun tarixiy obidalar maketini yaratish bilan o‘z hissamizni qo‘shishni maqsad qildik. Maketlar ustida ish joriy yil aprel oyida boshlangan. Har bir maketni yaratish jarayonida tarixiy asoslar, bezaklar, me’moriy uslublar batafsil o‘rganilayotgani, olimlar bilan hamkorlikda ish olib borilayotgani ishimizga jiddiy yondashuvdan dalolat beradi. Ayni paytda 4 ta maket to‘liq tayyor. Bular Surxondaryodagi Fayoztepa, Sopollitepa tarixiy obidalari, Buxorodagi Somoniylar maqbarasi, Misrdagi buyuk allomamiz Ahmad Farg‘oniy tomonidan bunyod etilgan Nilometr maketlaridir. Maketlar katta mas’uliyat bilan tayyorlanmoqda. Har bir ob’yekt muhokamalar va ilmiy xulosalar asosida yaratilyapti. Ayrimlari yakunlangan, qolganlari ishlab chiqarish bosqichida. Biz Prezidentimizning bu buyuk g‘oyalarini hayotga tatbiq etishda ishtirok etishdan g‘oyatda mamnunmiz, –deydi «Sevimli» telekanali direktori Jaloliddin Safoyev.
Maketlar «Sevimli» telekanali buyurtmasiga asosan «Artefakt» tashkilot tomonidan yaratilayotgan bo‘lib, bu jarayonga 15 dan ortiq mutaxassislar — texnik xodimlar, modellashtirish bo‘yicha dizaynerlar jalb etilgan.
Ma’lumot uchun:
Islom sivilizatsiyasi markazi nafaqat O‘zbekiston, balki butun musulmon olamidagi eng yirik ilmiy-ma’rifiy majmualardan biriga aylanishi kutilmoqda. Unda islom ilm-fani, ma’naviyati va uning dunyo sivilizatsiyasiga qo‘shgan ulkan hissasi zamonaviy vizual, interaktiv va ilmiy vositalar orqali namoyon etiladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter