Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shaharni qoplagan changsimon tutun bizniki emas — «Navoiyazot»

Shaharni qoplagan changsimon tutun bizniki emas — «Navoiyazot»

Videodan skrinshot

Bugun, 19-iyul tongida Navoiy shahri hududini changsimon tutun qopladi. Aytilishicha, joriy yilning 13-iyulida ham xuddi shunday holat kuzatilgandi. Aholi orasida bu «Navoiyazot» faoliyati bilan bog‘liq degan gaplar tarqaldi.

«Navoiyazot» AJ ayni holat yuzasidan bildirgan rasmiy munosabatda gap-so‘zlar asossizligi va buning uchun isbot yo‘qligi ta’kidlanadi.

«Navoiyazot» AJ rasmiy munosabatida shunday deyiladi:

«Korxona tomonidan atmosferani ifloslantiruvchi tashlamalar miqdorining me’yoridan oshmasligini nazorat qilish maqsadida 3, 23, 25-sexlarga 3 dona avtomatik gazoanalizator, jamiyatga qarashli sanatoriy-profilaktoriy hamda boshqarma hududiga 2 dona statsionar postlar o‘rnatildi va bunga «Navoiyzot» AJning o‘z mablag‘lari hisobidan 6 milliard 186 million so‘m mablag‘ sarflandi. Shuningdek, atmosferaga manbalardan tashlanuvchi tashlamalarni tutib qolish maqsadida 3-sex donadorlash minorasiga 1 dona skrubber, 23-sex donadorlash minorasiga 4 dona skrubber o‘rnatildi.

Korxona hududi va atrofini nazorat qilish maqsadida 500 tadan ortiq zamonaviy kuzatuv kamerasi o‘rnatilgan. Yer sathidan 120 metr balandlikdagi 10-15 km masofadagi jarayonni yaqqol ko‘rish imkoniyatini beruvchi kamera tasvirlaridan ko‘rish mumkinki, bugun va 13-iyul sanasida atmosferaning ifloslanishiga sabab bo‘lgan holat korxonaga taalluqli emas.

G‘arbiy hududdan (Navoiy xalqaro aeroporti tomondan) havoga ko‘tarilgan changsimon tutun shamol yo‘nalishi bo‘ylab korxona usti va atrofidan o‘tib keyin butun shaharga tarqalgan.

Tasvirlarda jarayon to‘liq aks etgan («Navoiyazot» AJ kuzatuv kameralarida yozilgan tasvirlarni o‘z telegram-kanaliga joyladi)».

«Shundan kelib chiqib, fuqarolardan atrof-muhitning ifloslanishida korxonani ayblab, uning nufuziga salbiy ta’sir etadigan va asoslanmagan ayblovlarni qo‘ymasliklarini so‘rab qolamiz», — deyiladi rasmiy munosabatda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring