Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shavkat Mirziyoyev kartoshkachilik bo‘yicha qator topshiriqlar berdi

Shavkat Mirziyoyev kartoshkachilik bo‘yicha qator topshiriqlar berdi

Foto: Prezident matbuot xizmati.

Prezident Shavkat Mirziyoyev kartoshkachilikni rivojlantirishga qaratilgan reja va takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Bugungi kunda mamlakatimizda kartoshkaga bo‘lgan talab qariyb 4 million tonnani tashkil etadi. Shuning 80 foizdan ziyodi yurtimizda yetishtirilib, qolgan qismi import hisobidan to‘ldirilmoqda.

Sababi – sohada bir qancha muammolar bor. Masalan, bugungi kunda 253 ming gektarda kartoshka ekilayotgan bo‘lsa, o‘rtacha hosildorlik 163 sentnerni tashkil etmoqda. Chet ellardagiga qaraganda bu juda past ko‘rsatkich.

Yana bir katta muammo urug‘chilik bilan bog‘liq. Aholi va dehqonchilik xo‘jaliklari elita va R1 urug‘lik o‘rniga import qilingan yoki mahalliy sifatsiz kartoshka ekmoqda. Yuqori hosilli urug‘lik kartoshka yetishtirish uchun ekin yerlari va issiqxonalar, ularni saqlash uchun omborxonalar yetarli emas. Hosildorlikning kamayishiga sabab bo‘luvchi virus va bakteriyali kasalliklarni tekshiradigan laboratoriyalar yo‘q.

Yig‘ilishda ushbu dolzarb masalalarni hal etish, kartoshkachilik va uning urug‘chiligini rivojlantirish bo‘yicha takliflar muhokama qilindi.

Bugungi kunda milliy genofondda 250 xil kartoshka navi mavjud bo‘lib, 4 ta korxona va ilmiy-tadqiqot institutlari tomonidan 27 ta navdan milliy urug‘ yaratish bo‘yicha ishlar boshlangan.

Ulardan biri Samarqanddagi O‘zbekiston – Koreya qo‘shma korxonasidir. Uning imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida birinchi bosqichda Bulung‘ur, Toyloq va Samarqand tumanlaridan 500 gektar, ikkinchi bosqichda Toshkent viloyatining Bo‘stonliq, Jizzax viloyatining Baxmal va Zomin, Qashqadaryo viloyatining Kitob va Shahrisabz tumanlaridan 2 ming gektar yer ajratish mo‘ljallanmoqda.

Urug‘chilikni rivojlantirish uchun Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot institutida 4 gektarlik, Samarqanddagi «Green Korea agro Invest» korxonasida 1 gektarlik issiqxona va sovutgichli omborxonalar qurish rejalashtirilgan. Bu loyihalar Jahon banki mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi va “in vitro” usulida kartoshka urug‘ini yetishtirishning to‘liq sikli yo‘lga qo‘yiladi.

Shuningdek, Toshkent davlat agrar universitetining Samarqand filialida «ilm – ta’lim – ishlab chiqarish» tamoyili bo‘yicha Kartoshka urug‘chiligi markazi tashkil etiladi. Kartoshkaning yashirin virus kasalliklari va sifat ko‘rsatkichlarini aniqlash bo‘yicha 4 million dollarlik laboratoriya ishga tushiriladi.

Shu kabi chora-tadbirlarni amalga oshirish natijasida 2025-yildan kartoshka urug‘chiligiga bo‘lgan ichki talab to‘liq ta’minlanishi qayd etildi.

Davlatimiz rahbari bu takliflarni ma’qullab, urug‘lik kartoshka yetishtirish hajmini oshirish va sifatini kafolatlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligiga 500 tonna elita kartoshka urug‘larini 1 ming 700 ta aholi tomorqalariga bepul tarqatish, kartoshka yetishtiruvchilarga imtiyozli mablag‘lar ajratish vazifasi qo‘yildi.

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring