Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezident Tbilisida Gruziya rahbari bilan muzokaralar o‘tkazdi: tafsilotlar

Prezident Tbilisida Gruziya rahbari bilan muzokaralar o‘tkazdi: tafsilotlar

Foto: Prezident matbuot xizmati

Gruziyaga davlat tashrifi doirasida Tbilisi shahridagi Orbeliani saroyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Gruziya Prezidenti Mixail Kavelashvilining muzokaralari bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston – Gruziya ko‘p qirrali munosabatlarini yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Davlatimiz rahbari Gruziya Prezidentiga samimiy mehmondo‘stlik uchun minnatdorlik bildirib, ushbu mamlakatga davlat tashrifi so‘nggi 23 yilda ilk bor amalga oshirilayotganini alohida ta’kidladi.

Parlamentlar, hukumatlar va ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi aloqalar faollashgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, tovar ayirboshlash hajmi 270 million dollarga yetdi, qo‘shma loyiha va korxonalar soni ortib bormoqda. Mamlakatimizda Gruziyaning birinchi raqamli banki – TBC muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Toshkent bilan Tbilisi va Batumi shaharlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar amalga oshirilmoqda. Joriy yilning mart oyida O‘zbekiston poytaxtida Gruziya madaniyati kunlari muvaffaqiyatli o‘tkazildi.

O‘zaro savdo hajmini, jumladan, Poti va Batumi portlari salohiyatidan samarali foydalanish orqali yanada oshirish masalalariga ustuvor e’tibor qaratildi.

Farmatsevtika, kimyo sanoati, qishloq xo‘jaligi, transport, energetika, raqamli texnologiyalar va turizm sohalarida kooperatsiyani rivojlantirish uchun imkoniyatlar mavjudligi ko‘rsatib o‘tildi.

Ishbilarmonlik, turistik va gumanitar almashinuvlarni yo‘lga qo‘yish uchun hududlar o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish muhimligi ta’kidlandi.

Uchrashuv yakunida Shavkat Mirziyoyev Mixail Kavelashvilini mamlakatimizga tashrif bilan kelishga taklif etdi.

Tbilisi shahridagi tadbirlar doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni Gruziyaning oliy davlat mukofoti – “Oltin mo‘yna” ordeni bilan taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston – Gruziya ko‘p qirrali munosabatlarini rivojlantirishga qo‘shgan ulkan hissasi uchun davlatimiz rahbariga ushbu mukofotni Gruziya Prezidenti Mixail Kavelashvili topshirdi.

O‘zbekiston yetakchisi Gruziya Prezidenti Mixail Kavelashvili, Bosh vaziri Irakliy Kobaxidze hamda Parlament Raisi Shalva Papuashviliga yuksak mukofot uchun minnatdorlik bildirib, do‘st Gruziya xalqiga tinchlik, farovonlik va ravnaq tiladi.

1998 yilda ta’sis etilgan “Oltin mo‘yna” ordeni mamlakatning oliy davlat mukofotlaridan biri bo‘lib, xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan aloqalarni mustahkamlash hamda gruzin madaniyati, ilm-fani va san’atini targ‘ib etish borasidagi alohida xizmatlar uchun beriladi.

Ordenning nomi Oltin mo‘yna haqidagi qadimgi yunon afsonasi hamda hozirgi Gruziya hududida joylashgan tarixiy o‘lka – Kolxida bilan bog‘liq.

Turli yillarda mazkur yuksak mukofot bilan Buyuk Britaniya Qirolichasi Yelizaveta II, Iordaniya Podshohi Abdulla II, Germaniya Kansleri Gerxard Shryoder, Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an, Ozarbayjon Prezidenti Haydar Aliyev va boshqalar taqdirlangan.

Shuningdek, davlatimiz rahbari Orbeliani saroyining Faxriy mehmonlar kitobiga samimiy tilaklarini yozib qoldirdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring